BICHILISH haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
BICHILISH haqida malumot bilib oling.

BICHILISH — badanning tabiiy burmalaridagi terining ishqalanib qizarishi. Asosan, dumba burmalari, chov, oyoq barmoqlarining orasi, qoʻltiq osti, ayollarda sut bezlarining osti bichiladi. Koʻp terlash va koʻp yogʻ chiqib turishi, oqchil kelishi, siydik tuta olmaslik Bichilishga sabab boʻladi. Bichilish yilning issiq paytlarida koʻproq kuzatiladi. Bichilish chaqaloqlarda, semiz kishilarda, qand kasalligi bilan ogʻriganlarda koʻp uchraydi. Bichilgan joy yalligʻlanib qichishadi, qizarib, pilchillab turadi, teri burmalari ostida yoriqlar paydo boʻladi. Baʼzan, yiringli yoki zamburugʻli kasalliklar qoʻshilishi mumkin. Bichilishning oldini olish uchun terini toza tutish, ozodalik qoidalariga rioya etish, chaqaloqlarni toʻgʻri parvarish qilish, koʻp terlashga qarshi choralar koʻrish lozim. Chaqaloqlar choʻmiltirilganidan va semiz kishilar yuvinganidan keyin teri burmalariga qizdirilgan oʻsimlik moyi surtish yoki upa (talk) sepib qoʻyish kerak.

Ensiklopediya.uz
BICHILISH