BOGʻ TUZISH SANʼATI haqida malumot bilib oling.
BOGʻ TUZISH SANʼATI, bogʻdorlik sanʼati — xiyobon, bogʻ, park, chorbogʻ va b. koʻkalamzorlashtirilgan joylar yaratish sanʼati. Meʼmoriy rejasi, tarkibidagi koʻshklari, hovuzlari, xilmaxil daraxtlari, chamanlari bilan meʼmorlikda alohida oʻrin tutadi. Doim oʻz tusini oʻzgartirib turuvchi yirik dovdaraxtlarning tabiat hamda badiiy ijod bilan uygʻunlashuvi Bogʻ tuzish sanʼatining oʻziga xos xususiyatidir. Bogʻ tuzish sanʼatida mahalliy iklim, boʻrtma tasvir, haykallar, kichik shakllar meʼmorligi va b. muhim rol oʻynaydi, shular bilan dovdaraxtlar, turli inshootlar, suv havzalari, xiyobonlar hamda har xil gul va oʻsimliklar ekish, ularni parvarish qilish asosiy mezon hisoblanadi. Bogʻ tuzish sanʼatida yaratiladigan rangbarang mujassamotlarni 2 asosiy turga — muntazam va manzarali (tabiiy manzaraga taqlidan) bogʻlarga ajratish mumkin. Ular dastlab saroy, qoʻrgʻon, ibodatxonalar tarkibiy qismi sifatida yaratilgan. Qad. Misrda bogʻlar muntazamligi bilan ajralib turgan; mujassamot markazi boʻlgan bosh bino toʻgʻri xiyobon orqali darvoza bilan bogʻlanib, bogʻ hududini (har birida hovuz boʻlgan) teng ikki boʻlakka ajratgan. Qad. Mesopotamiyada rivoj topgan manzarali bogʻlar (mil. av. 7-a.) oʻzaro zinalar bilan bogʻlangan tepaliklarda bunyod etilgan (dunyodagi yetti moʻjizaning biri boʻlgan Semiramida osma bogʻlari), sayr etish va ov qilishga moʻljallangan yirik qoʻriqxonalari ham boʻlgan. Yunonistonda qurilgan ibodatxonalar atrofi simmetrik tarzda ekilgan daraxtlar bilan oʻralgan. Mil. av. 5-a. dayoq qator ustunlar va haykallar bilan bezatilgan muntazam bogʻlar barpo etish rasm boʻlgan. Bunday bogʻlarda janglarda halok boʻlgan qahramonlar xotirasiga sport musobaqalari oʻtkazilgan. Qad. Rim B. t. yeda ustunlar qatori bilan oʻralgan, tabiat manzaralari va meʼmoriy shakllar oʻzaro bogʻlangan, sunʼiy suv havzalari, favvoralar qurilib, shuningdek daraxt va butalar, haykallar, kichik shakldagi koʻshk va pergolalar bunyod etilib, pogʻonasimon gulchirmashgichlar va oʻsimliklar bilan qoplangan bogʻlar muhim rol oʻynagan.
Oʻrta Osiyo xalqlari Bogʻ tuzish sanʼatida qad. tajriba va anʼanalarga ega. Dastlabki bogʻlar meʼmorligi asosan xom gʻisht, paxsa va sinchkor imoratlardan iborat boʻlgan, davrlar oʻtishi bilan buzilib ketgan. Oʻzbek dostonlarida, qad. miniatyura rasmlaridagi turli jannatmakon bogʻlar, ular oʻrtasidagi ajoyib koʻshkkoshona, hovuz-favvoralar taʼrifidan qad. bogʻlar tuzilishini oʻrganish mumkin.
