Balogʼat yoshidagi zoʼriqishlar
Balogʼat yoshidagi zoʼriqishlar
DO`STLARGA ULASHING:
Farzandlar kattalarning yurish-turishiga, xulq-atvoriga taqlid qiladi. Ularni toʼgʼri yoʼlga solish uchun ota-onalarning oʼzlari tarbiyali boʼlishlari zarur.
Bola 2-3 yoshidayoq baʼzi narsalarni idrok eta boshlaydi. 5 yoshgacha qanday tarbiyalansa, keyinchalik xulqi shunday shakllanadi.
Keyingi urinishlarning natijasi kam boʼlishi kuzatilgan.
* * *
Farzandlar kelajagini oʼylagan ota-onalar oʼzaro muomalada izzat-hurmatni saqlab, oʼrinli soʼzlashadilar, hamma bilan birday yaxshi munosabatda boʼladilar. Oʼgʼil-qizlari ongiga ham “Qoʼlingdan kelsa, barchaga yaxshilik qil, kelmasa, birovga yomonlik qilma” kabi oʼgitlarni singdiradilar. Ezgu fikrlar, oʼzgalarga yaxshilik qilish istagi inson qalbida bolalikdayoq ildiz otgani yaxshi.
Bolalarni oilada tarbiyalash masalasi murakkab va koʼp qirrali. Buning uchun ota-onalardan chuqur bilimli, ziyrak va oqil boʼlishi talab etiladi. Zero, har bir bola uchun oʼziga yarasha tarbiya usullarini topish kerak boʼladi.
Qiz bola 13-15 yoshga kirganda oʼzini kap-katta boʼlib qolgandek sezadi. Endi uning didi va fikri aksari siznikiga toʼgʼri kelmaydi, oʼziga doʼstlar orttiradi, baʼzan bu oʼrtoqlari sizga yoqinqiramaydi, uning oʼz ichki dunyosi boʼladiki, buni u kattalardan pinhon tutadi.
Аslini olganda qiz bola balogʼatga yeta borganida ham hali bolaligicha qolaveradi. U himoyaga, mehr-shafqatga, gʼamxoʼrlikka muhtoj. Eng muhimi uni hurmat qilishingizni, tushunishingizni istaydi.
Balogʼatga yetgan qiz gohida oʼz-oʼzini tushunmaydi. Muloyimligi, yuvoshligi, shirinsoʼzligi yoʼqolib, injiq, sal narsadan tutoqib ketadigan boʼlib qoladi. Boʼlar-boʼlmasga koʼz yoshi qilib keyin uzr soʼrab, yalinib-yolvoradi. Oʼylab qaralsa, u oʼz holiga tushunmaydi, lekin siz tushunishingiz shart. Boʼlmasa oʼrtaga sovuqlik tushib, begonalashib ketasiz, uzoq paytlargacha bir-biringizning koʼnglingizga yoʼl topolmay yurasiz.
Siz “qizim injiqlik qilyapti, uning feʼli aynib qoldi” deb oʼylarsiz. “Bebosh boʼlib ketdi, juda erka qilib yubordik, sal qattiqqoʼllik qilmasak boʼlmaydiganga oʼxshaydi” degan fikrga ham kelasiz. Shu bilan hamma muammo hal boʼlarmikan?
Qizingizga yaxshilab razm soling-a. Uning qoʼpol soʼzlarini va dagʼal harakatlarini koʼrasiz-ku, lekin diliga salga ozor yetishini, sizdan uyalishini, koʼnglidagi dard-hasratlarini toʼkib sola olmasligini oʼylab koʼrmaysiz. U sal narsadan darrov charchaydigan, asabi buziladigan, jahli burni uchida turadigan, koʼngli nozik boʼlib qolganki, asti qoʼyaverasiz…
Qiz bola hayotidagi eng muhim davrni boshidan kechiryapti, u balogʼatga yetyapti. Uning organizmida jiddiy ichki oʼzgarishlar sodir boʼlmoqdaki, bu uning barcha aʼzolariga, jumladan, asabiga koʼproq taʼsir qiladi. Аna shu oʼzgarishlarda jinsiy bezlar gormonlari hal qiluvchi rolь oʼynaydi. Qizlarning balogʼatga yetish davri 3-4 yilga choʼziladi.
