Bolalarga kitob oʻqib bering
Бола оққуш, оқ каптар,
Дунёлардан бехабар,
Ёвузлик топмай хабар,
Болага китоб беринг!
БОЛАГА КИТОБ БЕРИНГ!
Осмонларда юрганлар,
Олтин сарой қурганлар,
Не берай? деб турганлар,
Болага китоб беринг!
Бола оққуш, оқ каптар,
Дунёлардан бехабар,
Ёвузлик топмай хабар,
Болага китоб беринг!
Қинғир йўлга кирмасдан,
Пешонага урмасдан,
Кимдир пичоқ бермасдан,
Болага китоб беринг!
Интернет-деган аждар,
Гоҳ ундан оқар заҳар,
Дод-демай, рўзи маҳшар,
Болага китоб беринг!
Кел! – дия, имлар тузоқ,
Қабр қазир, қазир чоҳ,
Минг, минг астағфируллоҳ,
Болага китоб беринг!
Кўзи очиқ кўрмасдан,
Шайтон йўлдан урмасдан,
Отадан юз бурмасдан,
Болага китоб беринг!.
Кўкрак кериб юрганлар,
Кўркам сарой қурганлар,
Не берай, деб турганлар,
Болага китоб беринг!
“Лисон ут тайир”ларим,
Юракка сайрларим,
Авлиёзод нурларим,
Болага китоб беринг!
Кўзларни очиш керак,
Ғафлатдан қочиш керак.
Қанот чиқариш керак,
Болага китоб беринг!
Дерсиз: “Пул йиғиш керак,
Олтину, кумуш керак”,
Худодан қўрқиш керак,
Болага китоб беринг!.
Гуллар қучиб юрганлар,
Гулсаройлар қурганлар,
Не берай-деб, туганлар,
Болага китоб беринг!.
Хазинаи жаҳон у,
Кичик Абу Райҳон у,
Сизга қараб ҳайрон у,
Болага китоб беринг!.
Бухорий-сарварим у,
Термизий-анварим у,
Маҳмуд Замахшарим у,
Болага китоб беринг!.
Кескир қилич бўлсин у,
Китобга ўч бўлсин у,
Енгилмас куч бўлсин у,
Болага китоб беринг!.
Хонлар каби юрганлар,
Хонсаройлар қурганлар,
Не берай? – деб турганлар,
Болага китоб беринг!.
Навоийни билсин у,
Ёнингизга келсин у,
Бахти бўлсин, кулсин у,
Болага китоб беринг!.
Зулфия Мўминова
Тошкент ислом институти
Ахборот-ресурс маркази
Bolalarga kitob oʻqib bering
Amerikalik nevrolog olima, adib va ilm targʻibotchisi Marianna Vulf jahon olimlari orasida “Prust va kalmar: tarix va mutolaa qilayotgan miya tadqiqotlari” (“Proust and the Squid: The Story and Ssience of the Reading Brain”) asari bilan tanilgan.
Muallifning “Hamburger Abendbiatt” va “Suddeutsche Zeitung” gazetalariga bergan intervyulari asosidagi suhbatini eʼtiboringizga havola qilyapmiz.
– Hozir koʻpchilik, ayniqsa, yosh bolalar matnni ekrandan oʻqishga oʻrganib qoldi. Siz esa mana shundan xavotirdasiz. Nega?
– Raqamli vositalar, aytaylik, internet matnni yuzaki oʻqishga bizni oʻrgatib qoʻydi. Biz nihoyatda ulkan hajmdagi axborotlarni iloji boricha tez surʼatlarda qabul qilib olishga intilamiz; goh elektron pochtamizni nazoratdan oʻtkazishimiz, goh feysbukdagi sahifalarni koʻzdan kechirishimiz kerak; goh saytlardan saytlarga sayohat qilishimizga toʻgʻri kelyapti. Diqqatimiz esa tutunday tarqalib, toʻzgʻib ketyapti. Kitob boʻlsa buning aksi – u bizga diqqat-eʼtibor bilan oʻqishimizga imkoniyat yaratadi, olgan bilimlarimiz xotiramizda qoladi; kitob oʻqish jarayonida alohida soʻzlarga, iboralarga eʼtiborimizni qaratib, diqqat markazimizda tutib tura olamiz, turli soʻz birikmalariga, jumlalarga, soʻzlararo uygʻunlik va aloqalarga eʼtibor qilamiz – miyamiz bundan faqat rohatlanadi, bilsangiz…
– Nahotki? Qanday qilib?
– Kitob oʻqiyotgan lahzalarda odamning miyasidagi avval bir-biridan yiroqda boʻlgan, ajralib qolgan asab hujayralari jipslasha boshlaydi, tamomila yangicha tuzilma (struktura)larni vujudga keltiradi.
