
BARIONLAR haqida malumot bilib oling.
BARIONLAR (yun. barus — ogʻir) — massasi proton massasidan kichik boʻlmagan, barion zaryadi birga teng boʻlgan, yarim butun spinli «ogʻir» elementar zarralar. B. Fermi — Dirak statistikasiga boʻysunadi. Bu guruhga nuklonlar (neytron va proton) va giperonlar kiradi. Faqat proton erkin holda turgʻun boʻladi. Boshqa barcha Barionlar barqaror emas, ular ketma-ket parchalanish yoʻli bilan proton va yengil zarralarga aylanadi. Barionlar maʼlum boʻlgan barcha (kuchli, elektromagnit, kuchsiz va gravitatsion) oʻzaro taʼsirlarda ishtirok etadi. Barionlar b-n boʻladigan har qanday jarayonlarda barion zaryadining saqlanish qonunlari, yaʼni barionlar va antibarionlar sonlari farqi oʻzgarishsiz qoladi. Barcha barionlar uchun barion zaryadi (soni) 1 ga, antibarionlar uchun — 1 ga teng. Barionlar maftunlik, gʻalatilik, goʻzallik va b. kvant sonlar bilan tavsiflanadi.
Ensiklopediya.uz
BARIONLAR