Bolalarda askaridoz haqida to’liq ma’lumot oling

Bolalarda askaridoz haqida to’liq ma’lumot oling

Mundarija скрыть
Bolalarda askaridoz haqida to’liq ma’lumot oling
Bolalarda askaridoz – parazitar kasallik bo‘lib, bolalarga yumaloq chuvalchang – askaridalarning yuqishi natijasida kelib chiqadi. Bolalarda askaridoz holsizlik, isitma, mahalliy allergik reaksiyalar, yo‘tal, abdominal va astenovegetativ sindromlar, hazm qilish bilan bog‘liq muammolar, hamda tana vazni kamayishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Bolalarda askaridoz diagnostikasi klinik-epidemiologik natijalar, umumiy qon analizi, serologik tekshiruvlar, gelment tuxumlarini aniqlash uchun nafas tekshiruvlarni o‘z ichiga oladi. Askaridoz holatini davolash uchun bolalarga antigelment preparatlar buyuriladi.
Askaridoz – gijja infeksiyalari orasida (gelmentozlar) eng ko‘p tarqalgan parazitar kasalliklardan biri hisoblanadi. Kasallikni yumaloq chuvalchanglar turkumiga kiruvchi Ascaris lumbricoides keltirib chiqaradi. Asosiy kasallanadigan organizm – kichik yoshdagi bolalar hisoblanadi.
Bolalarda askaridoz qo‘zg‘atuvchisi – inson askaridasi yoysimon shaklda, oqish-pushti rangli va ancha katta o‘lchamga ega bo‘ladi (urg‘ochi askarida uzunligi – 40 sm.gacha, erkagi esa – 25 sm.gacha yetishi mumkin). Askarida bola organizmida turli xil a’zolarda parazitlik qilishi mumkin. Ammo, parazit o‘z hayot faoliyatini asosan ingichka ichakda o‘tkazadi. Bolalarda askaridoz kasalligi antroponoz geogelmintoz guruhiga kiradi: gelmintning yagona biologik xo‘jayini inson hisoblanadi, tuxumlarning yetilishi esa tuproqda amalga oshadi.
Bolalarda askaridoz sabablari va patogenezi
Askarida tuxumlari tuproqqa kasal inson organizmi tomonidan tushadi. Yetilgan askaridalar tashqi muhitda yashash qobiliyatiga ega emas, ularning tuxumlari esa tuproq bir necha yillar davomida saqlanib qolishi mumkin. Bolalarning askarida bilan zararlanishi fekal-oral yo‘l bilan amalga oshadi, ya’ni bola askarida tuxumlarini yutgan vaqtida yuqadi.
Kasallikning eng ko‘p tarqaladigan vaqti bahor-yoz mavsumidir, chunki bu vaqtda bolalar sanitariya-gigiyena qoidalariga kam amal qiladilar, tuproq va o‘t o‘lanlar bilan ko‘p kontaktda bo‘ladi (sayr qilish vaqtida, bolalar qumli maydonchasida o‘ynagan vaqtida), hamda yoz oylarida bolalar meva-sabzavot mahsulotlarini, ko‘katlarni ko‘p iste’mol qiladi va qaynatilmagan suv ichishlari mumkin.
Askaridaning hayot sikli bir necha davrlarni o‘z ichiga oladi. Ichakka tushgan askarida yetilgan askarida tuxumlaridan lichinka chiqadi, bu lichinka ichak shilliq qavatlaridan o‘tib darvoza venasiga tushadi va qon oqimi bilan birga harakatlanib jigar, o‘t qopi, yurak o‘ng qorinchasi, o‘pka va bronxlariga tarqaladi. Bola yo‘talgan vaqtida balg‘ami bilan lichinkalar og‘iz bo‘shlig‘iga o‘tadi va lichinkalar so‘lak orqali qayta yutadi, lichinkalar yana ichakka tushadi va bu vaqtda ular jinsiy ko‘payish qobiliyatiga ega bo‘ladi.
Askarida tuxumi bola organizmiga tushib to yetilgunga qadar 2,5-3 oy vaqt o‘tadi, bu muddat kasallikning erta migratsion bosqichi deb yuritiladi. Kechki ichak bosqichida askaridalar yetilgan va jinsiy ko‘payish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Bir sutka davomida urg‘ochi askarida 250.000 tagacha yetilmagan tuxumlar qo‘yishi mumkin va ular najas orqali bemor organizmidan tashqi muhitga chiqariladi.