– Mana shu jarayonni batafsilroq tushuntirib bering, iltimos…
– Miyamiz “reprezentatsiya” (namoyish) holatida turibdi, deylik. Orqa miyadagi hududlar faoliyati tufayli, biz bir paytlar koʻrgan, eshitgan yoki his qilgan taassurotlarni bir-biri bilan bogʻlay olamiz, ularni yangi axborotlar bilan toʻyintiramiz, shu asnoda hujayralarimiz jipslashadi. Kitob oʻqiyotgan lahzalarda miyamizning koʻrish bilan bogʻliq qatlamlariga koʻrganlarimiz – harflar, soʻzlar haqidagi signallar yetib boradi. Bu qatlamda mana shu signallarni qabul qilib, shu asnoda oʻzlari ham faollashib oladigan tuzilmalar mavjud. Masalan, ingliz tilidagi “jat” soʻzi oʻzining asl maʼnosi – “marmelad”, “jem” maʼnolaridan tashqari, xotiramizda “music jat” musiqiy orom yoki tiqilinch yoʻl, koʻchalardagi mashinalar tizimi maʼnosidagi “traffic jat” tasvirini ham yetkazadi. Matnni oʻqish jarayonida maʼnolarning uyqashib, bir-birini taqozo qilib kelishini his qilyapsizmi? Matn ekrandan oʻqilganda esa mana shu maʼnolar aralashib, asosiy maʼno tushunilmasdan qolib ketish hollari kuchayadi.
– Bosh miyadagi yangi neyronal aloqalar faqat bolalarda, ular oʻqishni oʻrganayotgan lahzalarda shakllanadimi?
– Yoʻq, bu hodisa katta yoshlilarda ham sodir boʻladi. Bu narsa qator-qator ilmiy tadqiqotlarda oʻz isbotini topgan. Masalan, olimlar bir guruh kishilarni sinovdan oʻtkazdilar, ularda adabiyotga oid taʼlim yoʻq edi, kam mutolaa qilardilar. Tadqiqot ishtirokchilariga adabiy asarlarni koʻproq oʻqish tavsiya qilindi. Ularning hammasiyam topshiriqni bajaravermagan, albatta. Ammo (shunisi qiziq!) tomografik tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, adabiy asarlarni koʻp mutolaa qilgan odamlarning bosh miyasida yangi neyronal aloqalar, jipslashishlar sodir boʻla boshlagan va miyalari avvalgidan koʻra faollashgan, yaʼni rivojlangan; topshiriqni bajarmaganlar (kitob oʻqimaganlar) miyasidagi hujayralar esa avvalgi holatda qolib ketavergan.
– Kitob mutolaa qilganlarning miyasi bundan qanday naf koʻrgan?
– Qarang, biz kitob oʻqiyotgan paytimizda mutolaa sayin ona tilimizni chuqur oʻrgana borar ekanmiz. Bu paytda bizning soʻz zaxiramiz kengayib, jumla tuzish layoqatimiz takomillashar ekan, eng murakkab va nozik maʼnolarni ham chuqur anglab yetishga qobillashib borarkanmiz. Kitob mutolaasi bizni chuqurroq va foydaliroq oʻylashga oʻrgatar ekan. Tajribali kitobxonlarga razm soling, ular matnni tushunibgina qolmaydilar, balki tushuntirib-izohlab berishga ham, matnga tanqidiy nuqtai nazardan yondashishga ham moyil boʻladilar. Kitob oʻqishning yana bir fazilatli tomoni – mutolaa insonga hayajon bagʻishlaydi, vujudimizga ezgulik nurlarini singdiradi, qachonlardir boshdan kechirgan, bizga tanish hissiyotlar bilan qayta uchrashtiradi, mutolaa qilgan inson maʼnan boyiydi. Bolalar kitob oʻqimas ekan, adabiy qahramonlarning kechinmalaridan bebahra qoladilar, “qissadan hissa chiqarolmay”, fikriy qoloqlik botqogʻiga botadilar, mushohada yuritish imkonlari cheklanadi. Bu mahdudlik, biqiqlik insonning oʻzini cheklab qoʻyadi.
