Bepul onlayn-ta’lim uchun eng yaxshi 10 manba to’liq malumot oling

Bepul onlayn-ta’lim uchun eng yaxshi 10 manba to’liq malumot oling

Hayoti davomida oʻrganuvchilar va mustaqil oʻrganuvchilar uchun internet qimmatbaho manba hisoblanadi. Ushbu bepul onlayn manbalar bilan bilim olishda davom eting.

1. Barcha uchun ochiq onlayn kurslar (BUOOK)

Barcha uchun ochiq onlayn kurslar (BUOOK) kompyuter va internet yordamida oʻrganuvchilarning bilim olish imkoniyatlarini kengaytirdi. Bu kabi bepul onlayn kurslar, odatda, universitetlar va kollejlar tomonidan taqdim etiladi va astronomiyadan to veb-dasturlashgacha boʻlgan mavzularni oʻzida qamrab oladi. BUOOK bir kategoriya sifatida tushuniladi, ammo, Stanford Online va MIT Open Courseware kabi universitetlarni oʻz ichiga oladigan koʻplab BUOOK provayderlari va platformalari ham mavjud. Turli manbalardagi kurslarni taklif qiluvchi mashhur tijorat va notijorat tashkilotlariga Academic Earth, edx, Class Central, Udacity, Coursera, Udemy va FutureLearn kabilarni misol keltirishimiz mumkin. Agar siz onlayn kursni tanlashda ikkilansangiz, xavotirlanmang. Quyida keltirilgan baʼzi sayt va manbalar sizni BUOOK kurslariga, boshqalari esa oʻquv platformasiga yoʻnaltiradi.

2. Skillshare

Skillshare — milliondan ortiq oʻrganuvchi va oʻqituvchilarni birlashtiruvchi bilim yoyish jamiyatidir. Bu saytda yoʻriqnomalarga amal qilgan holda istagan inson hunarmandchilik, pazandalik, suratkashlik, texnologiya yoki yozish kabi darslarni (odatda 30 daqiqadan 1 soatgacha boʻlgan) oʻtishi mumkin. Bu loyihalarga asoslangan darslarni (masalan, 3D tuzilish) koʻrish uchun yaxshi manbadir. Bundan tashqari, mavzu boʻyicha guruhlangan treklar ham mavjud. Saytda 300 dan ortiq darslar bepul. 3 000 tadan ortiq darslar jamlangan kutubxonadan foydalanish uchun obuna boʻlishingiz kerak boʻladi.

3. Reddit

Redditni yaxshi koʻrasizmi? Agar bu savolga javob berishga qiynalsangiz, havola boʻyicha saytga oʻtib u haqida batafsil ma’lumot olishingiz, shunigdek, ushbu jamoaning ommabop onlayn-taʼlim tashabbusida qatnashishingiz mumkin. Reddit uning foydalanuvchilari tomonidan taqdim etiladigan sanʼat va kompyuter fanlari kabi standart fanlarni, shuningdek, “koʻngilochar oʻyinlar” ni (StarCraft II strategiyasi kabi) qamrab oladi. Siz ham mustaqil dars oʻtish uchun ariza topshirishingiz mumkin.

4. CourseBuffet

CourseBuffet sizga 250 dan ortiq universitet taqdim etgan yuzlab bepul BUOOKlarni qidirish va solishtirish imkonini beradi. Siz mavzu yoki yoʻnalish boʻyicha qidirishingiz, sahifalarni koʻrib chiqishingiz yoki bakalavr darajasidagi oʻquv dasturlarini tashkil etuvchi taʼlim kurslarini, masalan, toʻliq kompyuter kursini yoki menejmentni koʻrib chiqishingiz mumkin. Albatta, bularning barchasi bepul.

