BOBAK QOʻZGʻOLONI haqida malumot bilib oling.
BOBAK QOʻZGʻOLONI — Ozarbayjon va Gʻarbiy Eronda dahriylik gʻoyalarini ilgari surgan xurramiylarnit Bobak (Bobuk) (798/800838) boshchiligidagi islomga qarshi qoʻzgʻoloni (9-a. ning 30-y.
lari). Qoʻzgʻolon keng yoyilib, Sharqiy Armaniston yerlarigacha tarqaldi, ishtirokchilarining soni 300 ming kishiga yetdi. Vizantiya bilan boʻlayotgan urush hamda Misrdagi qoʻzgʻolon (830— 833) xalifalikka Bobak qoʻzgʻolonini bostirish imkonini bermadi. Shuning uchun xalifa Maʼmunning vafotidan soʻng (833), xalifa Muʼtasim (833—842) Vizantiya bilan yarash bitami tuzib, asosiy kuchini Bobak qoʻzgʻolonini bostirishga tashladi. 833-y. Hamadon sh. yaqinidagi jangda qoʻzgʻolonchilar ogʻir talafot koʻrdilar. Arab manbalarida koʻrsatilishicha, bu jangda 60 ming kishi halok boʻlgan. 835-y. arab qoʻshiniga xalifaning eng yirik qoʻmondoni Afshin (Usrushona hokimi Haydar ibn Kovus) sarkarda qilib tayinlandi. U mahalliy mulkdorlarning yordami bilan qoʻzgʻolonni bostirdi. 837-y. qoʻzgʻolonchilarning oxirgi tayanch qalʼasi — Badz qoʻldan ketdi. 838-y. Bobak va uning tarafdorlari qatl etildi.
Ensiklopediya.uz
BOBAK QOʻZGʻOLONI