– Kitobni internetdan boʻlsa ham, oʻqiyapmiz-ku axir, buning nimasi yomon? Oʻqish boʻlgandan keyin hammasiyam oʻqish-ku…
– Toʻgʻri. Lekin inson internetdan oʻqiyotgan paytda vaqt omili uni yelkadan bosib turadi. Yaʼni, biz internetda oʻtirib hamma axborotni shosha-pisha qabul qilib olishga, miyamizga chala-chulpa tiqishtirishga oʻrganib qolamiz. Shuning uchun ham, hammasini oʻqidim, tushunib yetdim, bilib oldim, degan hissiyot vujudimizga singadi. Ilgari odamlar kitob oʻqish uchun kutubxonaga maxsus tayyorlanib, mashaqqatlar chekib yetib borar, butun diqqat-eʼtibor mana shu yumushga yoʻnaltirilgan boʻlardi. Hozir esa butun kutganlaringizni internet uch sekund ichida oldingizga chiqarib qoʻyadi, mashaqqat-zahmat chekib yurmaysiz. Farqini his qilyapsizmi – qiynalmasdan erishilgan bilimlar bir zumda uchib keladi-yu ketadi, miyangizga, xotirangizga joylolmay ham qolasiz…
– Demak, bolani oʻqishga oʻrgatish mobaynida ham matn maʼnosini tushunib oʻqishga, ham oʻqilganlarni tahlil qilib, xotiraga joylab oʻqishga oʻrgatishimiz kerak ekan-da?
– Albatta-da, hamma gap mana shunda. Farzandlarimiz qanday intellektual qobiliyatlarga ega ekanliklarini bilib olishimiz juda muhim. Ularni tevarak-atrofdagi narsalarga qarab bexato yoʻnalish olishga, axborot va maʼlumotlarni samarali tahlil qilishga oʻrgatishimiz zarur.
– Siz, mana, internet odamlarni shoshilishga majbur qiladi, olgan axborotlarimiz xotiraga chala oʻrnashadi yo oʻrnashmasdan uchib ketadi, deb yozgʻiryapsiz. Oʻqiladigan matn esa koʻp, hammasini koʻrib chiqishga, xotiraga joylab olishga esa vaqt yoʻq, ulgurmaymiz. Shoshilishimiz balki shundandir? Internetning oʻzi zamondagi shiddatkorlikni, surʼatni aks ettirib, bizni tezlikka undayotgandir?
– Men sizlarga oʻz boshimdan kechgan bir holatni gapirib beray. Tajribamdan oʻtgan. Internet mening xulq-atvorimni qanchalar oʻzgartirib yuborganini aytmoqchiman. Men hozir sheʼriy kitoblarni kam mutolaa qiladigan boʻlib qoldim. Matnni, murakkab romanni oʻqishga chogʻlanayotib, yana oʻylanaman: buni oʻqib chiqishga vaqt qayda endi? Koʻrdingizmi, vaqt masalasi yelkamdan bosib, shu savolning oʻzi mutolaaga yoʻl qoʻymayapti… Buning oʻrniga falon-falon ishlarni qilib olishim kerak, degan hissiyotni koʻnglimga quygan – internet. Hatto kompyuterdan uzoqlashgan paytlarda ham mana shu hissiyot meni tark etmayotir. Demak, bir menda emas, hammadayam ahvol shu. Internet – jamiyatimizning qora oʻrasi, sizu bizning vaqtimizni yamlab-yutib boryapti.
– Biz kitob oʻqimay qoʻydik, deylik. Mana, internet bor, shundagi matnni oʻqib olsam, shuning oʻzi yetarli deb yuraversak, unda nima boʻladi?
– Inson miyasi azaldan oʻqish uchun moslanmagan edi. Miyamizning turli hududlaridagi hujayralarni joylashtirib, birlashtirib, mutolaaga masʼullik qiladigan “boʻlinma” yaqin-yaqinlarda paydo boʻldi, shu “boʻlinma”da mutolaaga masʼul boʻlgan maxsus neyronal tarmoq shakllandi. Bu tarmoqniyam aʼlo darajada, ideal ishlaydi, deb boʻlmaydi, aslida. Lekin shunisi aniqki, matn ichiga chuqur kirib borishni istasak, miyamizning ikkala yarimsharidan teng foydalanishimiz kerak. Agar matnga loqaydgina, shosha-pisha, chala-chulpa, yuzaki qaraydigan boʻlsak – men internetning bizga oʻrgatgan oʻqish texnikasini nazarda tutayapman – miyamiz ham befarq-loqayd, “tepsatebranmas” boʻlib qoladi, yarim kuchini sarflab, istar-istamas ishlaydigan boʻladi, yaʼni oʻzidagi bor resurslardan toʻliq foydalangisi kelmasdan ishlay boshlaydi. Mana, internetning “karomat”i.
– Doʻstlar bilan kechadigan suhbatlar payti olingan axborotlar mutolaa oʻrnini bosa oladimi?
– Baʼzan shunaqayam boʻladi. Lekin bu suhbatlar ham koʻpincha shunchaki turmush ikir-chikirlaridan, chala-yarim taassurotlardan iborat boʻlib qoladi-da, shu tomoni bor. Mutolaa paytida biz kitob ichiga kirib, oʻz xayollarimizga bemalol erk berishimiz, bizni oʻylantirayotgan narsalar haqida obdon mulohaza yuritishimiz mumkin. Xayol esa chegara bilmaydi: goh oʻzimizni qotil deb tasavvur etishimiz, goh shoh, goh gado boʻlib “kun kechirish”imiz mumkin. Internetdagi koʻz yugurtirishlar, chala-chulpa, yuzaki oʻqishlar bizning xayolan qilayotgan “parvoz”larimizni chippakka chiqaradi.
