Benzin turlari: AI-80, AI-92, AI-95  to’liq malumot oling

Benzin turlari: AI-80, AI-92, AI-95  to’liq malumot oling

Boshqa transport vositalari kabi avtomobilga ham yoqilgʻi zarur. Hozirda bu maqsadlarda benzin, dizel (solyarka), metan, propan va boshqa bir nechta yoqilgʻi turlari ishlatiladi. Ulardan eng keng tarqalgani bu — benzin. Uning yuqori yonuvchanligi uni avtomobil, motosikl hamda yuk mashinalarini harakatga keltirish uchun ideal tanlovdir. Boshqariladigan yonish orqali u kimyoviy energiyani mexanik energiyaga aylantiradi va harakat uchun zarur boʻlgan quvvatni hosil qiladi. Ushbu maqolada benzin nimadan olinishi, uning nomidagi 80, 92, 95, 98 raqamlari nimani anglatishi va oktan soni haqida soʻz boradi.

Benzin nimadan olinadi?

Benzin ishlab chiqarishdagi asosiy xomashyo neft hisoblanadi. U benzindan tashqari boshqa koʻplab tarkibiy qismlarga ham boʻlinadi: dizel, kerosin, mazut va hokazo. Hozirda neftdan benzin olishning bir nechta turi mavjud boʻlib, u yoki bu usuldan foydalanish yakuniy mahsulot sifati va narxiga taʼsir qiladi.

AI-80, AI-92, AI-95, raqamlar nimani anglatadi?

AI-80, AI-92, AI-95 va AI-98 — benzinning keng tarqalgan turlari hisoblanadi. Bu yerda raqamlar oktan sonini bildiradi. “A” harfi yonilgʻi avtomobillar uchun ishlatilishini bildiradi, “I” harfi esa tadqiqot (ruschada “исследование”) soʻzidan olingan boʻlib, oktan sonini aniqlash uchun qoʻllanadigan usulni bildiradi.

Benzin turlari: AI-80, AI-92, AI-95 
benzin turlari ai 80 ai 92 ai 95 2

freepik.com
Oktan soni nima?

Benzinning oktan soni dvigatelni ishga tushiradigan yoqilgʻining detonatsion chidamliligini koʻrsatadi.

Detonatsiya — benzinning siqilganda oʻz-oʻzidan alangalanish xususiyati. Detonatsion chidamlilik — benzinning detonatsiyaga qarshi turish xususiyati.

Oktan soni muhim koʻrsatkich boʻlib, u yonuvchan suyuqlikning uchqunsiz, yaʼni oʻz-oʻzidan yonib ketishiga turgʻunligini tavsiflaydi — qiymat qanchalik yuqori boʻlsa, oʻz-oʻzidan alanga olish xavfi shunchalik past boʻladi. Kimyoviy nuqtai nazardan, oktan soni benzindagi uglevodorodlarning oʻziga xos aralashmasidan kelib chiqadi. Ushbu uglevodorodlar qanchalik murakkab tuzilgan boʻlsa, oktan soni shunchalik yuqori boʻladi. Lekin bu faqat yuqori oktanli benzin quyish kerak degani emas. Eng optimal yoʻl — avtomobil turi va modeliga asoslanib unga mos keladigan benzin turini quyish.

Oktan soni qanday aniqlanadi?

Yoqilgʻi quyish shoxobchalar tablosida chiqadigan raqamlar laboratoriya sharoitida oʻtkazilgan sinovlar natijasidir. Bunday tadqiqotlar yoqilgʻi ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tomonidan amalga oshiriladi. Oktan sonini aniqlashning ikkita asosiy usul mavjud: tadqiqiy (yuqorida aytib oʻtilgan) va motor. Demak bizga tanish boʻlgan AI-80 benzinining oktan soni tadqiqiy usul bilan oʻlchanganda 80 ga teng ekan.

Manbalar: wikipedia.org, petroplus.ru, trader-oil.ru
Muqova surat: freepik.com

Boshqa mavzular
AI-92, AI-95 , Benzin turlari: AI-80