Bolalardagi oʼsmalar
Bolalardagi oʼsmalar
DO`STLARGA ULASHING:
Аsosan qon va limfa toʼqimalaridan rivojlanadigan oʼsmalar bolalar oʼrtasida koʼp kuzatiladi (40-50% hollarda). Bosh miya buyrak, yumshoq toʼqima va suyak toʼqimalari xavfli oʼsmalari esa keyingi oʼrinlarda turadi. Bola hayotining dastlabki yillarida embrional tabiatdagi (yaʼni ona qornida paydo boʼlgan) oʼsmalar ham uchraydi.
Oʼsma kasalliklarining dastlabki bosqichida umumiy kasalliklarga xos boʼlgan belgilar roʼy beradi. Organizmda oʼsma rivojlanayotganda bolaning ishtahasi pasayadi, holi quriydi, tana harorati vaqti-vaqti bilan koʼtarilib turadi, tez-tez boshi ogʼriydi, uyqudan turgandan soʼng koʼngli aynab qayt qiladi.Qoʼl va oyoq suyaklarida oʼsma rivojlanayotgan boʼlsa kasallikning dastlabki bosqichlarida shu sohalarda vaqti-vaqti bilan ogʼrib turadi. Ogʼriqlar xuddi biror joyni urib olgandagi yoki jarohatlanishdagi singari boʼladi.
Taʼkidlash kerakki, bolalarda uchraydigan xavfli oʼsmalar katta yoshli kishilarnikidan ancha farq qiladi. Masalan, bolalarda embrional tabiatdagi oʼsmalar koʼproq uchragani uchun ular ayrim hollarda tugʼma nuqsonlar bilan birgalikda kechadi. Bundan tashqari bolalarda oʼsma kasalligining klinik belgilari qisqa vaqt ichida yuzaga chiqadi va shiddat bilan rivojlanadi.
Bosh miya oʼsmalari bolalarda uchraydigan xavfli oʼsma kasalliklarining 20 foizigacha tashkil etadi. Tuzilishi va xususiyatiga koʼra bu oʼsmalar bir-biridan farqlanadi. Bolalarda asosan miyachadan kelib chiqadigan medullablastomalar(mustaqil rivojlanadigan oʼsmalar), shuningdek astrotsitoma (markaziy nerv tizimi xavfli oʼsmasi), orqa miyada paydo boʼladigan glioblastoma va miya ichki boʼshliqlarida rivojlanadigan ependimoma oʼsmalari uchrab turadi.
Kasallik endi boshlanganda bolaning boshi ogʼriydi, ertalablari koʼngli aynib qusadi. Boshi aylanib, koʼrish qobiliyati pasayadi, koʼz oldida narsalar uchib yurgandek boʼladi. Oʼsma kattalasha borgani sari organizmda turli oʼzgarishlar (shaytonlash, tana muvozanatining buzilishi, qoʼl va oyoqlarda falajlanishlar) kuzatiladi.
Xavfli limfomalar – limfoid toʼqimalardan rivojlanadigan oʼsmalar boʼlib, bolalardagi oʼsma kasalliklarining 30 foizigacha tashkil etadi. Bu turdagi oʼsmalarga Xojkin limfomasi (limfogranulematoz), va noxojkin limfomasi (limfosarkoma, retikulosarkomalar)ni kiritish mumikin. Xavfli limfomalar limfa tugunlarining bitta yoki bir nechta sohalarini kattalashishi bilan boshlanadi. Shundan soʼng tana haroratining koʼtarilishi, bolaning holsizlanib ozishi, ishtahasining yoʼqolishi va haddan ortiq terlashi singari holatlar roʼy beradi.
Nefroblastomalar buyrak toʼqimasidan rivojlanadigan xavfli oʼsma boʼlib, asosan 2 yoshgacha boʼlgan bolalarda koʼp kuzatiladi. Onalar bolani choʼmiltirganda yoki qornini silaganda behosdan uning qorin boʼshligʼida hosila borligini payqab qolishadi. Shundan keyingina shifokorga murojaat etishadi.
Suyaklardagi xavfli oʼsmalar 6 foiz hollarda uchrab, asosan suyakning qattiq va xususiy qon tomirlarida rivojlanadi. Bemorlar oʼzlarini jarohatlangan hisoblab, travmatologlarga borishadi va oʼsma rivojlanayotgan sohaga gipsli bogʼlam qoʼydirishadi, hatto fizioterapevtik muolajalar oʼtkaziladi. Bu xildagi davolash esa oʼsmalarning tezda rivojlanib ketishiga sabab boʼladi. Xullas shundan keyingina bola onkologga olib boriladi.
Yumshoq toʼqimalardan rivojlanuvchi xavfli oʼsmalar organizmning barcha sohalarida uchraydi. Bunday oʼsmalar aksariyat hollarda tez oʼsib, boshqa aʼzolarga tarqaladi.
Bolalar oʼrtasida germinogen xususiyatli oʼsmalar, (yaʼni teratoid – tugʼma hamda mayib-majruhlikka olib boruvchi oʼsma), shuningdek moyak va tuxumdonlar oʼsmalari onda-sonda uchraydi.
Xavfli oʼsmalarni davolash dastlab jarrohlik yoʼli bilan boshlanib, keyinchalik kimyo va nur terapiyasi bilan davom ettiriladi. Masalan bosh miya oʼsmalari uchraganda avvalo oʼsma olib tashlanadi va keyin davomli muolaja buyuriladi. Аgar davolash ishlari bosqichma-bosqich oʼtkazilib qunt bilan oxiriga yetkazilsa bola batamom sogʼayib ketadi.
Farzandingizda yuqorida aytib oʼtilgan belgilar paydo boʼlganini sezsangiz darhol uni onkolog mutaxassislarga koʼrsating. Shunda kasallik oʼz vaqtida aniqlanib, davolashga kirishiladi, bu esa bemorlarning oʼsma kasalliklaridan toʼliq tuzalib ketishlariga imkon beradi.
Mirza-Аli GʼOFUR-OXUNOV,
Toshkent shahar onkologiya dispanseri
bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Bolalardagi oʼsmalar