– Siz aytayotgan holatlar qogʻoz kitoblarni mutolaa qilish paytidagina yuz bersa kerak. Elektron kitoblarni (men internetni nazarda tutyapman)oʻqishdayam shunaqa holat yuz bermaydimi?
– Biz qogʻoz kitoblarni oʻqiganimizda qanday ijobiy hissiyotlarni boshdan kechirsak, balki hozir yoshlar ham – bolaligidan kompyuter va planshetlarga tikilib oʻrgangan avlod oʻsha holga oshno tutinar, balki. Qogʻoz kitobga tikilib, shundan zavq tuygan katta avlod, yaʼni bizlar elektron kitoblarni oʻqiganda oʻsha zavqli onlarni, hayajonlarni tuymaymiz, elektron kitoblar ichiga singishib ketolmaymiz. Umuman, mutaxassis olimlar mana shu masalalarni maxsus tadqiq qilib, xulosa chiqarsalar yaxshi boʻlardi: buning sabablari nimada ekanligi, qogʻoz kitobni oʻqigandagi zavq-shavq, lazzatlar qanday-u, elektron kitoblar mutolaasi paytida odamda qanday his-tuygʻular uygʻonadi, uygʻonadimi-yoʻqmi oʻzi – mana shularni bir aniqlashtirib bersalar yaxshi boʻlardi.
– Mutolaaning kelajagi qanday boʻlar ekan? Shular haqdayam fikr bildirib oʻtsangiz…
– Elektron axborot vositalari hayotimizga juda chuqur singib boryapti, yosh avlod goʻdaklikdanoq elektron asbob-uskunalar orasida oʻsadi. Ular yangi-yangi texnologiyalar orqali informatsiyalarga ega boʻlar ekan, oʻsha olingan bilimlar biz qogʻoz kitoblar orqali olgan bilimlar kabi xotiralarida saqlanib qoladimi-yoʻqmi? Mana bu – bosh masala! Mening fikrimcha, bolalar internet bilan cheklanib qolmasligi kerak, ularga qogʻoz kitoblarni ham oʻqib berishimiz zarur. Hozir yangi texnologiyalar kirib bormagan yer yoʻq, bu borada uning imkoniyatlari juda katta. Bugun jahonda 100 million bolakay maktabda boʻlish imkoniyatidan mahrum, ular koʻchada tentirab yurib kunni kech qilishadi. Ehtimol, kompyuter texnologiyalarining imkoniyatlarini ularning savodini chiqarish, bilimli-maʼrifatli qilishga safarbar etsa boʻlar?
– Bu texnologiyalarni hayotimizdan, kundalik turmushimizdan haydab-supurib chiqarolmaymiz. Shunday ekan, nima qilish lozim?
– Hozir hammamiz uchun muhim masala bu – oʻrta yoʻlni topib, muvozanatni saqlash… Nima qilish kerakligini oʻylab, bir xulosaga kelish, qaror chiqarish uchun ham vaqt kerak, sokinlik kerak, xotirjamlik kerak. Internet deganlari – shovqin-suronning uyasi, unga kirdingizmi – xotirjamlik yoʻq, nimanidir izlaysiz, nimanidir topib, yengil-yelpi oʻqib oʻtasiz, yodingizda qoldimi-qolmadimi, bu yogʻi bilan ishingiz yoʻq, barmoqlar muntazam harakatda, u saytga sakra, bunisiga oʻt… va hokazo. Biz-ku kitob oʻqib tarbiyalangan avlodmiz, internetga tikilib oʻtirib oʻsayotgan avlodning kelajagi nima boʻladi? Ularning xotirasiga, miyasiga nimalar oʻrnashib qoladi, tarbiyasi nima boʻladi, koʻnglida nima gap, kayfiyati, xulq-atvori, maʼnaviyatiyu madaniyati nima boʻladi – mana shular haqida hamma-hamma oʻylashi kerak.
– Bola tarbiyalayotgan, parvarish qilayotgan odamlarga nimalarni tavsiya qilgan boʻlar edingiz?
– Mening ota-onalarga maslahatim hozircha shu: “Uyingizda kitob koʻp boʻlsin, koʻpdan-koʻp qogʻoz kitoblar boʻlsin, javonlaringiz kitobga toʻlib tursin! Bolangiz besh yoshga toʻlguncha har kuni kechqurun kitob oʻqib bering, ularning quloqlari siz talaffuz qilgan soʻzlarga qonib oʻssin! Agar ular ulgʻayib, yoshlari kattargan boʻlsa ham, kitob oʻqib bering, oʻqing, oʻqing”.
