BIR AKTYOR TEATRI haqida malumot bilib oling.
BIR AKTYOR TEATRI — badiiy oʻqish turi. Ijrochining bir oʻzi butun bir afsona, rivoyat, doston, hajviya, monolog va b. ni hikoya qiladi va gavdalantiradi. Bir aktyor teatri kadim zamonlarda shakllangan va asrlar davomida takomillashib borgan. Yunonistonda ularni mim deb ataganlar. Oʻrta Sharq mamlakatlarida bunday teatr rivojlangan va rasm boʻlgan, oʻrta asrlarda esa maʼlum darajada islom dini va tasavvuf bilan bogʻlanib ketgan. Xuroson, Movarounnahr, Xorazmda bunday ijrochilar mukallid, qissaxon, goʻyanda, voiz, maddoh deb yuritilgan. Malakali xalqaktyorlari — masxarabozlar ham baʼzan yakka holda tomosha koʻrsatganlar. Koʻpgina xonlar, beklar, lashkarboshilar, shahzodalarning xos qissagoʻylari va masxaralari boʻlgan. Buxoro amirligida masxaralar voqealarni chiroyli va kulgili qilib hikoya qilishgan boʻlsa, Xiva xonligida bunday sarguzashtlarni musiqa, raqs, muallaq unsurlari bilan aralashtirib gavdalantirishgan, Qoʻqon xonligidagi qiziqchilar esa kulgihikoya janrini kashf etib, unda yuksak mahorat koʻrsatishgan. 20-a. da ham mazkur sanʼat anʼanalari maʼlum darajada saqlanib qoldi. Yevropa uslubidagi uzbek teatr sahnasida ham Bir aktyor teatrini tuzish boʻyicha urinishlar boʻldi. Ammo bu janr koʻproq radio va televideniyeda yaxshi rivoj topdi. Muhsin Hamidov, Sharif Qayumov, Razzoq Hamroyev, Hamza Umarov kabi atoqli aktyorlar Oʻzbekiston radiosida Bir aktyor teatri janrida hikoya, qissa, doston va hatto romanlarni ijro etganlar. Televideniyedagi miniatyuralar teatrida ham bir kishi ijro etadigan hajviya, monolog va hikoyalar koʻp ishlatiladi. Bu sohada Hasan Yoʻldoshev katta ijro mahoratiga erishgan edi. Qizikchilardan Muhiddin Darveshov, Hojiboy Tojiboyev, Mirzabek Xolmedov va b. ning chiqishlarini Bir aktyor teatri deb atash mumkin.
Muhsin Qodirov.
Ensiklopediya.uz
BIR AKTYOR TEATRI