Bolalarda kamqonlik haqida malumot
Hozirgi kunga kelib ekologik muhitning yomonlashuvi, kundalik iste’mol qilinayotgan mahsulotlarda kerakli darmondorilarning yetishmasligi natijasida bir qancha kasalliklaryuzaga kelmoqda.
Bugun ana shunday kasalliklardan biri bo‘lgan kamqonlik ya’ni, anemiya haqida to‘xtalmoqchimiz. Qon tarkibidagi gemoglobin miqdorining pasayib ketishi kamqonlik kasalligiga sababbo‘ladi. Miyaga kislorod yetkazib berish esa aynan qondagi gemoglobinning asosiy vazifasidir. Bu kasallik bilan og‘rigan bemorlarda turli infeksion xastaliklarga chalinish xavfi yuqoribo‘lib, uni tezda bartaraf etish qobiliyati past bo‘ladi. Qon tarkibida organizmning hayotiy o‘sib rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan oziq moddalar mavjud.
Kamqonlik (anemiya)ga chalinmaslik uchun qondagi gemoglobin miqdorining me’yorda bo‘lishiga ahamiyat bering hamda kundalik taomnomangizni temir moddasiga boy bo‘lgan mahsulotlar bilan boyiting.
Ushbu kasallik bolalarning jismoniy va ruhiy rivojlanishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Bemor bolalar o‘z tengdoshlaridan aqliy qobiliyati pastligi sababli ortda qola boshlaydi. Kamqonlik bolaning dars jarayonida vazifalarni yaxshi o‘zlashtira olmasligi, uyquchanlik, xotiraning pasayishi, tez kasallikka chalinishi, bosh og‘rig‘i va boshqa shu kabi ko‘rinishlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Bolalarda kamqonlik kasalligini tezda aniqlash va uni vaqtida davolash zarur. Ularning o‘z vaqtida ovqatlanishi, vitaminlarga boy mahsulotlarni iste’mol qilishi kelajakda sog‘lom bo‘lib voyaga yetishini ta’minlaydi.
Shuningdek, kamqonlik kasalligi ayollarda homilaning normal yetilishiga va sog‘lom rivojlanishiga ta’sir etib, tug‘ish paytida kuzatiladigan asoratlarning ko‘payishiga olib keladi. Bundan tashqari, temir tanqisligi, ya’ni kamqonlik aniqlangan ona tug‘ilajak farzandiga yetarli miqdorda temir zahirasini bera olmaydi. Oqibatda chaqaloq ruhiy va jismoniy rivojlanishdan ortda qoladi.
Kamqonlik belgilari
Kamqonlikning belgilari quyidagilar:
Terining quruqlashishi, og‘iz burchagining va tovonning yorilishi, sochning tez sinishi va to‘kilishi, tishlarning mo‘rt bo‘lib yemirilishi, tirnoqlarning yupqalashishi, ko‘chishi va sinishi, tirnoq shaklining o‘zgarishi, hid sezishda (quruq yerdan suv sepilganda chiqadigin hid, shuningdek, kerosin, benzin, tamaki, mashina motoridan chiqadigan hidlarni yoqtirish) va ta’m bilishda (kesak, gilvata, choy shamasi, xom go‘sht, makaron, guruch yeyishga moyillik) kabi o‘zgarishlar kuzatiladi.
Temir moddasi tabiiy holda oziq-ovqatlar tarkibida yetarlicha mavjud. Faqat temir moddasini ko‘p tutadigan va insonga zarur bo‘ladigan oziq-ovqatlardan yetarli miqdorda yoshlikdan boshlab, uzluksiz iste’mol qilinsa bo‘lgani.
Chaqaloqlarda uchraydigan kamqonlikni davolash qanday amalga oshiriladi?
Bugungi kunda yosh bolalar va chaqaloqlarda uchrayotgan kamqonlik kasalligining kelib chiqishiga bir qancha omillar sabab bo‘lmoqda. Avvalo homiladorlikni rejalashtirish davrida bo‘lajak onani sog‘lomlashtirishga ahamiyat berish lozim. Ona organizmidagi har bir o‘zgarish bolaga o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Shu sababli homilador ayol o‘z salomatligi haqida jiddiy qayg‘urishi lozim. Bo‘lajak onaning kondagi gemoglobin miqdori kamida 120 g/l ni tashkil etishi lozim.
Chaqaloqlardagi kamqonlik sabablari
Chaqaloqlardagi kamqonlikning kelib chiqishiga quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin:
- Bolani noto‘g‘ri ovqatlantirish;
- bola me’da-ichak kasalligi bilan og‘riganda;
- sun’iy ovqatlantirish davomida;
- chala tug‘ilgan chaqaloqlarda;
- o‘tkir infeksion kasalliklarga chalinganida va hakozo;
- bola organizmi temir moddasini yaxshi o‘zlashtira olmasligi natijasida temir tanqisligi yuzaga kelishi mumkin.
Chala tug‘ilgan chaqaloqlarga me’yorda o‘sib rivojlanishi uchun 2 oy davomida qo‘shimcha ravishda Ye vitamini berib boriladi. Chaqaloqlarga dastlabki 2 oy davomida temir preparatlari berish tavsiya etilmaydi. Sababi chaqaloq organizmi hali judayam nimjon, yangi hayotga hali to‘liq moslasha olmagan bo‘ladi. Bu davrda o‘ziga kerakli bo‘lgan ozuqani faqat ona sutidan oladi. Juda zarur holatlarda shifokor maslahati bilan temir preparati kichik miqdorda berilishi mumkin. Kamqonlik bilan tug‘ilgan chaqaloqlarga 2 oy bo‘lganidan so‘ng unga temir preparati berish mumkin.
Bu kasallik chaqaloqning ota-onasidan irsiy gemolitik kamqonlik sifatida ham o‘tishi mumkin. Chaqaloqlarning gemorragik kasalligi esa – vitamin K va qon ivishini ta’minlovchi omillarning yetishmovchiligi natijasida kelib chiqadi.
Gemorragik kasalliklarda chaqaloq tug‘ilgandan so‘ng vitamin K preparati shifokor tekshiruvi ostida amalga oshiriladi.
Homiladorlik davrida bo‘lajak ona o‘zining gemoglobin miqdorini me’yoriy holatga keltirib olsa, tug‘ilajak bolada kamqonlik kasalligi bilan chalinishining oldi olinadi. Buning uchun taomnomada gemoglobin miqdorini oshiruvchi mahsulotlar bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
© Feruza Jabborova, neonatolog.
«Sog‘lom avlod» gazetasi.
Kasalliklar
Bolalarda kamqonlik