BANKLAR haqida malumot bilib oling.
BANKLAR (lot. ansa — sarrof peshtaxtasi) — kreditmoliya muassasalari; asosan, vaqtincha boʻsh pul mablagʻlarini toʻplash, korxonalarga va umuman pulga muhtojlarga kredit, ssuda berish, naqd pulsiz hisobkitoblarini amalga oshirish, pul va turli qimmatbaho qogʻozlar chiqarish, oltin va chet el valyutalari bilan bogʻliq operatsiyalarni bajarish va b. bilan shugʻullanadi.
Bank ishining asosiy yoʻnalishlari depozit (omonat) qabul qilish, kreditlar berish va mijozlarga kredit-hisob xizmati koʻrsatishni amalga oshirish hisoblanadi. Banklar kimmatbaho qogʻozlarni saqlash, saqlashga oʻtkazilgan qimmatbaho qogʻozlarni joriy boshqarish, birja topshiriqlarini bajarish, seyflarni ijaraga berish kabi pulli xizmatlar ham koʻrsatadi. Turli iqtisodiy xizmatlarni amalga oshiruviga koʻra hoz. vaqtda Banklarning quyidagi asosiy turlari faoliyat koʻrsatadi: markaziy (emissiya) B. va tijorat B.
Markaziy Banklar («banklarningbanki») (Milliy Banklar va AQSHda Federal rezerv tizimi) mamlakatning jami kredit tizimini nazorat qiladi, davlat pulkredit siyosatini amalga oshiradi, nakd pul va qimmatbaho qogʻozlar emissiyasi b-n shugʻullanadi, mamlakatning oltinvalyuta zaxiralarini saqlaydi, davlat va tijorat Banklarga kreditlar beradi.
Tijorat Banklar oʻz navbatida universal va ixtisoslashgan Banklarga boʻlinadi. Ixtisoslashgan Banklar investitsiya B., jamgʻarma (omonat) Banklar, maxsus Banklar, kooperativ Banklar va b. dan iborat. Tijorat Banklar universal Banklar boʻlib jismoniy va yuridik shaxslarga xilma-xil bank xizmatlari koʻrsatadi (depozitlarni jalb etish, veksel hisobi, kredit berish, qimmatbaho qogʻozlarni sotish va sotib olish). Bu B. bank va kredit tizimining oʻzagini tashkil etadi. Universal Banklar hamma turdagi asosiy bank harakatlarini amalga oshiradi. Ixtisoslashgan Banklar biron-bir faoliyatga, sohaga va tarmoqqa xizmat koʻrsatadi. Investitsiya Banklar, asosan, emissiyataʼsischilik operatsiyalar bilan shugʻullanadi va qimmatbaho qogʻozlar savdosini oʻtkazadi. Maxsus Banklar muayyan mijozlar guruhiga xizmat koʻrsatadi yoki ayrim sohalarda ixtisoslashadi (jamgʻarma, savdo, tashqi savdo, ipoteka va b.). Kooperativ Banklar tovar ishlab chiqaruvchilar tomonidan pay asosida barpo etiladi, taʼsischilarning kredit va bank xizmatlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondiradi. Tarmoq va hududiy prinsiplar boʻyicha tashkil topadi, tijorat Banklarning bir koʻrinishi hisoblanadi.
Mulk shakliga kura Banklarning quyidagi turlari bor: davlat Banklar, davlat ishtirokidagi aralash Banklar, davlatlararo Banklar, xalqaro Banklar, chet el sarmoyasi ishtirokidagi Banklar, aksiyadorlik Banklar, Bankirlar uyi, kooperativ Banklar, mahalliy oʻz-oʻzini boshqarish B., kommunal Banklar, xususiy Banklar va b.
Banklar ishining dastlabki belgilari quldorlik jamiyatida paydo boʻlgan. Ular asosan, savdogarlarning pul b-n bogʻliq hisobkitob ishlarini bajargan jiro-banklar (mijozlar Oʻrtasida hisobkitoblarni naqd pulsiz olib boradigan banklar) shaklida vujudga keldi. Shu bilan bir qatorda maxsus sarrofxonalarda sarroflar pul almashtirish va yirik pullarni maydasiga almashtirib berish ishlari b-n shugʻullangan. Banklarning ayrim belgilariga ega boʻlgan muassasalar oʻrta asrlarda Shim. Italiya shaharlarida, soʻngra Gollandiya va Germaniyaning savdo markazlarida yuzaga keldi.