Arab sayyohlari Oʻrta Osiyo shaharlari bogʻlarga burkanganligini koʻrib hayratda qolganlar, hatto Samarqand sh. ni Arab xalifaligining eng goʻzal bogʻi deb taʼriflaganlar. Muhammad Narshaxiyning «Buxoro tarixi» (10 — 11-a. lar)da Mansur ibn Nuh (961 — 976) davridagi Buxoro bogʻlari haqida qisqa maʼlumot qoldirgan: «Joʻyi Muliyonning jannatni eslatuvchi goʻzal maqomidan koʻra yaxshiroq biror joy va manzil Buxoroda yoʻq edi. Chunki uning hamma joyi saroylar, bogʻlar, gulzorlar va boʻstonlar bilan qoplangan. Doimiy oqib turuvchi suvlar 6n taʼminlangan. Uning chamanzorlari bir-birlariga tutashib ketgan va ularning oralaridan ariqlar oʻtib, ming tarafga qarab oqar edi». Narshaxiy yana Malik Shamsulmulk (11-a.) Buxoroning Ibrohim darvozasi yaqinida Shamsobod nomli goʻzal bogʻlar, qasrlar meʼmoriy majmuoti yaratganini yozadi.
Amir Temur davrida barpo etilgan Samarqand atrofidagi boglarning tuzilishi oʻziga xos boʻlgan. Bogʻlar ikki xil koʻrinishda barpo etilgan. Bir toifadagi bogʻlar muntazam reja asosida barpo qilingan boʻlib, gul va dovdaraxtlar aniq tartib bilan oʻtqazilgan. Bu turdagi bogʻlar tepa yon bagʻrida zinapoyasimon qilib barpo qilingan. Ikkinchi toifadagi bogʻlar qoʻriqxonaga oʻxshash boʻlib, tabiiy daraxtzorlardan foydalanilgan, umumiy maydoni esa qisman obodonlashtirilgan (Bogʻi Jahonnamo shunday bogʻlardan edi). Bogʻlarning teng tomonli yoki toʻrtburchak maydonlari baland devorlar bilan oʻrab olinardi, kiriladigan asosiy darvoza ravoqli qilib ishlangan va koshin b-n bezatilgan. Darvoza burchaklarida guldastalar boʻlgan. Bizgacha yetib kelgan «Irshod azziroa» risola (16-a. boshi, Hirot)da temuriylar davri tajribasi umumlashtirilgan. Risolaning bir bobida chorbogʻ — toʻrt boʻlakdan iborat bogʻni barpo qilish qoidalari («Koʻchat, gul, daraxt, muattar oʻtlar oʻtqazish, chorbogʻga tartib berish va uni barpo qilishda izchillikka rioya qilish») bayon etilgan. Unda asosiy bino yoki saroyni bogʻning jan. tomoniga qurish zarurligi koʻrsatilgan. Teng tomonli yoki toʻrtburchakli qilib rejalashtirilgan bogʻning umumiy maydon atrofi devor b-n oʻralib, ichkari tomonda devordan bir oz naridan ariq oʻtkaziladi. Ariq boʻylab uning devor tarafiga oq terak («safidori samarqandiy»), bogʻ tarafiga esa gulsafsar ekiladi. Ariqqa yondosh qilib yoʻlka quriladi. Undan ichkariroqqa oʻrik koʻchatlari qizgʻish gullaydigan shaftoli bilan navbatmanavbat qilib oʻtqaziladi, soʻngra tokzorlar tiklanadi. Chorbogʻning oʻrtasidan katta ariq oʻtkazilib, undan irmoq orqali chiqarilgan suv saroy binosi oldidagi katta hovuzga kelib quyilgan. Hovuz atrofi boʻznoch, gulsafsar, guliraʼno kabi manzarali oʻsimliklar va gullar b-n bezatilgan. Katta ariq boʻylab ikkita yonlama yoʻlka olinib, ularning har ikki tarafidagi toʻrtburchak maydonlar chorchamanmaysazorlarga boʻlingan. Birinchi maysazorga tok, ikkinchisiga — behi, uchinchisiga — shaftoli va toʻrtinchisiga — nok koʻchatlari oʻtqazish lozim boʻlgan. Har bir chamanzorda shakl berilgan gulzor (gazon) tartib qilingan: birinchisiga — binafsha, gulsafsar, atirgul, zaʼfar, nargis; ikkinchisiga — bogʻ va togʻ lolasi, oddiy va dasht gulsafsari, havorang yasmin, sariq sallagul, sariq binafsha; uchinchisiga turli nav atirgullar; toʻrtinchisiga — sariq va oq yasmin, liliya, qalampirgul, sariq gulsafsar, xitoy lolasi, gulidovud (guli javhar) ekilgan. Bu gullar shunday tanlab olinganki, ular erta bahordan kuzgacha navbat bilan almashinib har turli vaqtda gullagan. Binolar atrofiga chinor va bedona tut, sharq tarafdan uylarga yaqinroq qilib olcha va gilos, shim. ga qaragan old tomonining oʻrtasiga qizil sallagul ekilgan. Meʼmoriy tuzilgan bogʻlarda suv inshootlari — ariq, hovuzlarga alohida ahamiyat berilgan. Hovuzlardan bittasi katta, qolganlari turli hajmda va shaklda — murabba, koʻp burchakli, kungurali, koʻpincha oʻrtasida favvorasi boʻlib, zinapoyasimon (terrasali) bogʻlarda pogʻonali sharshara (kaskad)lar ham hosil qilingan. Bogʻ barpo qilishda koʻp hollarda oldindan daraxt ekib ancha obod qilib qoʻyilgan joylar tanlab olingan. Keyin ularga reja asosida tartib berilgan (yana q. Amir Temur bogʻlari).
