Bosh aylanishi qanday kasalliklardan darak beradi?

Bosh aylanishi qanday kasalliklardan darak beradi?

Ba`zan inson turgan joyida qalqib ketib, atrofdagi buyumlar o`zi bilan birga harakatlanganday, chirpirak bo`lib aylanganday tuyuladi. Bunday holatlarda, bosh aylanishidan ko`pchilik bemorlar shikoyat qiladi. Ayniqsa, bu holat katta yoshli insonlarda ko`p uchraydi. Bosh aylanishi nimadan darak berishi xususidagi SSV Matbuot xizmati savollariga tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidova javob beradi.

— Bosh aylanishi kimlarda ko`proq kuzatiladi? Odatda bunga nima sabab bo`ladi?  

— Bosh aylanishi har qanday yoshdagi kishida kuzatilishi mumkin, ammo keksalarda tez-tez uchraydi — 70 yoshdan oshgan odamlarning 20 foizigacha bo`lgan qismi bu muammoga duch kelishadi. Katta yoshlilar o`rtasida ayollar erkaklarga nisbatan ko`proq aziyat chekishadi.  

Agarda alkogoldan zaharlanish, dori vositalarining nojo`ya ta`siri, suvsizlanish, qizib ketish yoki issiq urishi, avtomobil, poezd yoki kemada sayr qilish, kamqonlik, qonda qand miqdorining pasayib ketishi, qon bosimining tushib ketishi, birdaniga ko`p jismoniy mashqlar bajarish, quloq infeksion kasalliklari tufayli bosh aylanishi qisqa davom etsa, odatda, bu inson uchun zararsiz bo`ladi.  

— Bu holat qaysi kasalliklar alomati hisoblanadi?  

— Bosh aylanishi jiddiy kasalliklarning alomatlari ham bo`lishi mumkin — aritmiya va insultdan tortib, saratongacha bo`lgan xastaliklarning alomati hisoblanadi. Shu bois bosh aylanishining turlarini ajratish juda muhim.  

Deylik, boshning tez-tez va uzoqroq aylanishi quloqning jiddiyroq kasalliklari(vestibulyar nervning virusli infeksiyalari, labirintit)da uchraydi. Bunday bosh aylanishiga be`tibor bo`lmaslik kerak. Chunki bu holatda kasallik belgilarsiz boshlanib, infeksiyaning miyaga o`tib ketish xavfi yuqori bo`ladi.  

— Bosh aylanishining yana qanday ko`rinishlari bor?

-Birdaniga holsizlik, ko`rish yoki eshitish, nutqning buzilishi bilan kechadigan bosh aylanishi ham bor. Bunday holat insultni bildiradi. Agar bemorning nutqi o`zgarib, yuz simmetriyasi buzilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Chunki insult kasalligida butunlay tuzalib ketish taxminan 16 foizga teng, qolgan 84 foiz holatda bemorning o`limi yoki nogironlik bilan tugallanadi.  

O`tirgan joydan turilganda qisqa vaqtli ortostatik bosh aylanishi ko`p uchraydigan holat. Ko`pincha u organizmda suyuqlik etishmasligi bilan bog`liq bo`ladi. Shu sababli kunning issiq vaqtlarida ko`proq suyuqlik ichish kerak. Agar sizda suvsizlanish yo`q bo`lib, ortostatik bosh aylanishi bo`lsa, sizda yurak ritmining buzilishi yoki yurak etishmovchiligi bo`lishi mumkin.  

Bosh aylanishi bilan birga kuchli bosh og`riqlari, yurishning qiyinlashishi va yiqilish, ko`ngil aynishi va qusish, hushdan ketish, nafas olishning qiyinlashishi, bo`yin muskullarining tortishishi va talvasalar kuzatilsa, albatta, shifokorga murojaat qilish kerak.  

Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Bosh aylanishi qanday kasalliklardan darak beradi?