Men ikkala farzandimga ham kitob oʻqib, oʻqitib oʻstirdim. Biri oʻn yoshga, ikkinchisi oʻn ikki yoshga toʻlguncha kitobni oʻzim oʻqib berardim. Mana bu soʻzlarni qulogʻingizga quyib oling: quloqdan kirgan soʻz, ovoz bola miyasining rivojida juda katta ahamiyatga ega. Agar siz oʻzingiz kompyuterga yopishib olib, undan beri kelishni istamasangiz, bilingki, bolangiz ham kompyuterga yopishib oʻsadi, undan nari ketmay qoladi.
Internetning makrigiyohi shunchalar oʻtkir, shunchalar jozibador, bolangizni ehtiyotlab-ehtiyotlab oʻrgata bormasangiz, keyin kech boʻladi. Buning oqibati nima bilan tugashini hali hech kim bilmaydi. Yaxshisi, bolaga kitob oʻqib berib, boshqa ishlarga qiziqtirib, chalgʻitib, kompyuter saboqlarini esa oz-ozdan, kam-kamdan berib borish maqsadga muvofiqdir. Farzandlaringizning bolalik davri kompyuterga qurbon boʻlib ketmasin!
“Znaniye – sila” jurnalining 2016 yil 11-sonidan Muzaffar Ahmad tarjimasi
Марианна Вулф: “Болаларга китоб ўқиб беринг”
Америкалик невролог олима, адиб ва илм тарғиботчиси Марианна Вулф жаҳон олимлари орасида “Пруст ва кальмар: тарих ва мутолаа қилаётган мия тадқиқотлари” (“Proust and the Squid: The Story and Sсience of the Reading Brain”) асари билан танилган.
Муаллифнинг “Hamburger Abendbiatt” ва “Suddeutsche Zeitung” газеталарига берган интервьюлари асосидаги суҳбатини эътиборингизга ҳавола қиляпмиз.
– Ҳозир кўпчилик, айниқса, ёш болалар матнни экрандан ўқишга ўрганиб қолди. Сиз эса мана шундан хавотирдасиз. Нега?
– Рақамли воситалар, айтайлик, интернет матнни юзаки ўқишга бизни ўргатиб қўйди. Биз ниҳоятда улкан ҳажмдаги ахборотларни иложи борича тез суръатларда қабул қилиб олишга интиламиз; гоҳ электрон почтамизни назоратдан ўтказишимиз, гоҳ фейсбукдаги саҳифаларни кўздан кечиришимиз керак; гоҳ сайтлардан сайтларга саёҳат қилишимизга тўғри келяпти. Диққатимиз эса тутундай тарқалиб, тўзғиб кетяпти. Китоб бўлса бунинг акси – у бизга диққат-эътибор билан ўқишимизга имконият яратади, олган билимларимиз хотирамизда қолади; китоб ўқиш жараёнида алоҳида сўзларга, ибораларга эътиборимизни қаратиб, диққат марказимизда тутиб тура оламиз, турли сўз бирикмаларига, жумлаларга, сўзлараро уйғунлик ва алоқаларга эътибор қиламиз – миямиз бундан фақат роҳатланади, билсангиз…
– Наҳотки? Қандай қилиб?
– Китоб ўқиётган лаҳзаларда одамнинг миясидаги аввал бир-биридан йироқда бўлган, ажралиб қолган асаб ҳужайралари жипслаша бошлайди, тамомила янгича тузилма (структура)ларни вужудга келтиради.
– Мана шу жараённи батафсилроқ тушунтириб беринг, илтимос…
– Миямиз “репрезентация” (намойиш) ҳолатида турибди, дейлик. Орқа миядаги ҳудудлар фаолияти туфайли, биз бир пайтлар кўрган, эшитган ёки ҳис қилган таассуротларни бир-бири билан боғлай оламиз, уларни янги ахборотлар билан тўйинтирамиз, шу аснода ҳужайраларимиз жипслашади. Китоб ўқиётган лаҳзаларда миямизнинг кўриш билан боғлиқ қатламларига кўрганларимиз – ҳарфлар, сўзлар ҳақидаги сигналлар етиб боради. Бу қатламда мана шу сигналларни қабул қилиб, шу аснода ўзлари ҳам фаоллашиб оладиган тузилмалар мавжуд. Масалан, инглиз тилидаги “jat” сўзи ўзининг асл маъноси – “мармелад”, “жем” маъноларидан ташқари, хотирамизда “music jat” мусиқий ором ёки тиқилинч йўл, кўчалардаги машиналар тизими маъносидаги “traffic jat” тасвирини ҳам етказади. Матнни ўқиш жараёнида маъноларнинг уйқашиб, бир-бирини тақозо қилиб келишини ҳис қиляпсизми? Матн экрандан ўқилганда эса мана шу маънолар аралашиб, асосий маъно тушунилмасдан қолиб кетиш ҳоллари кучаяди.
