Bolalari och qolgan ota va tilanchi to’liq malumot oling
Kambag‘al ishchi bir kuni ishdan haydaldi Boshqa daromadi bo‘lmagani uchun bolalari uch kun ovqatsiz, nonsiz qoldi. U odam ish qidirib qayoqqa borsa, “ish yo‘q” deb eshikni yuziga yopishdi. Ustma-ust uch kun qorni och qolgan bolalarning xarxashasi onaning yuragini ezib yubordi. Chorasizlik bilan turmush o‘rtog‘iga: “Ko‘ryapsizmi bolalarni? Ochlikdan yuzlari sarg‘ayib ketdi. Biz-ku mayli chidaymiz, lekin ular bunga chidolmaydilar. Bu ishning oxiri nima bo‘ladi? O‘ylab ko‘rdingizmi?” dedi.
Mundarija
скрыть
Er egilgan boshini ayoli tomon qaratib: “Necha kundan beri bormagan joyim qolmadi. Eng kam oylikka bo‘lsa ham ish qidirdim, bir kun bo‘lsa ham qorningiz to‘ysin, deb. Lekin hech kim menga ish bermayapti. Bolalarimning bu holi mening ham yuragimni ezib yubordi. Lekin ko‘rib turibsanki, qo‘limdan biror narsa kelmayapti” dedi. Shunda ayoli: “Unday bo‘lsa mening kelinlik kunlarimdagi ro‘molimni olib borib soting, necha pul bo‘lsa ham biror narsa olib keling, bolalarimizning qornini to‘ydiraylik. Qolganiga Alloh Karimdir. Rizq berguvchi Udir. Bizga albatta biror xayrli eshik ochiladi” dedi.
Er uyatdan qizarib, tushib qolgan qiyin vaziyatni o‘ylab, ayoli sandiqdan olib bergan hali yap-yangi turgan ro‘molni olib, bozorga bordi. Ro‘molni o‘sha paytda ikki dirhamdan ortig‘iga olmasdilar. Olgan puliga biror yegulik olish uchun ketayotganda yo‘lda tilanchiga duch keldi. Tilanchi o‘tgan-ketganga shunday der edi: “Alloh rizosi va Payg‘ambarining ishqi uchun bo‘sh o‘tmang. Allohni xursand qilish uchun menga yordam berishni xohlovchi yo‘qmi? Dunyoda hech narsasi yo‘q, haqiqiy muhtojman.
Ro‘mol sotgan odam tilanchining oldiga keldi. Ayolining ro‘moli pulini — necha kundir hech narsa yemagan bolalari uchun biror narsa olmoqchi bo‘lgan pulini tilanchiga berdi. Endi bo‘sh qo‘l bilan uyga borish ham noqulay edi. Ro‘molning pulini so‘ragan ayoliga nima deb javob beradi? “Ro‘molingga ikki dirham berishdi, uni tilanchiga berib yubordim, uning yalinib-yolvorishiga chidolmadim” deb qanday aytadi? Shu o‘ylar bilan masjidga kirib shom namozini o‘qib, bo‘sh qo‘l bilan uyiga qaytdi. Ayoli va bolalari uni biror yegulik opkeladi deb kutib o‘tirishgan edi.
Kech qolganiga yaxshiroq biror narsa olib kelsa kerak, deb o‘yladilar. Ota umidsizlik bilan eshikdan qaradi, ayoli bu holatga hayron edi. Bolalari esa bu kecha ham och qolishlarini o‘ylab majolsiz ovozda yig‘lay boshlashdi. Ayol ham hayron, ham jahl ohangida ro‘molni nima qilganligini so‘radi.
Er ayoliga hammasini birma-bir aytib berdi. Ayol ishning aslini bilgach, sabrli ohangda: “Ro‘molning pulini Alloh yo‘lida bergan ekansiz, U ulug‘ va boydir. Saxiyligingiz evaziga bizga xohlagan vaqti uning evazini berishga Qodirdir. Siz to‘g‘ri ish qildingiz, qani ko‘ramiz, qaysi eshikni ochar ekan?” dedi.