15—16-a. larda temuriylar saltanati davrida Afgʻoniston, Hindiston, Eron, Turkiya kabi mamlakatlarda Bogʻ tuzish sanʼati yanada rivojlandi. Bogʻi Jahonoro, Bogʻi Zogʻon, Bogʻi Nav, Bogʻi Zubayda, Bogʻi Bobur, Bogʻi Dilorom, Bogʻi Kalon, Bogʻi Orom, Bogʻi Safed kabi bogʻlar barpo etildi.
17—19-a. larda Buxoro, Xiva va Qoʻqon xonliklarida shahar tashqarisida chorbogʻlar (Chorbogʻi Gul, Fatxoboddagi Bogʻi Shamol, Chorbogʻxosa, Akrombek bogʻi, «Zulmobod» saroyi, Rahmonqul lashkarboshi bogʻi, Abdusattor lashkarboshi bogʻi, Qozi Kalon Badriddin bogʻi, Barodbek bogʻi, Sitorai Mohi Xosa, Xivada Qibla toza bogʻ, Rofanik va b.) barpo etilgan.
Sharqsa Bogʻ tuzish sanʼati anʼanalari asosida barpo etilgan Eron bogʻlarini yunonlar «paradiza» (jannat) deb ataganlar. Bu bogʻlar oʻrtasida hovuz boʻlib, unda gʻoz va oqqushlar suzib yurgan. Bogʻni kesib oʻtgan anhordan ariqlarga suv oqqan, baʼzi ariqparda sunʼiy sharsharalar hosil qilingan. Daraxt va gullar tartib b-n oʻtqazilgan. Qadimda eng ajoyib va orombaxsh bogʻlarni arablar yaratgan. Ular SyerraNeva (Ispaniya)da togʻ suvlaridan foydalanib, toshli yerlarni bogʻboʻstonga aylantirganlar. Quyuq soyali sarv, buksus, sada, xurmo daraxtlari oʻtqazganlar. Hovuzlar atrofiga oʻyma naqshli kursilar qoʻyilgan. Baʼzi gul va koʻkat koʻchatlari katta tosh idishlarga ekilgan. Yoʻlaklar gulzorlardan balandroq boʻlgan. Hovuzlardagi suv kichik sharsharalar hosil qilib ariqlarga tushgan. Ariq va hovuzlar tagiga turli rangdagi koshinlardan naqshlar ishlangan. AlHumro saroyi, Generalif kabi bogʻlar saqlanib qolgan.
Uzoq Sharq (Xitoy, Yaponiya, Koreya) da manzarali bogʻlar keng rasm boʻlgan. Unda tabiiy manzaralardan, kichik shakllar meʼmorligidan, pastak dovdaraxtlardan, yumaloqyassi toshlar yordamida xushmanzara bogʻlar yaratilgan.