Yetilgan askaridalarning yashash muddati 12 oydan oshmaydi – so‘ngra ular nobud bo‘ladi. Yangi lichinkalar avlodi o‘sha organizmning ozida rivojlana olmaydi, askaridoz davolanmagan holatda ham 1 yil ichida butunlay yo‘qolib ketadi, albatta shu vaqt ichida bola qayta zararlanmasa (autoreinvaziya).
Bolalarda askaridoz belgilari
Bolalarda askaridoz kam miqdorda yuqqan bo‘lsa, yashirin holda kechishi mumkin. Ba’zida askaridoz belgilari yaqqol namoyon bo‘ladi, bola zararlangandan keyin 1 hafta davomida intoksikatsion va allergik belgilar yuzaga chiqadi (erta migratsion bosqichda).
Bolada umumiy holsizlik, tana harorati ko‘tarilishi (38 C gacha oshishi mumkin), to‘sh ortida og‘riq, allergik toshmalar va teri qichishishi, quruq yoki shilliq balg‘amli yo‘tal, ba’zida plevrit belgilari kuzatilishi mumkin. Kasallik davomida bola jigari, taloq va limfa tugunlari kattalashishi ham kelib chiqadi (gepatosplenomegaliya).
Askaridoz ichak bosqichida – hazm qilish bilan bog‘liq muammolar kelib chiqadi, oshqozon kislotalik muhiti kamayishi va fermentlar faolligi pasayishi, ovqat mahsulotlari hazm bo‘lishi qiyinlashuvi, ozuqaviy mahsulotlar so‘rilishi qiyinlashuvi yuzaga chiqadi.
Bola doimiy qorin og‘rishi (abdominal sindrom), ishtahaning pasayishi, ba’zida ovqat mahsulotlari ta’sirida ko‘ngil aynish, so‘lak ajralishining ko‘payissi, ayrim mahsulotlarni ko‘tara olmaslik, meteorizm (qorin dam bo‘lishi), ich ketishi, tana vaznining pasayishi, tez-tez shamollash kabi holatlardan aziyat chekadi.
Bolalarda askaridozga xos bo‘lgan nerv tizimi bilan bog‘liq muammolardan (astenovegetativ belgilar) – tez charchab qolish, xotiraning pasayishi, qo‘zg‘aluvchanlik, uyqu bezovtaligi, vestibulyar kamchiliklar, giperkinez va epileptik talvasalar yuzaga chiqishi ham mumkin.
Bolalarda askaridoz asoratlari
Bolalarda askaridoz o‘zidan keyin qoladigan asoratlar qolishi bilan xavfli hisoblanadi. Askarida lichinkalari turli xil a’zolar va qon tomirlar devorida mexanik o‘zgarishlar, o‘choqli yoki kam hajmli qon quyilishlar, yallig‘lanish infiltratlari, jigar, ichak, o‘pka to‘qimasi perforatsiyasi va mikronekroz kabi holatlarga olib kelishi mumkin.
Askaridalarning lichinkalari va yetilgan shakllari hayot faoliyati mahsulotlari organizmga kuchli toksik va allergik ta’sir ko‘rsatadi. Bolalarda askaridoz organizm umumiy sezuvchanligi va yaqqol namoyon bo‘ladigan mahalliy allergik reaksiyalar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi, og‘ir holatlarda eshakemi va asmatik bo‘g‘ilish ham yuzaga chiqishi mumkin.
Bolalarda askaridoz oqibatida disbakterioz rivojlanishi, immun tizimi pasayishi, turli xil infeksiyalar yuqish ehtimolini oshirib yuborishi mumkin. Pediatriya sohasida askaridoz holatlari profilaktik emlashlarga qarshi ko‘rsatma bo‘la oladi. Chunki bunday holatlarda vaksinalarning samarasi pasayib ketadi.
Askaridalarning ko‘plab yuqishi va rivojlanishi natijasida bolalarda mexanik yoki obturatsion ichak tutilishi, o‘t yo‘llari va chuvalchangsimon o‘simta obturatsiyasi kelib chiqadi.