5. ALISON

ALISON nafaqat Google, Microsoft, MIT, Macmillan va Cambridge universiteti kabi nashriyotchilarning bepul onlayn kurslarini, shuningdek, diplom kurslarini ham taklif etadi. Shunday qilib, ish qidirish paytida foydali boʻlishi mumkin boʻlgan loyihalarni boshqarish, kadrlar boʻlimi, ijtimoiy faoliyat va boshqa sohalarda sertifikatlarga ega boʻlishingiz mumkin. 750 dan ortiq bepul diplom va sertifikat kurslari mavjud boʻlib, saytdan natijalaringizni kuzatish va bilimlaringizni sinab koʻrish maqsadida foydalanishingiz mumkin.

6. Gutenberg loyihasi

Onlayn-kurslardan oʻrgangandan koʻra oʻzingiz oʻqib oʻrganishni afzal koʻrasizmi? Yoki videolardan olgan bilimlaringizni kitoblar yordamida toʻldirishni istaysizmi? Gutenberg loyihasida saqlab qolish maqsadida (50 000 dan ortiq) bepul elektron kitoblar toʻplangan. Bu yerda siz bir nechta tilda yuklab olish mumkin boʻlgan mumtoz va mashhur boʻlib ulgurmagan kitoblarni topasiz. Oʻqish uchun yangi asar topish uchun ularning “Eng yaxshi 100 ta elektron kitoblar” roʻyxatini koʻrib chiqishingiz ham mumkin. Ochiq darsliklar loyihasi oliygohlarda koʻp ishlatiladigan darsliklarni koʻrsatadi .

7. Khan Academy

Khan Academyʼdagi 38 milliondan ziyod onlayn-oʻrganuvchilarga qoʻshiling. Ularning shiorlari “Siz istalgan narsani oʻrganishingiz mumkin” boʻlib, bu yerda juda koʻp qiziqarli video darslar va interaktiv kurslar bilan tanishasiz. Natijalaringizni qayd etib boring va bilim olishni yanada qiziqarli jarayonga aylantiring.

8. iTunes U

IOS, Mac yoki Windows uchun ishlab chiqilgan iTunes U ilovasi nafaqat yetakchi maktablar va boshqa manbalar taqdim etayotgan kurslardan foydalanish, shuningdek, kurs topshiriqlarini bajarish va har bir dars uchun eslatma qoldirish imkonini beradi. Katalog turli mavzular boʻyicha yuz minglab manbalarni oʻz ichiga oladi. Ushbu saytda bularning barchasi sizning qoʻlingiz ostida jam boʻladi.

9. Open Culture

Open Culture — har qanday oʻrganuvchi uchun xazina. Hozirda saytda 1 300 ta bepul onlayn kurs, 1 000 dan ortiq BUOOK lar, 1 150 ta bepul kino, 700 ta bepul audio kitob, 800 ta bepul kitob, 200 ta bepul darslik, 300 ta bepul til darslari va 150 bepul biznes kurslari va boshqalar keltirilgan. Ularning soni tobora koʻpayib bormoqda. Bundan tashqari, manbalar yaxshi ajratib berilgan. Bu bilimingizni boyitish uchun eng munosib manbalardan biridir.

10. Lifehacker U

Lifehacker U har semestrda foydalanishingiz mumkin boʻlgan eng yaxshi onlayn-kurslarning toʻplamidir. Bizda sizni qiziqtiradigan har bir mavzu boʻyicha oʻziga xos kurslar, batafsil eslatmalar va tavsiflarni topishingiz mumkin. Yaʼni, siz bu sayt orqali yangi va kerakli fanlarni oʻrganish imkoniga ega boʻlasiz.

Yuqoridagi manbalar, albatta, bepul onlayn bilim olishingiz uchun yangi manzillarni koʻrsatib beradi. Bu manbalardan oʻz bilimingizni yana-da kengaytirishda foydalaning va doʻstlaringiz bilan ham boʻlishing.

Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola → Bepul onlayn-ta’lim uchun eng yaxshi 10 manba.

Boshqa mavzular
Bepul onlayn-ta’lim uchun eng yaxshi 10 manba