Bola uyquda ko’p terlash sabablari haqida to’liq ma’lumot oling
Bola uyquda ko’p terlash sabablari, tashxislash va davolash usullari
Koʻpgina onalarni xavotirga soladigan holat bolakaylarining tunda ko’p terlash holatidir. Albatta, bunday vaziyat juda koʻp uchraydi, bolakayni uxlatib yotqizib qoʻysangiz kiyimchasi va yotoq choyshabining terlash natijasida nam boʻlib qolganligini koʻrasiz.
Ammo, bunday vaziyatda xavotirlanish kerak emas, bolalar uchun bu fiziologik jarayon hisoblanadi. Baʼzida koʻp terlash bolaning qizib ketganligi yoki nerv tizimidagi ayrim muammolar tufayli boʻlishi ham mumkin. Bundan tashqari ter bezlarining juda faol boʻlishi ayrim kasalliklardan darak berishini ham unutmaslik lozim.
Bolalarda uyqu vaqtida koʻp ter ajralishi sababini aniqlash uchun avvalo ular organizmning tuzilishi va fiziologiyasi bilan tanishib chiqish kerak boʻladi.
Bolalarda uyqu vaqtida koʻp terlashi: fiziologik jarayon!
Avvalo, ter ajralishi har qanday yoshdagi inson uchun normal holat ekanligi va organizm shu yoʻl bilan tana haroratini meʼyorda saqlab turishini bilib olish zarur. Bolalarda esa ter bezlari funksiyasining toʻliq ishlamasligi va termoregulyatsiya markazining yaxshi rivojlanmaganligi bois uyqu vaqtida koʻp terlash holati tez-tez uchrab turadi.
Ter bezlarining faol vazifa bajarishi bola hayotining 3-haftasidan boshlanadi. Ammo, toʻliq shakllanishi 5-6 yoshlarda roʻy beradi. Odatda tungi uyqu vaqtida koʻp ter ajralishi 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda kuzatiladi. Bola 4 yoshdan oshgach bunday holat kamdan kam qayd etiladi.
Ter bezlarining vazifasi faqatgina organizmni sovutish emas, balki organizmda toʻplangan zaharli moddalar, toksinlarni ham ajratib tashlash kabi funksiyasi ham mavjud va bu jarayon nerv tizimi bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Uyquda ko’p terlash: patologik jarayon
Koʻpgina mutaxassislar fikricha bolalarning koʻp terlashiga quyidagilar sabab boʻladi:
-
Xona haroratining yuqori boʻlishi yoki ob havoning issiq boʻlishi natijasida bolaning terlashi;
-
Kun davomida bola emotsional holati, qoʻzgʻaluvchanligi, nerv tizimining taʼsirlanishi tungi vaqtda koʻp terlashga sabab boʻladi;
-
Shamollash kabi holatlarda;
-
Nasliy moyillik.
Koʻp ter ajralishi ayrim kasalliklar natijasida ham roʻy beradi, ular quyidagilar boʻlishi mumkin:
-
Vitamin D yetishmovchiligi va raxit;
-
Apnoe;
-
Qalqonsimon bez funksiyasida kamchiliklar;
-
Jigar va oshqozon ichak tizimidagi muammolar;
-
Yurak-qon tomir kasalliklari;
-
Immun tizimidagi oʻzgarishlar.
Bolaning qizib ketishi
Bola dunyoga kelgach hayotining 3-haftasidan boshlab tashqi muhit haroratiga taʼsirlanishni boshlaydi. Issiq havo bola termoregulyatsiya markazini faollashtiradi. Bola 5-6 yoshgacha boʻlgan davrda issiq havoga juda sezuvchan boʻladi va organizm bunday vaziyatda kuchli qoʻzgʻalishi, ter ajralishi koʻpayishi mumkin.
Nima uchun bolalar aynan uyqu vaqtida ko’p terlash kuzatiladi?
