Bo`lajak stomatologlar ishini baholovchi robot yaratildi
Rossiyaning Perm milliy tadqiqot politexnika universiteti va Perm davlat tibbiyot universiteti olimlari o`zaro hamkorlikda bo`lajak stomatologlar uchun maxsus simulyator yaratdi.
Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur robot texnologiyasi talabalar bilim va mahoratini avtomatik tarzda baholab, xuddi bemor singari ko`rsatilgan tibbiy xizmat sifati haqida fikr bildira oladi.
Simulyatorga haqiqiy emal qattiqligiga ega rezina va plastmassa materiallardan tayyorlangan almashtiriluvchi tishlar o`rnatilgan.
U to`rt turdagi stomatologik xizmat, ya`ni kariesni davolash, koronka tayyorlash, tishni olib tashlash hamda kanallarni muolaja qilishga mo`ljallangan.
Mashg`ulot chog`ida talabalar amaliyot turiga ko`ra, odatiy monolit yoki maxsus rangli tishlar hamda plombalardan foydalanishlari mumkin.
Bu innovasion ishlanma orqali ta`lim oluvchilar inson tishlari tuzilishi bilan bir xil maketda tadqiqot olish imkoniga ega bo`ladi.
Qolaversa, maxsus dasturlashtirilgan neyrotarmoq olib tashlangan tishlar yoki ularning burg`ulangan qismlari chuqurligi, kengligi, tekisligi va boshqa xususiyatlarini soniyalar ichida tahlil qilib, bajaruvchining mahorat va ko`nikmasini avtomatik baholaydi.
Bundan tashqari, simulyator o`tilgan amaliy mashg`ulotlar va ma`ruzalar mavzulari bo`yicha savollar hamda test topshiriqlari orqali talabalarning bilim darajasini tekshiradi.
Rossiyalik olimlar kelgusida tibbiyot kadrlari tayyorlash jarayonida bunday robotlardan keng foydalanishni maqsad qilgan.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Bo`lajak stomatologlar ishini baholovchi robot yaratildi