Yevropada Bogʻ tuzish sanʼati s sharq anʼanalari taʼsirida rivojlandi. Uygʻonish davrida Italiyada notekis joylarda haykal, kichik shakllar meʼmorligi, zina, sharshara va b. dan foydalanilgan. Mujassamot markazi boʻlgan bosh bino va b. bilan birgalikda aniq reja asosida muntazam bogʻlar barpo etilgan (meʼmorlar J. Viiyola, P. Ligorio va b.). 17—18-a. lar Fransiya, Angliya va b. davlatlarda manzarali bogʻlar qatʼiy xandasiy shaklidagi reja boʻyicha muntazam bog ansambllari (Fransiyadagi Versal bogʻi va b., meʼmor A. Lenotr) yaratiddi. Bunda saroy binolari bogʻ mujassamoti markazi boʻlib, hovuz, kanal va favvoralar, haykal, kichik shakllar meʼmorligi, xiyobon, gulzor va daraxtzorlar uygʻunlashtirilib yaxlit meʼmoriy inshoot yaratilgan.
18 — 19-a. larda Rossiyada xam Bogʻ tuzish sanʼati yuksaddi. Ayniqsa saroy bogʻ ansambllari keng rivojlandi: Letrodvores, Sarskoye selo (Pushkin)dagi Yekaterina bogi, Pavlovskdagi manzarali bogʻlar jahon Bogʻ tuzish sanʼatining eng yaxshi namunalaridandir.
20-a. dan Bogʻ tuzish sanʼatining yangi turlari vujudga keldi (sport bogi, oymoma bogi, koʻrgazma bogʻi va b.). Ommaviy dam olish uchun shahar bogʻlari yaratildi (NyuYorqdagi markaziy bogʻ, Myunxendagi Olimpiya majmuaviy bogʻi va b.); turli maqsadlarda foydalaniladigan bogʻlar (bolalar, hayvonot, oʻsimliklar, memorial inshootlar majmuaviy bogi va b.), oʻrmonzor ichidagi bogʻlar (Kiyevdagi Golosiv oʻrmonida, Vilnyusdagi Vingis, Moskvadagi Izmaylov bogʻi va b.), sunʼiy koʻl kirgoklarida va suv omborlarida (Irkutskdagi «Yoshlar oroli», Kiyevdagi Dnepr gidroparki va b.) barpo etilgan bogʻlar.
Oʻzbekistonda dastlabki madaniyat va istirohat bogʻi 1882-y. da Toshkentda barpo etildi (keyingi yillarda bu bogʻ bolalar madaniyat va istirohat bogʻiga aylantirilgan). Bu yerda turli koʻrgazmalar: sanoat, q. x. koʻrgazmasi va ilmiy koʻrgazma (1890), Turkiston suratlar (fotografiya) koʻrgazmasi (1899) va b. oʻtkazilgan. Botanika bogi (1922) sobiq generalgubernator bogi hududida. Bobur bogʻi (1932) toʻqimachilik kombinati xodimlari tashabbusi bilan tashkil etilgan. Andijondagi hoz. Alisher Navoiy bogʻi Roʻzioxunboyning xususiy chorbogʻi (1880) oʻrnida barpo qilingan. 1960—80 y. larda Oʻzbekistonda tashkil etilgan Madaniyat va istirohat bogʻlari asosan bir xil qolipda, uzoq yashaydigan manzarali daraxtzorlardan iborat boʻlib, ularda ommaviysiyosiy, madaniymaishiy, jismoniy tarbiya va sogʻlomlashtirish ishlari olib borilgan. Yozgi kinoteatr, teatr, qiroatxona, oʻyin avtomatlari, umumiy ovqatlanish xonalari boʻlgan.
1991—96 y. larda Madaniyat va istirohat bogʻlari shaharning bosh rejasiga muvofiq maxsus loyihalash i. t. institutlari tomonidan qayta taʼmirlanish va yangilarini yaratish loyihalari ishlab chiqildi (Toshkentdagi xalq xoʻjaligi yutukdari koʻrgazmasi, Mustaqillik maydoni, Fargʻonadagi Navoiy bogʻi va b.). Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakat shahar markazlarida iqlimi, manzarasi, shaharsozlik va iqtisodiy sharoiti hisobga olinib, oʻsimliklar, manzarali va mevali bogʻlar suv qurilish inshootlari, sunʼiy havzalari, kanallari, favvora, hovuzlar qad. milliy anʼanalarni rivojlantirgan holda barpo etilmoqda (q. Oʻzbekiston milliy bogi). Poʻlat Zohidov, Muhammadamin Rasulov.
Ensiklopediya.uz
BOGʻ TUZISH SANʼATI