* * *
Аyrim ota-onalar farzandlari oʼsmirlik yoshidan oʼtgan boʼlsa-da, salga turtib-urishib, haqoratlayverishadi. Har qanday holatda ham bolani haqoratlash (qargʼash yoki soʼkish) toʼgʼri emas. Eng muhimi – vahima qilmang, oʼzingizni bosib oling, hovliqmang.
Farzandingizning dilidagilarni tushunishga harakat qiling. Siz sabr-toqat, aql va muloyimlik bilan bolaga vaziyatni toʼgʼri tushuntirishga harakat qiling. Ularni hozir sal narsaga xafa qilib qoʼyish mumkin. Xatosini tushuntirib, qilgan ishi yomonligiga ishontirish kerak.
Tarbiyada shirin soʼz eng samarali usul. Bir voqeani tanishimiz aytib bergan edi, arzimagan oilaviy janjal oqibatida bir yigit oʼz joniga qasd qilishgacha borgan. Bu albatta, ayanchli holat. Аqlli bolalar ota-onalarini hurmat qilib, kuchlari yetgancha ularning xizmatida boʼladilar. Yomon soʼz aytishdan, achchiqlanib qarashdan oʼzlarini saqlaydilar. Farzand ota-ona uchun jondan azizdir. Bordi-yu, u noqobil boʼlsa, ozori jondir.
* * *
Bir yigit oʼz otasini haqorat qilib urganini koʼrgan odamlar nafratlanib, u adabsiz oʼgʼilga hujum qilmoqchi boʼldilar. Yigitning otasi odamlarni toʼxtatib: “Birodarlar, oʼgʼlimga hujum qilmang, bu ishda oʼgʼlim emas, oʼzim aybdorman. Yigitlik vaqtimda kunlardan bir kun xuddi mana shu yerda otamni haqorat qilib, urgan edim. Otamga qilgan qilmishim jazosini endi oʼzim koʼrib turibman. Otamga qanday muomala qilgan boʼlsam, bugun oʼshanday muomala oʼz oʼgʼlimdan qaytdi. Nimani eksang, shuni oʼrasan, deb juda toʼgʼri aytganlar. Men ota-onamni hurmat qilmadim, dillarini ogʼritdim, u muborak zot mendan norozi boʼlib ketdilar, endi oʼgʼlim aybdor emas, birodarlar ayb oʼzimda”- deb yigʼlabdi.
Yigit otasining soʼzlaridan taʼsirlanib, undan uzr soʼrabdi. Ota emasmi, u ham oʼgʼlining gunohini kechirib, koʼz yoshlarini artibdi.
Maslahatimiz shuki, balogʼatga yetish davrida bola organizmi nozik boʼladi. Xuddi ana shu davrda farzandni qoʼllab-quvvatlash, yaxshi soʼz bilan qalbidagi ezgu-fazilatlarni koʼpaytirish, chiniqtirish orqali tanasini kasalliklardan himoyalash kerak.
Jismoniy mashqlar sogʼliqni mustahkamlaydi, yaxshi oʼqishga yordam beradi. Bolani orastalikka oʼrgatsangiz va har kuni oz boʼlsada, badantarbiya qilishga odatlantirsangiz, uning sarkashligi uzoqqa bormaydi.
Pand-nasihatlardan tashqari, oʼzingiz ham oʼrnak boʼlsangiz, yanada yaxshi.
Shuni yodda tutish kerakki, farzandlarimizni yoshlikda aqliy va jismoniy jihatdan qattiq zoʼriqtirmaslik kerak. Ortiqcha zoʼriqish organizm salomatligi uchun xavf solishi mumkin.
Fazliddin HАYDАROV,
Oʼzbekiston Milliy Universiteti dotsenti,
psixologiya fanlari nomzodi.
Balogʼat yoshidagi zoʼriqishlar