Kapitalizmning vujudga kelishi va rivojlanishi bilan Banklarning ahamiyati ortib ketdi. Bank ishining hozirgi tamoyillari birinchi boʻlib 17-a. dan boshlab Angliyada, soʻngra boshqa mamlakatlarda yuzaga kela boshladi. Shu davrdan boshlab Banklar kapital va tadbirkorlikni ishga solishning maxsus bir sohasiga aylandi. Banklarning koʻpayishi b-n ssuda kapitali kapitalning asosiy shakllaridan biri boʻlib qoldi. Astasekin Banklar yiriklashib, ular bajaradigan operatsiyalar doirasi kengayib bordi. Banklar muomalaga xususiy veksellar oʻrnida ishlatiladigan kredit pullari — banknotlar (bank biletlari) chiqara boshladi. Koʻpgina mamlakatlarda cheklar bilan amalga oshiriladigan naqd pulsiz hisobkitoblar paydo boʻldi. Kapitalizmning rivojlanishi bilan kredit va toʻlovlarda vositachilik vazifasini bajaradigan muassasalarga talab ortib bordi. Banklar boʻsh pul vositalarini yigʻib, ularni turli muddatlarga ssudaga berdi, ular korxonalarning joriy hisob varagʻini yuritib, korxonalar oʻrtasida oʻzaro hisobkitoblarni olib bordi. Asta-sekin Banklar oʻrtasida eng yiriklari paydo boʻldi. Ayniqsa, 19-a. oxiriga kelib Banklar ishlab chiqarishning konsentratsiyalanishi oqibatida Banklarning yiriklashuvi Banklar sonini qisqarishiga va bank monopoliyalarining vujudga kelishiga, ular oʻrtasida oʻzaro raqobat kurashining kuchayishiga sabab boʻldi. Banklar toʻlov va kredit operatsiyalarida vositachilik qilish bilan kifoyalanmay, sanoat korxonalari aksiyalarini sotib ola boshladi, ularning xoʻjaliklari yoki muassislaridan biriga aylandi, yangi korxonalar taʼsis etishda xamkorlik qildi. Yirik Banklar va sanoat kapitalining birga qoʻshilib ketishi natijasida moliya kapitali va moliya oligarxiyasi vujudga keldi, bu oligarxiya mamlakatlarning iqtisodiy va siyosiy hayotida katta mavqeni egalladi.
Hoz. davrda koʻpgina mamlakatlarda koʻplab (mas, 90-y. lar boshida AQSHda 14,5 mingdan ortiq bank boʻlgan) Banklar boʻlishiga qaramay, ulardan 3—4 tasigina yetakchi oʻrinda turadi. Turli mamlakatlardagi yirik Banklar nihoyatda sertarmoq boʻlib, oʻz mamlakati doirasidagina emas, shu bilan birga jahonning juda koʻp mamlakatlarida boʻlim va filiallariga ega. Rivojlangan mamlakatlarda Banklar iqtisodiyotni boshqarish va ragʻbatlantirish muassasasi vazifalarini bajaradi. Banklar pul kapitalini iqtisodiyotning sohalari va tarmoqlari boʻyicha taqsimlanishida qatnashib, fonda normasining tenglashuvini taʼminlaydi.
Oʻzbekistonda birinchi bank muassasasi 1875-y. Toshkentda ochilgan Rossiya imperiyasi davlat Banklarning filiali boʻlgan. 19-a. ning oxirida Turkistonda rus kapitali ishtirokidagi Oʻrta Osiyo aksiyadorlik banki (1881), Volgakama banki (1893), Rus-Xitoy (Rus-Osiyo) banki (1903), Azov-Don savdo banki (1910), Nijniy Novgorod-Samara banki (1899), Poltava Yer banki (1901)ning filial, boʻlim va agentliklari faoliyat olib bordi.
