Bolalarni oilaga tarbiyaga berish (patronat) tartibi to’liq malumot oling
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga etmagan bolalar, shu jumladan tarbiya va davolash muassasalarida, aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar oilaga tarbiyaga beriladi.
Bolalarni oilaga tarbiyaga olish ixtiyoriy bo‘lib, u vasiylik va homiylik organlari bilan bolani olish istagini bildirgan shaxslar o‘rtasida tuzilgan maxsus shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Ota-onalar qarovisiz qolgan bolani tarbiya qilish uchun olishni istaydigan fuqarolar tutingan ota-onalar deb ataladi, ushbu oila esa farzandlikka olgan oila hisoblanadi.
Voyaga etgan har ikki jinsdagi shaxslar tutingan ota-ona bo‘lishlari mumkin, quyidagilar bundan mustasno
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb e’tirof etilgan shaxslar;
sud tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklangan deb e’tirof etilgan shaxslar;
qonun bilan o‘z zimmasiga yuklangan majburiyatlarni lozim darajada bajarmagani uchun vasiylik yoki homiylik vazifalarini bajarishdan chetlashtirilgan shaxslar;
o‘z zimmalariga yuklangan majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlaganligi yoki ularni lozim darajada bajarmaganligi, ota-onalik huquqini suiiste’mol qilganligi, farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada bo‘lganliklari, shuningdek, muttasil ichkilikbozlikka yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lganliklari uchun farzandlikka olish sud tomonidan bekor qilingan bo‘lsa, ilgari farzandlikka bola olgan shaxslar;
qasddan qilingan jinoyatlari uchun ilgari hukm qilingan shaxslar;
sog‘lig‘ining yomonligi tufayli bola tarbiyalash majburiyatini bajara olmaydigan shaxslar.
Bolalarni oilaga tarbiyaga berish tartibi
Bolani (bolalarni) farzandlikka olishni xohlovchi shaxslar o‘z yashash joyidagi vasiylik va homiylik organiga tutingan ota-onalar sifatida hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi iltimos bildirilgan arizani beradilar.
Arizaga quyidagilar ilova qilinishi kerak:
nikoh to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi (agar nikohda bo‘lsa) yoki nikohda turmasligi haqidagi ma’lumotnoma;
er-xotindan biri tomonidan farzandlikka olinayotgan bo‘lsa, boshqasining roziligi (agar er-xotin oilaviy munosabatlarni tugatgan, 1 yildan ortiq birga yashamayotgan bo‘lsa va erning (xotinning) yashash (turgan) joyi noma’lum bo‘lsa, shuningdek, bu holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lsa, farzandlikka olishda uning roziligi talab qilinmaydi);
ish joyidan egallab turgan lavozimi va ish haqi ko‘rsatilgan yoki boshqa daromad manbalari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
farzandlikka olishni xohlovchi shaxsning sog‘lig‘i holati haqida tibbiy xulosa (psixiatriya, sil kasalligiga qarshi kurash va narkologiya muassasalari, teri-tanosil kasalliklari ma’lumotnomalari);
qasddan sodir etgan jinoyati uchun ilgari sudlanmaganligi haqida ichki ishlar organining axborot markazidan olingan ma’lumotnoma;
sanitariya qoidalari va normalariga muvofiq bo‘lgan mulk huquqidagi, ijara (ijaraga olish) shartlaridagi yoki boshqa asoslardagi uy-joy mavjudligini tasdiqlaydigan hujjat.
Ariza berishda shaxsni tasdiqlaydigan hujjat ko‘rsatiladi.
Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar
o‘zlariga tegishli bo‘lgan aliment, shuningdek pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni olish;
uy-joyga bo‘lgan mulk huquqi yoki uy-joylardan foydalanish;
uy-joy olish huquqlarini saqlab qoladilar.
Oilaga tarbiyaga berilgan bolalar o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish, ota-onasi va qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqiga ham egadirlar.
Oilada o‘z manfaatiga daxldor har qanday masala hal qilinayotganida bola o‘z fikrini bildirishga haqlidir.
Bolalarni tarbiyaga olgan shaxslar o‘z huquqlaridan g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda, tarbiyasidagi bolalarga zarar keltirgan holda foydalansalar, shuningdek ularni nazoratsiz hamda zarur moddiy yordamsiz qoldirsalar, vasiylik va homiylik organi bolalarni tarbiyaga olgan shaxslarni javobgarlikka tortish masalasini qo‘zg‘atishga haqli.
Vasiylikka olinganning zarariga g‘arazli maqsadlarni ko‘zlab vasiylikdan yoki homiylikdan foydalanish yoki uni nazoratsiz va zarur moddiy yordamsiz qoldirishjarimaga sabab bo‘ladi.
Bolalarni oilaga tarbiyaga berishda vasiylik va homiylik organlari ularga bir yo‘la kiyim-bosh va poyabzal beradi, bolani oilaga tarbiyaga olgan shaxsga esa, oilaga tarbiyaga olingan bolaning ta’minoti uchun har oyda nafaqa to‘lab turadi.
Oilaga tarbiyaga olingan bola uchun kiyim-bosh va poyabzal sotib olishga ajratilgan mablag‘lar tutingan ota-onalarga naqd pul shaklida yoki ularning bank plastik kartasiga pul o‘tkazish yo‘li bilan beriladi.
Tutingan ota-onalarga o‘z tarbiyasiga olgan har bir bola uchun har oylik nafaqa xalq ta’limi boshqarmalari orqali har oyning 10 sanasiga qadar to‘lanadi.
Foydali Maslahatlar
Bolalarni oilaga tarbiyaga berish (patronat) tartibi