Buning natijasida mexanik sariqlik, o‘tkir appenditsit belgilari, xolangit, xolesistit, pankreatit rivojlanishi mumkin. Askaridozning endemik o‘choqlarida kasallangan bolalarda og‘ir kechuvchi pnevmoniya (zotiljam) ko‘rinishida asoratlanishi va uning oqibati o‘lim bilan tugashi ham mumkin.
Askaridoz diagnostikasi
Bolalarda askaridoz kasalligining erta bosqichlari klinik-epidemiologik ma’lumotlar va qo‘shimcha belgilar: umumiy qon tahlilida leykotsitoz va eozinofiliya holati, balg‘am mikroskopik tekshiruvida parazit lichinkalari topilishi, o‘pka rentgenogrammasida eozinofil infiltrat soyalari ko‘rinishiga asoslanib qo‘yiladi.
Askaridoz diagnostikasida serologik tekshiruv usullari (askarida tirik lichinkalariga bo‘lgan reaksiya, askaridaga qarshi antitelo gemagglyutinatsiyasi reaksiyasi va boshqalar) hozirgi kunda keng tarqalmagan.
Bolalarda askaridozni aniq tashxislash bola zararlanganidan so‘ng 3 oy o‘tib aniqlash mumkin, bunda askarida lichinkalari yetilgan, jinsiy ko‘payish qobiliyatiga ega va ichak bosqichiga o‘tgan bo‘ladi. Bunday holatda parazit tuxumlarini aniqlash maqsadida najas laborator tekshiruvlari o‘tkaziladi.
Ba’zi holatlarda askaridaning yetilgan shakllari ichak va ko‘krak qafasi sohasini rentgenografiya tekshiruvi orqali ko‘rinishi ham mumkin. Bundan tashqari endoskopik tekshiruvlar va jarrohlik aralashuvi ham askaridoz kasalligi diagnostikasida aniq ma’lumotlar beradi (bolalar gastroenterologiyasi bo‘limlarida amalga oshiriladi).
Bolalarda askaridoz davosi
Askaridoz tashxisi qo‘yilgan bolalarda antigelment medikomentoz davo muolajalari o‘tkaziladi. Preparat turi va uning dozasi pediatr yoki bolalar infeksionisti tomonidan buyuriladi. Bunda kasallikning og‘irlik darajasi va bosqichi inobatga olinadi.
Askaridozning erta migratsion bosqichida desensibilizatsiyalovchi va antigelmint vositalar qo‘llaniladi (tiabendazol yoki mebendazol preparatlar, ular nematodalarga qarshi keng spektrda ta’sir ko‘rsatadi). O‘pkadagi muammolarni bartaraf etish uchun bronxolitik va kortikosteroid vositalar buyuriladi.
Bolalarda asakaridozning ichak bosqichida shifokor ko‘rsatmasiga binoan: levamizol – bir marotaba qabul qilishga; pyrantel – bir marotaba qabul qilishga; piperizin, mebendazole – 2 yoshdan katta bolalarga, ayniqsa ko‘p miqdorda parazit yuqqan vaqtda buyuriladi.
Ushbu vositalar bilan davolanganda, davo samarasi – 80-100 % ni tashkil etadi. Davo muolajalar olib borilganidan so‘ng 1 oy o‘tib bola qayta tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Bu muolajalarni tayinlashda shifokor-gelmentolog bolaning individual holatidan kelib chiqib tanlaydi.
Bolalarda askaridoz oqibati va profilaktikasi
Askaridoz kasalligi bolalarda asoratsiz kechgan holatlarda antigelment preparatlar yordamida to‘liq davolanadi va bolada hech qanday asoratlar qolmaydi. Kasallik asoratlanadigan bo‘lsa, kelib chiqadigan o‘zgarishlar og‘irlik darajasiga e’tibor qaratiladi.
Bolalarda askaridozning birlamchi profilaktikasida bola shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etishi bo‘lsa, ikkilamchi profilaktikasida – umumiy sanitar-gigiyenik chora tadbirlar o‘tkazish ishlari olib boriladi (tuproq va suv havzalarini najas bilan ifloslanishdan saqlash, askaridoz bilan zararlangan bolalarni aniqlash va ularni davolash, aholini ogohlantirish).

Malumotlar
Bolalarda askaridoz