Oktyabr toʻntarishidan soʻng barcha Banklar sovet hokimiyati tomonidan natsionalizatsiya qilindi. Oʻzbekistonda bank tizimi 1924-y. dan boshlab sobiq SSSR bank tizimining tarkibiy qismi sifatida tashkil qilindi. 1992-y. ga qadar SSSR Davlat banki (1923; 1921 – 23 y. larda RSFSR Davlat banki), SSSR Qurilish banki (1959; 1922 — 59 y. larda SSSR Savdo banki), SSSR Tashqi savdo banki (1924)ning Oʻzbekiston idora (kontora)lari respublikadagi bank muassasalari ishiga rahbarlik qildi. SSSRning parchalanishiga qadar Oʻzbekistonda mustaqil bank tizimini yaratish maqsadlarida 1991-y. 15 fev. da Respublika Oliy Kengashi sessiyasida respublika hududidagi B. Faoliyatining huquqiy asoslari belgilab berilgan Oʻzbekiston Respublikasining «Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida»gi Qonuni qabul qilindi va shu vaqtdan boshlab respublikaning haqiqiy, mustaqil bank tizimi shakllana boshladi. Sobiq SSSR B. ining respublika idoralari mustaqil Banklar sifatida OʻzR Markaziy banki tomonidan roʻyxatga olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimini shakllantirish va rivojlantirish strategiyasi iqtisodiyotni xoʻjalik yuritishning bozor sharoitlariga bosqichmabosqich oʻtkazish dasturiga mos keladi. Oʻtgan davrda bank islohotlari davomida milliy bank tizimining 2 bosqichli strukturasi (yuqori bosqichda — Markaziy bank, quyi bosqichda — tijorat banklari) huquqiy jihatdan mustahkamlandi; B. ning soni va ular koʻrsatadigan xizmat turlari koʻpaydi.
1995 — 96 y. larda bank qonunchiligi yanada takomillashdi. OʻzRning «Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida»gi (1995-y. 21 dek.) Qonuni bank tizimining huquqiy asoslarini toʻldiribgina qolmasdan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining alohida maqomi, maqsadlari, vazifalari hamda vakolatlarini ham aniq belgilab berdi. OʻzRning «Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida» 1996 yil 25 apr. dagi yangi Qonuni esa tijorat Banklar faoliyatining barcha huquqiy asoslarini xalqaro standartlar darajasida belgilab berdi. Tarkibida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, 12 viloyat va Toshkent sh. boshqarmalari boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki OʻzRning bosh banki hisoblanadi (1992-y. sent. gacha sobiq SSSR Davlat bankining Oʻzbekiston boʻlimi).
Respublikada bank tizimining quyi bosqichini paychilik, aksiyadorlik asosida, shuningdek chet el kapitali ishtirokida tashkil etilgan Banklar, ularning filial va vakolatxonalari, kooperativ va xususiy Banklar tashkil etadi.
Bank sohasini monopoliyadan chiqarish bank islohotlarining eng muhim yoʻnalishlaridan biridir. Dastlabki bosqichda bu asosan iqtisodiyotning ayrim sohalariga xizmat koʻrsatuvchi ixtisoslashtirilgan Banklarni tuzish yoʻli bilan amalga oshirildi. Ixtisoslashtirilgan Banklarning tashkil etilishi bozorga yoʻnaltirilgan bank tizimini yaratish yoʻlidagi zaruriy va tabiiy bosqich boʻldi.
1995 — 96 y. larda «Asaka» ixtisoslashtirilgan davlataksiyadorlik tijorat banki, «Aloqabank» aksiyadorlik tijorat banki, «Toshkentijtimoiyuyjoybank» aksiyadorlik tijorat banki, «Uzsayohatinvestbank» Oʻzbekiston aksiyadorlik tijorat investitsiya banki va «Zamin» ixtisoslashtirilgan davlat-aksiyadorlik ipoteka banklari tashkil etildi. «Oʻzdehqonsanoatbank» aksiyadorlik tijorat banki «Paxtabank» ixtisoslashtirilgan aksiyadorlik tijorat bankiga, «Oʻzjamgʻarmabank» Xalq bankiga aylantirildi.