Pediatrlar bu holatni quyidagicha izohlaydilar: bolalarning kunduzgi vaqtda terlashi tez bugʻlanadi, bolalar aynan kun davomida oʻzlarining asosiy energiyalarini sarflaydilar. Tungi vaqtda ham ter bezlari faol ishlab turadi ammo bola oʻzining energiyasini faol sarflamaydi, shu sababli ajralgan ter bugʻlanmaydi, aksincha organizmda toʻplanib qoladi.
Bola koʻp terlashining yana bir sababi bolakayni juda qalin matolar bilan belab tashlashdir. Koʻpgina onalar bolakaylarining sovuq qotib qolishlaridan choʻchib ularni uyqu oldidan juda qalin matolar bilan oʻraydilar yoki mavsumga mos boʻlmagan kiyimchalar kiydiradilar, natijada bolakay organizmi qizib ketadi va koʻp ter ajralishidan aziyat chekadi. Bolakaylarning qizib ketishi va koʻp terlamasliklari uchun quyidagilarga rioya etish lozim:
Bolalar xonasida optimal harorat 18-21 gradusni tashkil etishi, namlik miqdori esa 50-60 % boʻlishi maqsadga muvofiq. Quruq havo ham ter bezlari ishini faollashtirib yuboradi. Bolakay uxlaydigan xonani tez tez shamollatib turish zarur: kun davomida 10-20 daqiqadan 3-4 marotaba.
Bolakaylarni xona haroratiga mos holatda kiyintirish kerak. Kiyim matolari tabiiy boʻlishi va havo oʻtkazishi tavsiya etiladi.
Nerv tizimining kuchli qo’zg’alishi
Bola hayotining 1 yilida nerv tizimi juda qoʻzgʻaluvchan boʻladi. Kun davomida bolakay atrof olamga moslashadi, juda koʻplab emotsiyalar, koʻplab ta’surotlar oladi, yangi yangi qobiliyatlarni oʻrganadi, shu sababli nerv tizimi juda kuchli ishlaydi. Hatto, bolakay tunda uxlayotganda ham uning nerv tizimi faol ishlab turishi mumkin. Bu esa uyqu vaqtida ter ajralishining koʻpayishiga sabab boʻladi.
Bola nerv tizimi zoʻriqishini kamaytirish va ter ajralishini kamaytirishning bir necha usullari mavjud, ular quyidagilar:
-
Kechki vaqtda faol oʻtinlarni va televizor tomosha qilishni kamaytirish, ular oʻrniga kitob oʻqish yoki yengil oʻyinlar oʻynash kerak;
-
Uyqu oldidan toza havoda bolakay bilan biroz sayr qilishga harakat qiling;
-
Bolakayni yengilgina massaj qilish ham bolani tinchlantiradi va uyqusida bezovta boʻlmasligini taʼminlaydi;
-
Uyqu oldidan tinchlantiruvchi xususiyatga ega boʻlgan oʻsimliklar solingan iliq suvda bolakayni choʻmiltiring;
Bola nerv tizimining faol oʻsishi natijasida ham uyqu vaqtida ter ajralishi koʻpayadi, bu normal fiziologik holat hisoblanadi.
Shamollash kabi kasalliklar
Bolakay optimal sharoitda uxlasa ham uyqu vaqtida koʻp terlasa, bun organizmda qandaydir patologik jarayon ketayotganidan darak beradi, koʻpincha shamollash xarakteridagi kasalliklarda shunday holat kuzatiladi.
Koʻp ter ajralishi bola organizmining keraksiz moddalar, toksinlardan tozalashga harakat qilayotganini bildiradi. Bundan tashqari shamollash jarayoni yuqori tana harorati, yoʻtal, nafas olish qiyinligi, holsizlik bilan namoyon boʻlishi yoki yashirin kechishi ham mumkin – bunda onalar bolalarida faqatgina koʻp ter ajralishi sezadilar xolos.