– Бош миядаги янги нейронал алоқалар фақат болаларда, улар ўқишни ўрганаётган лаҳзаларда шаклланадими?
– Йўқ, бу ҳодиса катта ёшлиларда ҳам содир бўлади. Бу нарса қатор-қатор илмий тадқиқотларда ўз исботини топган. Масалан, олимлар бир гуруҳ кишиларни синовдан ўтказдилар, уларда адабиётга оид таълим йўқ эди, кам мутолаа қилардилар. Тадқиқот иштирокчиларига адабий асарларни кўпроқ ўқиш тавсия қилинди. Уларнинг ҳаммасиям топшириқни бажаравермаган, албатта. Аммо (шуниси қизиқ!) томографик тадқиқотлар шуни кўрсатдики, адабий асарларни кўп мутолаа қилган одамларнинг бош миясида янги нейронал алоқалар, жипслашишлар содир бўла бошлаган ва миялари аввалгидан кўра фаоллашган, яъни ривожланган; топшириқни бажармаганлар (китоб ўқимаганлар) миясидаги ҳужайралар эса аввалги ҳолатда қолиб кетаверган.
– Китоб мутолаа қилганларнинг мияси бундан қандай наф кўрган?
– Қаранг, биз китоб ўқиётган пайтимизда мутолаа сайин она тилимизни чуқур ўргана борар эканмиз. Бу пайтда бизнинг сўз захирамиз кенгайиб, жумла тузиш лаёқатимиз такомиллашар экан, энг мураккаб ва нозик маъноларни ҳам чуқур англаб етишга қобиллашиб борарканмиз. Китоб мутолааси бизни чуқурроқ ва фойдалироқ ўйлашга ўргатар экан. Тажрибали китобхонларга разм солинг, улар матнни тушунибгина қолмайдилар, балки тушунтириб-изоҳлаб беришга ҳам, матнга танқидий нуқтаи назардан ёндашишга ҳам мойил бўладилар. Китоб ўқишнинг яна бир фазилатли томони – мутолаа инсонга ҳаяжон бағишлайди, вужудимизга эзгулик нурларини сингдиради, қачонлардир бошдан кечирган, бизга таниш ҳиссиётлар билан қайта учраштиради, мутолаа қилган инсон маънан бойийди. Болалар китоб ўқимас экан, адабий қаҳрамонларнинг кечинмаларидан бебаҳра қоладилар, “қиссадан ҳисса чиқаролмай”, фикрий қолоқлик ботқоғига ботадилар, мушоҳада юритиш имконлари чекланади. Бу маҳдудлик, биқиқлик инсоннинг ўзини чеклаб қўяди.
– Китобни интернетдан бўлса ҳам, ўқияпмиз-ку ахир, бунинг нимаси ёмон? Ўқиш бўлгандан кейин ҳаммасиям ўқиш-ку…
– Тўғри. Лекин инсон интернетдан ўқиётган пайтда вақт омили уни елкадан босиб туради. Яъни, биз интернетда ўтириб ҳамма ахборотни шоша-пиша қабул қилиб олишга, миямизга чала-чулпа тиқиштиришга ўрганиб қоламиз. Шунинг учун ҳам, ҳаммасини ўқидим, тушуниб етдим, билиб олдим, деган ҳиссиёт вужудимизга сингади. Илгари одамлар китоб ўқиш учун кутубхонага махсус тайёрланиб, машаққатлар чекиб етиб борар, бутун диққат-эътибор мана шу юмушга йўналтирилган бўларди. Ҳозир эса бутун кутганларингизни интернет уч секунд ичида олдингизга чиқариб қўяди, машаққат-заҳмат чекиб юрмайсиз. Фарқини ҳис қиляпсизми – қийналмасдан эришилган билимлар бир зумда учиб келади-ю кетади, миянгизга, хотирангизга жойлолмай ҳам қоласиз…
– Демак, болани ўқишга ўргатиш мобайнида ҳам матн маъносини тушуниб ўқишга, ҳам ўқилганларни таҳлил қилиб, хотирага жойлаб ўқишга ўргатишимиз керак экан-да?
– Албатта-да, ҳамма гап мана шунда. Фарзандларимиз қандай интеллектуал қобилиятларга эга эканликларини билиб олишимиз жуда муҳим. Уларни теварак-атрофдаги нарсаларга қараб бехато йўналиш олишга, ахборот ва маълумотларни самарали таҳлил қилишга ўргатишимиз зарур.