Ertalab ayol turmush o‘rtog‘iga otasining uyidan olib kelgan devor soatini berdi va: “Buni soting va evaziga qancha yegulik kelsa olib keling” dedi. U bozorga borib, soatni sotishga harakat qiladi. Lekin hech oluvchi topolmaydi. Charchab, horg‘in kelayotganda bir baliq sotuvchisiga yo‘liqdi. Baliqchi baland ovozda: “Baliq bor, baliq” deb baqirardi. Qo‘lida ikki donagina baliq qolgan edi.
Faqir kishi baliqchining yoniga borib: “Bu soat menga, bu baliqlar senga naf keltirmaydi, shuning uchun shu ikki balig‘ingni menga ber, men senga shu soatni beray” dedi. Mijoz yig‘ish uchun ertalabdan beri baqirayotgan baliqchi bu odamning taklifini qabul qildi. Baliqlarni berib, soatni olib ketdi.
Necha kundan beri uyiga birinchi marta yegulik olib ketayotganndan juda xursand bo‘layotgan ota baliqlarni qo‘liga olishi bilan uyiga yugurdi. Otalarining yegulik olib kelganini ko‘rgan bolalar juda xursand bo‘lib ketishdi. Ayol baliqni tozalash uchun oshxonaga kirdi. Biroz o‘tib xayratlanib xojasini chaqirdi. Baliqlardan birining qornidan kattakon inju chiqdi.
Faqir odam injuni olib zargarning oldiga bordi. Zargar injuning bebaho ekanligini, agar o‘ziga sotishsa 14000 dirham berishini aytdi. Faqir odam qiyinchiliklar ortda qolganini sezdi. Alloh unga ne’mat eshiklarini ochganini tushundi. Zargarga uni 14000 dirhamga sotib, pulini olib uyga qaytdi. Bo‘lib o‘tgan voqeani uyiga kelib, ayoliga ham aytib berdi. Hammalari g‘amlarni aritgan Allohga shukronalar aytishdi.
Shu payt eshikda tilanchining ovozi eshitildi: “Ey uy egalari, Alloh sizga bergandan menga ham bering!” Faqir kishi eshikni ochib: “Shu paytda Alloh bizga hech kutmagan joyimizdan 14000 dirham hadya qildi. Modomiki, sen Alloh rizosi uchun Alloh berganidan so‘rayapsan, men ham shu pulning yarmini senga beray, qolgan yarmi bizniki bo‘lsin”.
Birgina so‘zi uchun 7000 dirhamga ega bo‘lganidan xursand tilanchiga pulning yarmini olib chiqish uchun uyiga kirib ketdi, chiqib qarasa tilanchi yo‘q. U yer-bu yerni qarasa hech qayerda ko‘rinmadi.
Uy egasi o‘sha kuni g‘am-tashvishlardan xoli uyquga ketdi va tushida boyagi tilanchini ko‘rdi. Undan nega ketib qolganligini so‘raganda, tilanchi: “Men tilanchi emas edim, Allohning farishtalaridan biri edim. Xayrli ishlarni qay darajada yaxshi ko‘rishing va Allohga bog‘liqlik darajangni bilish uchun inson shaklida sening uyingga keldim. Meni Alloh seni oxirgi marta sinab, darajangni yuksaltirish uchun xonadoningga yubordi. Oldingi kuni ayolingning ro‘molini sotib, ikki dirham olganingda o‘sha ikki dirhamni olgan ham men edim. O‘sha ikki dirhamni xotirjamlik bilan Alloh rizosi uchun menga berganing uchun Alloh senga injuni berdi. Bugungi saxiyliging uchun esa narigi dunyoda tengsiz ne’matlar bilan to‘la Jannatga erishasan”.
Seningdek eng qiyin vaziyatlarda ham Alloh rizosini barcha narsadan ustun qo‘yuvchilarga xushxabar bo‘lsin…
Alloh barchamizdan, dunyo mol-mulklaridan ustun qo‘ygan barchadan rozi bo‘lsin…
Turk tilidan Nargiza Atabayeva tarjimasi
Hikoyalar
Bolalari och qolgan ota va tilanchi