Bitta sinfda nechta o‘quvchi o‘qishi kerak? haqida to’liq ma’lumot oling
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi Nizom”ning 28-bandida va Adliya vazirligidan ro‘yxadan o‘tkazilgan “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 3-bandiga ko‘ra bitta sinfdagi o‘quvchilar soni ko‘pi bilan 35 nafar bo‘lishi lozimligi qayd etilgan.
Shuningdek, boshqa normativ hujjatlarda ham sinf xonalarida o‘quvchilar uchun yaratilishi kerak bo‘lgan sharoitlar va bir nafar bolaga to‘g‘ri keluvchi xona maydoni haqida belgilab qo‘yilgan talablar mavjud.
“Umumta’lim maktablarining saqlanishi va o‘quvchilarni o‘qitilishiga qo‘yiladigan sanitar epidemiologik talablar” (SanQvaM (SanPiN) № 0341-16)ga asosan minimal me’yor va talablar belgilab berilgan bo‘lib, unga ko‘ra bir nafar o‘quvchiga kamida 2 m² sinf maydoni to‘g‘ri kelishi kerak.
Ushbu normativ hujjatning 4 va 5-bo‘limlariga asosan bir nafar o‘quvchiga 1-4 sinflar uchun 2.5 m², 1-sinf uchun 4 m², tabiiy fanlar xonasi uchun 2.4 m², informatika xonasi uchun 4.5 m², mehnat ustaxonalari uchun esa 6 m² sinf maydoni to‘g‘ri kelishi kerak.
Demak, 35 nafar o‘quvchini bir sinf xonasida o‘qitmoqchi bo‘lsak, eng kamida 70 m² maydonga ega sinf xona talab etiladi. Ushbu sinfda birinchi parta va sinf doskasi o‘rtasidagi masofa 2.4 m, oxirgi partadan sinf doskasigacha masofa 8.6 m, sinf yon devori va parta orasidagi masofa 0.5-0.7 m, ikki o‘rinli parta qatorlari orasi 0.6 m, oxirgi parta va devor orasidagi masofa 1 m bo‘lishi kerakligini ham yoddan chiqarmaslik kerak.
Agar sinfda 36 nafar o‘quvchini joylaydigan bo‘lsak, oxirgi partadagi o‘quvchi doskadan 8.6 m dan ham ko‘proq uzoqlashib qolishi mumkin. Aslida ushbu talab bo‘yicha bir sinfga 30 nafar ortiq o‘quvchini joylash ham qiyin masala. Hozirda aksariyat maktablarda sinf xonalar maydoni 24 m² dan 50 m² gacha xolos. Bu degani u sinf xonalar aslida 12-25 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan.
Aksar hollarda hududiy moliya bo‘limlari qo‘shimcha sinf ochishga ruxsat bermaydi va bir sinfga 40 nafargacha o‘quvchilar tahsil olishiga to‘g‘ri kelish holatlari ham kuzatiladi. Agar moliya bo‘limlari talabiga ko‘ra bolalarni bir sinfga jamlaydigan bo‘lsak, bu vaziyatda maktab direktori sanitariya qonunchilikni, sanitariya normalarini, qoidalarini va gigiyena normativlarini buzgan hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 53-moddasiga binoan eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
©Fazliddin Xabibxonov
Malumotlar
Bitta sinfda nechta o‘quvchi o‘qishi kerak?