– Сиз, мана, интернет одамларни шошилишга мажбур қилади, олган ахборотларимиз хотирага чала ўрнашади ё ўрнашмасдан учиб кетади, деб ёзғиряпсиз. Ўқиладиган матн эса кўп, ҳаммасини кўриб чиқишга, хотирага жойлаб олишга эса вақт йўқ, улгурмаймиз. Шошилишимиз балки шундандир? Интернетнинг ўзи замондаги шиддаткорликни, суръатни акс эттириб, бизни тезликка ундаётгандир?
– Мен сизларга ўз бошимдан кечган бир ҳолатни гапириб берай. Тажрибамдан ўтган. Интернет менинг хулқ-атворимни қанчалар ўзгартириб юборганини айтмоқчиман. Мен ҳозир шеърий китобларни кам мутолаа қиладиган бўлиб қолдим. Матнни, мураккаб романни ўқишга чоғланаётиб, яна ўйланаман: буни ўқиб чиқишга вақт қайда энди? Кўрдингизми, вақт масаласи елкамдан босиб, шу саволнинг ўзи мутолаага йўл қўймаяпти… Бунинг ўрнига фалон-фалон ишларни қилиб олишим керак, деган ҳиссиётни кўнглимга қуйган – интернет. Ҳатто компьютердан узоқлашган пайтларда ҳам мана шу ҳиссиёт мени тарк этмаётир. Демак, бир менда эмас, ҳаммадаям аҳвол шу. Интернет – жамиятимизнинг қора ўраси, сизу бизнинг вақтимизни ямлаб-ютиб боряпти.
– Биз китоб ўқимай қўйдик, дейлик. Мана, интернет бор, шундаги матнни ўқиб олсам, шунинг ўзи етарли деб юраверсак, унда нима бўлади?
– Инсон мияси азалдан ўқиш учун мосланмаган эди. Миямизнинг турли ҳудудларидаги ҳужайраларни жойлаштириб, бирлаштириб, мутолаага масъуллик қиладиган “бўлинма” яқин-яқинларда пайдо бўлди, шу “бўлинма”да мутолаага масъул бўлган махсус нейронал тармоқ шаклланди. Бу тармоқниям аъло даражада, идеал ишлайди, деб бўлмайди, аслида. Лекин шуниси аниқки, матн ичига чуқур кириб боришни истасак, миямизнинг иккала яримшаридан тенг фойдаланишимиз керак. Агар матнга лоқайдгина, шоша-пиша, чала-чулпа, юзаки қарайдиган бўлсак – мен интернетнинг бизга ўргатган ўқиш техникасини назарда тутаяпман – миямиз ҳам бефарқ-лоқайд, “тепсатебранмас” бўлиб қолади, ярим кучини сарфлаб, истар-истамас ишлайдиган бўлади, яъни ўзидаги бор ресурслардан тўлиқ фойдалангиси келмасдан ишлай бошлайди. Мана, интернетнинг “каромат”и.
– Дўстлар билан кечадиган суҳбатлар пайти олинган ахборотлар мутолаа ўрнини боса оладими?
– Баъзан шунақаям бўлади. Лекин бу суҳбатлар ҳам кўпинча шунчаки турмуш икир-чикирларидан, чала-ярим таассуротлардан иборат бўлиб қолади-да, шу томони бор. Мутолаа пайтида биз китоб ичига кириб, ўз хаёлларимизга бемалол эрк беришимиз, бизни ўйлантираётган нарсалар ҳақида обдон мулоҳаза юритишимиз мумкин. Хаёл эса чегара билмайди: гоҳ ўзимизни қотил деб тасаввур этишимиз, гоҳ шоҳ, гоҳ гадо бўлиб “кун кечириш”имиз мумкин. Интернетдаги кўз югуртиришлар, чала-чулпа, юзаки ўқишлар бизнинг хаёлан қилаётган “парвоз”ларимизни чиппакка чиқаради.
– Сиз айтаётган ҳолатлар қоғоз китобларни мутолаа қилиш пайтидагина юз берса керак. Электрон китобларни (мен интернетни назарда тутяпман)ўқишдаям шунақа ҳолат юз бермайдими?
– Биз қоғоз китобларни ўқиганимизда қандай ижобий ҳиссиётларни бошдан кечирсак, балки ҳозир ёшлар ҳам – болалигидан компьютер ва планшетларга тикилиб ўрганган авлод ўша ҳолга ошно тутинар, балки. Қоғоз китобга тикилиб, шундан завқ туйган катта авлод, яъни бизлар электрон китобларни ўқиганда ўша завқли онларни, ҳаяжонларни туймаймиз, электрон китоблар ичига сингишиб кетолмаймиз. Умуман, мутахассис олимлар мана шу масалаларни махсус тадқиқ қилиб, хулоса чиқарсалар яхши бўларди: бунинг сабаблари нимада эканлиги, қоғоз китобни ўқигандаги завқ-шавқ, лаззатлар қандай-у, электрон китоблар мутолааси пайтида одамда қандай ҳис-туйғулар уйғонади, уйғонадими-йўқми ўзи – мана шуларни бир аниқлаштириб берсалар яхши бўларди.
