BILBAO haqida malumot bilib oling.
BILBAO (Bilbao) — Ispaniya shim. dagi shahar. Basklar mamlakatida, Biskay provinsiyasining maʼmuriy markazi. Nervyon daryosi boʻyidagi yirik port va t. y. tuguni, xalqaro aeroport bor. Aholisi 369 ming kishi (1991), shahar atrofi bilan birga 950 mingdan ortiq. Mamlakatdagi qora metallurgiya sanoatining muhim markazlaridan. Bilbao atrofida temir rudasiga boy konlar koʻp. Mashinasozlik (kemasozlik), elektrotexnika, kimyo (azot oʻgʻitlari, plastmassa), oyna va toʻqimachilik sanoatlari rivojlangan. Bilbao orqali chetga temir rudasi, choʻyan, vino, konserva, mashina va uskunalar chiqariladi; chetdan toshkoʻmir, neft mahsulotlari, yogʻoch keltiriladi. Bilbaoga 1300-y. da asos solingan. Yangi shahar 19-a. oxiri va 20-a. boshlarida qurilgan. Unt, oliy texnika maktabi, sanʼat muzeyi bor. Meʼmoriy yodgorliklardan 14-a. gotika sobori, 1890-y. da qurilgan ratusha saqlangan.
Ensiklopediya.uz
BILBAO