Agar siz bolangiz uyqu vaqtida koʻp terlashining sababini biror bir kasallik bilan bogʻlasangiz yoki shunga shubha qilsangiz darhol shifokorga murojaat eting. Holatni yengillashtirish uchun shunchaki bolakayga koʻproq suyuqlik ichiring.
Ko’p ter ajralishida nasliy omilning o’rni
Organizmning koʻp ter ajratishi nasldan naslga juda kam holatlarda beriladi. Agar bolakayda koʻp ter ajralishi sababi genetik darajada belgilangan boʻlsa, bolada kunning har qanday qismida ko’p terlash kuzatilishi mumkin, faqatgina uyqu vaqtida emas. Bunday vaziyatda holatni yengillashtirish uchun ter ajralishini koʻpaytiruvchi omillarni bartaraf etish zarur:
-
Bolakay bilan faol harakat talab etmaydigan oʻyinlar oʻynash;
-
Bolani stress holatlarga tushmasligini taʼminlash;
-
Dorivor oʻtlar solingan suvda bolani choʻmiltirish (romashka, kalendula, qirqboʻgʻim va boshqalaar).
Uyquda ko’p terlash: jiddiy kasalliklar sababli
Kam holatlarda ammo shunday boʻlsada, uchrab turadigan vaziyat – bola uyquda koʻp terlashiga sabab jiddiy kasalliklar boʻlishi mumkin. Patologiyani faqatgina shifokor aniqlay oladi, bunda koʻp ter ajralishidan tashqari boshqa simptomlar ham yuzaga chiqadi.
Vitamin D yetishmovchiligi va raxit kasalligi sababli bolaning koʻp terlashi bilan birga quyidagi belgilar ham yuzaga chiqadi:
-
Ajralgan ter quyuq va oʻziga xos hidga ega boʻladi;
-
Bola ensa sohasida soch toʻkilishi kuzatiladi (“taqa bosh”);
-
Bolakay doimo notinch va qoʻzgʻaluvchan boʻladi;
-
Bola uyqu vaqtida tez-tez uygʻonib ketadi.
Bolada ko’p terlash bilan birgalikda yuqorida sanab oʻtilgan belgilar ham kuzatilayotgan boʻlsa darhol shifokorga murojaat eting, davo muolajalari oʻz vaqtida boshlanmasa bolakay nogiron boʻlib qolishi ham mumkin.
Apnoe kabi patologik holat bola hayotiga xavf soladi. Bunday vaziyatda bolada quyidagi belgilar ham namoyon boʻladi:
-
Bolakay uyqu vaqtida qaltirab ketadi;
-
Bola uyqu vaqtida kuchli nafas oladi va xurrak otadi;
-
Uyquning buzilishi va har xil tushlar koʻrishi;
-
Kun davomida bolaning holsiz boʻlishi, bola eʼtiborini bir joyga jamlay olmasligi;
Yurak-qon tomir tizimi bilan bogʻliq kasalliklar quyidagi belgilar bilan namoyon boʻladi:
-
Sovuq ter ajralishi;
-
Hansirash;
-
Qoʻllarning sovuq boʻlishi.
Baʼzida koʻp ter ajralishi qalqonsimon bez faoliyatining buzilishidan darak beradi va quyidagi belgilar kuzatiladi:
-
Ishtahaning pasayishi;
-
Yurak urishining tezlashishi;
-
Tez charchab qolish va holsizlik;
-
Bola kayfiyatining oʻzgaruvchanligi;
-
Tungi vaqtda tez-tez siyib qoʻyish;
-
Qovoqlar pirillashi.
Bolakayda uyqu vaqtida ter ajralishining koʻpayishi va qoʻshimcha belgilarning namoyon boʻlishi shifokorga murojaat etish uchun yetarlicha sabab boʻla oladi.
Bolakay salomatligi va hayoti muhim ahamiyatga ega boʻlgan vaziyatda hech qachon mustaqil ravishda uy sharoitida davo muolajalarini oʻtkazishga urinmang!
Malumotlar
Bola uyquda ko’p terlash sabablari