– Мутолаанинг келажаги қандай бўлар экан? Шулар ҳақдаям фикр билдириб ўтсангиз…
– Электрон ахборот воситалари ҳаётимизга жуда чуқур сингиб боряпти, ёш авлод гўдакликданоқ электрон асбоб-ускуналар орасида ўсади. Улар янги-янги технологиялар орқали информацияларга эга бўлар экан, ўша олинган билимлар биз қоғоз китоблар орқали олган билимлар каби хотираларида сақланиб қоладими-йўқми? Мана бу – бош масала! Менинг фикримча, болалар интернет билан чекланиб қолмаслиги керак, уларга қоғоз китобларни ҳам ўқиб беришимиз зарур. Ҳозир янги технологиялар кириб бормаган ер йўқ, бу борада унинг имкониятлари жуда катта. Бугун жаҳонда 100 миллион болакай мактабда бўлиш имкониятидан маҳрум, улар кўчада тентираб юриб кунни кеч қилишади. Эҳтимол, компьютер технологияларининг имкониятларини уларнинг саводини чиқариш, билимли-маърифатли қилишга сафарбар этса бўлар?
– Бу технологияларни ҳаётимиздан, кундалик турмушимиздан ҳайдаб-супуриб чиқаролмаймиз. Шундай экан, нима қилиш лозим?
– Ҳозир ҳаммамиз учун муҳим масала бу – ўрта йўлни топиб, мувозанатни сақлаш… Нима қилиш кераклигини ўйлаб, бир хулосага келиш, қарор чиқариш учун ҳам вақт керак, сокинлик керак, хотиржамлик керак. Интернет деганлари – шовқин-суроннинг уяси, унга кирдингизми – хотиржамлик йўқ, ниманидир излайсиз, ниманидир топиб, енгил-елпи ўқиб ўтасиз, ёдингизда қолдими-қолмадими, бу ёғи билан ишингиз йўқ, бармоқлар мунтазам ҳаракатда, у сайтга сакра, бунисига ўт… ва ҳоказо. Биз-ку китоб ўқиб тарбияланган авлодмиз, интернетга тикилиб ўтириб ўсаётган авлоднинг келажаги нима бўлади? Уларнинг хотирасига, миясига нималар ўрнашиб қолади, тарбияси нима бўлади, кўнглида нима гап, кайфияти, хулқ-атвори, маънавиятию маданияти нима бўлади – мана шулар ҳақида ҳамма-ҳамма ўйлаши керак.
– Бола тарбиялаётган, парвариш қилаётган одамларга нималарни тавсия қилган бўлар эдингиз?
– Менинг ота-оналарга маслаҳатим ҳозирча шу: “Уйингизда китоб кўп бўлсин, кўпдан-кўп қоғоз китоблар бўлсин, жавонларингиз китобга тўлиб турсин! Болангиз беш ёшга тўлгунча ҳар куни кечқурун китоб ўқиб беринг, уларнинг қулоқлари сиз талаффуз қилган сўзларга қониб ўссин! Агар улар улғайиб, ёшлари каттарган бўлса ҳам, китоб ўқиб беринг, ўқинг, ўқинг”.
Мен иккала фарзандимга ҳам китоб ўқиб, ўқитиб ўстирдим. Бири ўн ёшга, иккинчиси ўн икки ёшга тўлгунча китобни ўзим ўқиб берардим. Мана бу сўзларни қулоғингизга қуйиб олинг: қулоқдан кирган сўз, овоз бола миясининг ривожида жуда катта аҳамиятга эга. Агар сиз ўзингиз компьютерга ёпишиб олиб, ундан бери келишни истамасангиз, билингки, болангиз ҳам компьютерга ёпишиб ўсади, ундан нари кетмай қолади.
Интернетнинг макригиёҳи шунчалар ўткир, шунчалар жозибадор, болангизни эҳтиётлаб-эҳтиётлаб ўргата бормасангиз, кейин кеч бўлади. Бунинг оқибати нима билан тугашини ҳали ҳеч ким билмайди. Яхшиси, болага китоб ўқиб бериб, бошқа ишларга қизиқтириб, чалғитиб, компьютер сабоқларини эса оз-оздан, кам-камдан бериб бориш мақсадга мувофиқдир. Фарзандларингизнинг болалик даври компьютерга қурбон бўлиб кетмасин!
“Знание – сила” журналининг 2016 йил 11-сонидан Музаффар Аҳмад таржимаси
«Ёшлик» журнали, 2017 йил, 9-сон
Qiziqarli malumotlar
Bolalarga kitob oʻqib bering