BALET haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
BALET haqida malumot bilib oling.

BALET (lot. ballo — raqsga tushaman) — asar mazmuni musiqiy xoreografik obrazlar vositasi bilan ifodalanadigan sahna sanʼati turi. Oʻzida sanʼatning dramaturgiya, musiqa, xoreografiya, tasviriy sanʼat kabi turlarini uygʻunlashtiradi, bu sanʼat turlarining hammasi alohida-alohida mavjud boʻlmay, Baletning sintez markazi boʻlgan xoreografiyaga boʻysunadi. Balet librettochi, kompozitor, baletmeyster va rassom hamkorligida yaratiladi. Baletning dramaturgik asosi libretto (ssenariy) dan boshlanib, unda asarning asosiy mazmuni, gʻoya, ziddiyat va xarakterlari aniq belgilanadi. Libretto koʻpincha adabiy asarga asoslanib, uni musiqa va xoreografiyada gavdalantirish imkoniyati hisobga olinadi. Ssenariy asosida esa kompozitor B. musiqasini yaratadi. Uning izchilligi, sahna koʻrinishi, parda va nomerlarga boʻlinishi ssenariyda koʻrsatiladi. Musiqa faqat ssenariyni ifodalabgina qolmay, balki musiqali obrazlarning mazmuni bilan uni boyitadi. Balet musiqasi xoreografiyani yaratish uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Balet — musiqada yozilgan, xoreografiyada gavdalantirilgan drama. Xoreografik harakatning asosi raqs va inson tanasining plastikasidir. Baletda raqsning mumtoz, xarakterli, sahna, xalq, erkin plastika, «modern» kabi turlaridan foydalaniladi. Mumtoz raqs Yevropa B. sanʼatida yetakchi oʻrinni egallab, pantomima, raqsning boshqa turlari, sport va akrobatika elementlari bilan boyib bormoqda. Balet spektaklida dekoratsiya, libos, yorugʻlik va b. hamma tasviriy vositalarni musiqiyxoreografik harakatga uygʻunlashtirish rassomning vazifasidir. Balet spektaklining ijrosi, musiqiy talqini va musiqa bilan raqs harakatining uygʻunligiga dirijyor rahbarlik qiladi. Baletning fojia, komediya, pyesa, Balet — simfoniya kabi janrlari mavjud. Balet spektakllari bir pardali, koʻp pardali boʻladi. Balet atamasi asosan 16 — 19-a. lar davomida shakllangan Yevropa Balet sanʼatini ifodalaydi, lekin 20-a. dan kengroq talqin qilinib, Osiyo va Afrika mamlakatlarining raqs tomoshalariga nisbatan ham ishlatiladi. Xoz. Yevropa Balet ining paydo boʻlishi qad. xalq musiqali raqs tomoshalariga borib taqaladi. 15 — 16-a. lar teatrlashgan raqslarning shakllanish jarayoni avval Italiyada, soʻng boshqa mamlakatlarda Balet sanʼatini vujudga kelishiga sabab boʻldi. 1581-y. Fransiyada yaxlit va rivojlangan mazmunli musiqa, raqs, pantomima, soʻz va ashula bilan ifodalangan birinchi Balet spektakli («Qirolichaning hajviy baleti») yaratildi. 1661-y. Parijda tashkil qilingan «Qirollik raqs akademiyasi» B. ning professional sanʼatga aylanishida katta rol oʻynadi. 18-a. da Angliya, Avstriya va Fransiyada Balet batamom mustaqil sanʼat turi sifatida shakllandi. Rossiyada birinchi Balet spektakli 17-a. ning 70-y. larida («Orfey va Evredika haqida balet») yaratilgan.

Oʻzbek xalqi qadimdan oʻzining mumtoz raqsiga, rang-barang, rivojlangan raqs madaniyatiga ega boʻlib, bu Oʻzbekistonda professional Balet sanʼatining rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatgan. 1918-y. Toshkentda Turkiston xalq konservatoriyasi zaminida Davlat rus opera teatri tashkil qilindi. Teatr qoshida kichik balet truppasi ham boʻlgan. 1929-y. teatr opera va balet teatri nomini oldi. «Lolaqizgʻaldoq» (R. Glier), «Raymonda» (A. Glazunov), «Ferenji» (B. Yanovskiy), «Boqchasaroy favvorasi», «Kavkaz asiri» (B. