Bel o‘lchov birligi qaysi sohalarda qo‘llanadi? to’liq malumot oling
Bel – muayyan fizik kattalikning aynan shu kattalikning boshlangʻich asos uchun olingan birligiga logarifmik nisbatini ifodalovchi birlik. Uning asosida oʻnli logarifm yotadi. Ushbu birlik amerikalik olim va ixtirochi Aleksandr Bell sharafiga nomlangan.
Energetik kattaliklar (quvvat, energiya, energiya zichligi va hokazolar) uchun 1 bel 1:10 nisbatda va kuch kattaliklari (tovush bosimi, elektr kuchlanish, elektr toki kuchi va hokazolar) uchun esa √10≈3,162 nisbatda olinadi. Bel birligining nisbatan keng tarqalgan koʻrinishi uning ulushli birligi boʻlmish detsibel boʻladi.
Bel Xalqaro birliklar tizimi (SI) tarkibiga kirmaydi. Biroq OʻTXQ tomonidan SI birliklari bilan birga cheklovlarsiz qoʻllashga ruxsat etilgan. U asosan akustika, radiotexnika va elektr aloqasida qoʻllanadi.
Bel ikkita, bir nomli energetik kattaliklar — P₀ va P₁ ning oʻzaro nisbatining oʻnli logarifmi tarzida aniqlanadi.
Energetik kattaliklar kuch kattaliklarining kvadratiga proporsional boʻlishi bois, ikkita kuch kattaligi F₀ va F₁ ning belda ifodalangan nisbati oʻnli logarifmining ikkiga koʻpaytirilishi orqali aniqlanadi.
Formulalardan maʼlum boʻlmoqdaki, NB+1B boʻlsa, P kattalik 10 barobarga ortadi. F kattalik esa 3,162 barobarga ortadi, aksincha, 1B ayirma mos ravishda P ni 10 barobarga kamaytirsa, F ni 3,162 barobarga kamaytiradi.
Yuqorida ham aytilganidek, amaliyotda bel birligining ulushli birligi – detsibel koʻproq qoʻllanadi. Detsibelning oʻzbekcha va xalqaro nomlanishi dB. U bir belning oʻndan biriga teng boʻlib, aniqlanishi quyidagicha:
Bunda kattalikning boshlangʻich qiymatdan bir dB ga ortishi, uning 10^0,1≈1,259 barobarga ortishini bildiradi. Kuch kattaliklarning 1 dB ga ortishi esa uning quyidagi
formulaga koʻra, 10^0,05≈1,122 marta ortishini bildiradi.
Detsibel birligining keng tarqalish tarixi telegraf va telefon tarmoqlaridagi signalning susayishini oʻlchash va aniqlash zaruriyati tugʻilgan zamonlarga borib taqaladi. Avvaliga signalning susayishi birligi sifatida standart kabel mili birligidan foydalanilgan. U m.s.c tariqasida belgilangan va uzunligi 1 mil (taxminan, 1609 metr) va qarshiligi 88 om boʻlgan kabel orqali joʻnatilgan, chastotasi 800 Hz lik signalning yoʻqotishlariga (susayishiga) teng deb olingan edi (kabeldagi simning koʻndalang kesim yuzasi taxminan 0,9 mm boʻlgan).
Aynan shunday signal susayishini oʻrta statistik odam qulogʻi ilgʻay oladigan, eng kichik yoʻqotish deb qabul qilinar edi. Biroq bu birlik chastotaga bogʻliq boʻlgani uchun toʻlaqonli axborot bera oladigan birlik boʻlmagan. Shu sababli aniq fizik oʻlchashlarga asoslangan birlik joriy etish taklifini 1924-yilda “Bell telefon” kompaniyasi ilgari surgan.
Shu yilning oʻzida Xalqaro telegraf tashkiloti (ITU) ushbu taklifni maʼqullagan va bel va detsibel birliklarining yuqorida keltirilgan taʼrifi asosidagi qoidalari qabul qilingan. 2003-yilda OʻTXQ hatto detsibel birligini SI ga kiritish masalasini ham koʻrib chiqqan. Biroq maslahatlashuvlardan soʻng ushbu birlik baribir SI ga kiritilmagan.
Shunga qaramay, detsibel jahon boʻyicha juda keng tarqalgan birlik boʻlib, xususan, Xalqaro elektrotexnika tashkiloti (IEC) hamda Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) ushbu birlikdan foydalanishni rasman qabul qilgan.
Detsibel asosan tovush va shovqin darajasini ifodalash uchun qoʻllangani sababli quyida tovush va shovqinni detsibelda ifodalanish darajasini keltiramiz.
Tovush yoki shovqin | Darajasi (qiyosiy baho) |
0 dB | Eshitish chegarasi (hech nima eshitilmaydi) |
10 dB | Deyarli hech narsa eshitilmaydi (daraxtdan uzilgan bargning yerga tushishi) |
15 dB | Sal eshitiladi (barglar shitirlashi) |
20 dB | Shivirlab gaplashish |
25 dB | Pichirlab gaplashish |
30 dB | Soat chiqillashi, yengil ovozda gaplashish |
35 dB | Oddiy past ovozda gaplashish |
40 dB | Odatiy ochiq ovozda gaplashish |
45 dB | Ovozni ko‘tarib gaplashish |
50 dB | Baland ovozda gaplashish. Yozuv mashinkasining shaqillashi |
55 dB | Baland ovoz, idoralardagi shovqin darajasi uchun me’yor chegarasi |
60 dB | Shovqin (qattiq ovozda gapirish) |
70 dB | Baqirish |
80 dB | Qichqirish, chinqirish, mototsiklning o‘t olishi |
90 dB | Qattiq qichqiriq, poyezd vagonlari o‘tishi |
100 dB | O‘ta qattiq chinqirish, momaqaldiroq gumburlashi: ruxsat etilgan eng yuqori shovqin chegarasi |
110 dB | Vertolyot parraklari shovqini |
120 dB | O‘ta kuchli shovqin (otboy bolg‘asi) |
130 dB | Og‘riqli darajada shovqin (samolyot uchishi) |
140 dB | Reaktiv samolyot shovqini, kontuziyaga olib keladigan darajadagi shovqin |
160 dB | Bunday shovqindan odam asabiy shok holatiga tushadi, jiddiy jarohat oladi. Tovush tezligidan tez uchuvchi samolyot shovqini |
160 dB dan yuqori shovqin quloq pardalarini yirtib yuboradi va o‘pkani jarohatlaydi | |
200 dB | O‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan darajadagi shovqin |
282 dB | Yadro portlashida tarqaladigan zarba to‘lqinidan hosil bo‘ladigan shovqin |
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Bel
Muqova surat: freepik.com
Boshqa mavzular
Bel o‘lchov birligi qaysi sohalarda qo‘llanadi?