Bosh miya atrofiyasi nima? haqida malumot

Bosh miya atrofiyasi nima? haqida malumot

— MRT tekshiruvida “Bosh miya atrofiyasi” degan xulosalarni o‘qib ba’zi bemorlar xavotirga tushib yurishadi. Xo‘sh atrofiyaning o‘zi nima?  Undan bemorlar nega xavotirga tushishadi.

“Atrofiya” degani – to‘qima yoki xujayraning kichrayishi, yemirilishi va yo‘qolishi, degan ma’noni anglatadi. Bu jarayon miya xujayralarida kechsa, miya atrofiyasi haqida so‘z boradi.

atrofiya

Yosh o‘tgan sayin miya xujayralarining atrofiyaga uchrashi – bu tabiiy xol. Bosh miyaning ustki qatlami, ya’ni po‘stloq qavatining o‘zida 14 mlrd. xujayra bor. Ko‘p xujayralar atrofiyaga uchrab yo‘qolib boradi. Shu bois katta yoshdagilar miyasi yoshlarnikiga qaraganda kichikroq bo‘ladi.

Demak, bundan xavotirga tushishning keragi yo‘q. Boz ustiga atrofiyaga uchragan ba’zi xujayralarning vazifasini boshqa hujayralar bajara boshlaydi. Ba’zi bemorlar boshi og‘riyverganidan so‘ng MRT tekshiruviga boradi. Undagi “atrofiya” so‘zini o‘qib bosh og‘riqni u bilan bog‘lashadi. Atrofiya bilan bosh og‘riq orasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q. Bosh og‘riqning sababini boshqa narsa bilan bog‘lash kerak.

Agar 50 yoshdan oshganlarda miya xujayralari atrofiyasi xotira pasayishi bilan namoyon bo‘lsa va bu jarayon kuchayib borsa, bemorga neyropsixologik tekshiruvlar o‘tkazish lozim bo‘ladi. Katta yoshdagilarda asosan Alsxaymer kasalligi, miya tomirlari aterosklerozi va gipertoniya kasalligi miya xujayralari atrofiyasi sababchisi bo‘ladi. Kichik yoshdagilarda esa bosh miya jaroxatlari, ba’zi nasliy kasalliklar, oligofreniya, giyohvand moddalar va ichkilikka berilish kabi holatlar miya xujayralari atrofiyasiga sababchi bo‘ladi.

Hurmatli bemorlar! KT yoki MRT tekshiruvida miya to‘qimasi atrofiyasi aniqlansa, nevropatolog xulosasini kutmasdan o‘zingiz xulosa chiqarmang. Agar atrofiya xotira buzilishlari bilan namoyon bo‘lsa, malakali neyropsixologga uchrang.

Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

© Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor.
«Asab va ruhiyat» kitobi.
Asab.uz

Kasalliklar
Bosh miya atrofiyasi nima?