BARBIZON MAKTABI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
BARBIZON MAKTABI haqida malumot bilib oling.

BARBIZON MAKTABI — fransuz realistik manzara janri rivojida muhim oʻrin tutgan rassomlar guruhi; 19a. 30 — 60 – y. larida asosan Fontenblo oʻrmoni (Parij) yaqinidagi Barbizon (Barbizon) qishlogʻida ijod qilishgan (nomi shundan). Barbizon maktabi demokratik harakatlar kuchaygan, milliy realistik sanʼat shakllanishi xamda akademizm va romantizm inqirozi davrida paydo boʻldi. Barbizon maktabi vakillari manzara janrida tugallangan asar yaratishga harakat qildilar, bunda ular 17 – a. golland, 19 – a. ingliz va 18 — 19-a. boshlaridagi realistik milliy sanʼat ustalarining merosiga tayandilar. Asarlarida Fransiya tabiatini, undagi holat, nur va havo toʻlqinlari (q. Plener)ayat goʻzallikni ochib berishga harakat qildilar, inson va tabiat uygʻunligidagi koʻtarinki ruhning jozibali koʻrinishini shoirona talqin etishga muyassar boʻldilar. Rang tasvirning oʻziga xos tusli (tonal) koʻrinishini yaratib, nur va soyadagi oʻziga xos jozibani ochib bera oldilar, nur va soyani maʼlum bir rang tizimiga boʻysungan holda tuslanishini berishga erishdilar. Barbizon maktabining keksa avlodi (T. Russo, J. Dyupre, N. V. Diaz va b.) manzara janrida qahramonlik ruhini saqlashga in-tilsa, oʻrta avlod vakillari (Sh. F. Dobini va b.) koʻproq borliqni idrok etishga, dastlabki taassurotni berishga, nur-havo muhitini va naturadan olgan taassurotni toʻliq ochib berishga harakat qildi. Ayrim Barbizon maktabi vakillari (K. Truayon va b.) manzara janriga xayvonot olamidan ham lavxalar kiritdi. Barbizon maktabi fransuz realistik sanʼati rivojida muhim ahamiyatga ega boʻldi. Shuningdek Yevropa va b. qitʼa mamlakatlari sanʼati rivojlanishi jarayoniga kuchli taʼsirini oʻtkazdi. Barbizon maktabi sanʼatining taʼsirini oʻzbek sanʼatida ham sezish mumkin. Koʻpgina oʻzbek rassomlari, jumladan manzarachilari (R. Temurov, M. Arinin va b.) shu maktab saboqlaridan bahramand boʻldi.

Neʼmat Abdullayev.

Ensiklopediya.uz
BARBIZON MAKTABI