Bolalarda o‘sma kasalliklari va o‘ziga xos xususiyatlari haqida malumot
Asosan qon va limfa to‘qimalaridan rivojlanadigan o‘smalar bolalar o‘rtasida ko‘p kuzatiladi (40-50% hollarda). Bosh miya buyrak, yumshoq to‘qima va suyak to‘qimalari xavfli o‘smalari esa keyingi o‘rinlarda turadi. Bola hayotining dastlabki yillarida embrional tabiatdagi (ya’ni ona qornida paydo bo‘lgan) o‘smalar ham uchraydi.
O‘sma kasalliklarining dastlabki bosqichida umumiy kasalliklarga xos bo‘lgan belgilar ro‘y beradi. Organizmda o‘sma rivojlanayotganda bolaning ishtahasi pasayadi, holi quriydi, tana harorati vaqti-vaqti bilan ko‘tarilib turadi, tez-tez boshi og‘riydi, uyqudan turgandan so‘ng ko‘ngli aynab qayt qiladi.
Qo‘l va oyoq suyaklarida o‘sma rivojlanayotgan bo‘lsa kasallikning dastlabki bosqichlarida shu sohalarda vaqti-vaqti bilan og‘rib turadi. Og‘riqlar xuddi biror joyni urib olgandagi yoki jarohatlanishdagi singari bo‘ladi.
Ta’kidlash kerakki, bolalarda uchraydigan xavfli o‘smalar katta yoshli kishilarnikidan ancha farq qiladi. Masalan, bolalarda embrional tabiatdagi o‘smalar ko‘proq uchragani uchun ular ayrim hollarda tug‘ma nuqsonlar bilan birgalikda kechadi. Bundan tashqari bolalarda o‘sma kasalligining klinik belgilari qisqa vaqt ichida yuzaga chiqadi va shiddat bilan rivojlanadi.
Bosh miya o‘smalari bolalarda uchraydigan xavfli o‘sma kasalliklarining 20 foizigacha tashkil etadi. Tuzilishi va xususiyatiga ko‘ra bu o‘smalar bir-biridan farqlanadi. Bolalarda asosan miyachadan kelib chiqadigan medullablastomalar(mustaqil rivojlanadigan o‘smalar), shuningdek astrotsitoma (markaziy nerv tizimi xavfli o‘smasi), orqa miyada paydo bo‘ladigan glioblastoma va miya ichki bo‘shliqlarida rivojlanadigan ependimoma o‘smalari uchrab turadi.
Bolalarda o‘sma kasalliklari belgilari
Kasallik endi boshlanganda bolaning boshi og‘riydi, ertalablari ko‘ngli aynib qusadi. Boshi aylanib, ko‘rish qobiliyati pasayadi, ko‘z oldida narsalar uchib yurgandek bo‘ladi. O‘sma kattalasha borgani sari organizmda turli o‘zgarishlar (shaytonlash, tana muvozanatining buzilishi, qo‘l va oyoqlarda falajlanishlar) kuzatiladi.
Xavfli limfomalar
Xavfli limfomalar – limfoid to‘qimalardan rivojlanadigan o‘smalar bo‘lib, bolalardagi o‘sma kasalliklarining 30 foizigacha tashkil etadi. Bu turdagi o‘smalarga Xojkin limfomasi (limfogranulematoz), va noxojkin limfomasi (limfosarkoma, retikulosarkomalar)ni kiritish mumikin.
Limfa tugunlarining bitta yoki bir nechta sohalarini kattalashishi kabi alomatlar bilan xavfli limfomalar boshlanadi. Shundan so‘ng tana haroratining ko‘tarilishi, bolaning holsizlanib ozishi, ishtahasining yo‘qolishi va haddan ortiq terlashi singari holatlar ro‘y beradi.
Nefroblastomalar
Nefroblastomalar buyrak to‘qimasidan rivojlanadigan xavfli o‘sma bo‘lib, asosan 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarda ko‘p kuzatiladi. Onalar bolani cho‘miltirganda yoki qornini silaganda behosdan uning qorin bo‘shlig‘ida hosila borligini payqab qolishadi. Shundan keyingina shifokorga murojaat etishadi.
Suyaklardagi xavfli o‘smalar
Suyaklardagi xavfli o‘smalar 6 foiz hollarda uchrab, asosan suyakning qattiq va xususiy qon tomirlarida rivojlanadi. Bemorlar o‘zlarini jarohatlangan hisoblab, travmatologlarga borishadi va o‘sma rivojlanayotgan sohaga gipsli bog‘lam qo‘ydirishadi, hatto fizioterapevtik muolajalar o‘tkaziladi. Bu xildagi davolash esa o‘smalarning tezda rivojlanib ketishiga sabab bo‘ladi. Xullas shundan keyingina bola onkologga olib boriladi.
Yumshoq to‘qima o‘smalari
Yumshoq to‘qimalardan rivojlanuvchi xavfli o‘smalar organizmning barcha sohalarida uchraydi. Bunday o‘smalar aksariyat hollarda tez o‘sib, boshqa a’zolarga tarqaladi.
Bolalar o‘rtasida germinogen xususiyatli o‘smalar, (ya’ni teratoid – tug‘ma hamda mayib-majruhlikka olib boruvchi o‘sma), shuningdek moyak va tuxumdonlar o‘smalari onda-sonda uchraydi.
Xavfli o‘sma kasalliklarini davolash
Xavfli o‘sma kasalliklarini davolash dastlab jarrohlik yo‘li bilan boshlanib, keyinchalik kimyo va nur terapiyasi bilan davom ettiriladi. Masalan bosh miya o‘smalari uchraganda avvalo o‘sma olib tashlanadi va keyin davomli muolaja buyuriladi. Agar davolash ishlari bosqichma-bosqich o‘tkazilib qunt bilan oxiriga yetkazilsa bola batamom sog‘ayib ketadi.
Farzandingizda yuqorida aytib o‘tilgan belgilar paydo bo‘lganini sezsangiz darhol uni onkolog mutaxassislarga ko‘rsating. Shunda kasallik o‘z vaqtida aniqlanib, davolashga kirishiladi, bu esa bemorlarning o‘sma kasalliklaridan to‘liq tuzalib ketishlariga imkon beradi.
© Mirza-Ali G‘OFUR-OXUNOV,
Toshkent shahar onkologiya dispanseri bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori, professor.
«Sihat-salomatlik» jurnali.
Kasalliklar
Bolalarda o‘sma kasalliklari va o‘ziga xos xususiyatlari