Tijorat Banklar xalq xoʻjaligining turli sohalaridagi korxonatashkilotlarini kreditlash, moliyalash va ularga hisobkitob xizmati koʻrsatishni amalga oshiradi. Bu B. toʻla mustaqildir. Ularning aksiyalari turli mulk shakllariga mansub boʻlgan korxonalar, shuningdek jismoniy shaxslar oʻrtasida taqsimlangan. Tijorat Banklarning xususiy zaxiralari yetishmay qolganda ular kredit resurslari bozoridan zarur pul mablagʻlarini sotib olishlari mumkin.
OʻzRning barcha mintaqalarida 800 ga yaqin filiallarga ega boʻlgan 35 tijorat Banklar faoliyat koʻrsatadi, ulardan 5 tasi chet el kapitali ishtirokida, 11 tasi xususiy banklardir (2000).
Xususiy Banklarning huquqiy bazasini rivojlantirishda Respublika Prezidentining 1997-y. 24 apr. dagi «Xususiy tijorat banklarini tashkil qilishni ragʻbatlantirish choratadbirlar toʻgʻrisida» Farmoni muhim ahamiyatga ega boʻldi. Farmonga koʻra, respublika hududida faoliyat koʻrsatayotgan tijorat Banklar bilan bir qatorda xususiy Banklar ham tashkil etila boshladi (muassis jismoniy shaxslar hissasi bank Ustav kapitalining kamida 50% ni tashkil etishi lozim). 1998-y. da 5 ta xususiy («Alp Jamol», «Turkiston», «Istiqbol», «XIFbank» va «Oʻktambank») B. ga bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun dastlabki ruxsatnoma berildi.
1995-y. 24 okt. da Oʻzbekiston tijorat Banklar uyushmasi tashkil topdi (uning tarkibiga xususiy Banklarlar ham kirgan).
Respublikada 1992-y. dan «Oʻzbankaudit» — banklararo aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilgan auditorlik firmasi ish olib boradi. 1996-y. dan buyon «Oʻzbankaudit» bilan bir qatorda «Deloyt end Tush» va «Ernst end Yang» kabi 5 ta xalqaro auditorlik konsalting firmalariga hamda «Xolis» guruhi va «Odil audit» mahalliy audit firmalariga OʻzR Markaziy banki tomonidan bank auditi oʻtkazish huquqini beruvchi tegishli sertifikatlar berildi. Ular banklar, kredit muassasalari, sugʻurta kompaniyalari, tashkilot va korxonalarning buyurtmasi bilan ularning moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini tekshiradi (taftish qiladi), xolisona xulosalar beradi, ekspertizalar oʻtkazadi.
Hoz. davrda Oʻzbekistonda chet el Banklar va xalqaro moliya muassasalari kapitali ishtirokida qoʻshma Banklar faoliyat koʻrsatadi. Ular jumlasiga Oʻzbekiston — Gollandiya «Oʻzprivatbank» va «ABN Amrobank — Oʻzbekiston Milliy banki aksiyadorlik jamiyati», Oʻzbekiston — Turkiya «OʻTbank», Oʻzbekiston — Jan. Koreya «OʻzDEUbank» kiradi. 13 ta chet el banki Toshkentda oʻz vakolatxonasini ochgan. Bular katorida Doyche bank, Berliner Bank, Meybank (Malayziya), Kredit Sviss (Shveysariya), «Kredi Kommersial de Frans», «Sosyete Jeneral» (Fransiya), Pokiston Milliy banki, Cheyz Manxetten (AQSH), «Rossiyskiy kredit» va «Sakura bank LTD» (Yaponiya) banklari bor.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Xalqaro valyuta fondi va Jahon bankning doimiy maslahatchilari xizmatidan foydalanadi.
2000-y. 1 yanv. da Oʻzbekiston Respublikasi banklari tomonidan mijozlarga 529 mlrd. soʻmlik kredit qoʻyilmalari ajratilib, shundan 237 mlrd. soʻmi qisqa muddatli, 292 mlrd. soʻmi oʻrta va uzoq muddatli kreditlarni tashkil etdi. Oʻrtacha foiz stavkasi qisqa muddatli kreditlar boʻyicha 33,7%, oʻrta muddatli kreditlar boʻyicha 23%, uzoq muddatli kreditlar boʻyicha 13% dan iborat boʻldi.
Fayzulla Mumajonov.
Ensiklopediya.uz
BANKLAR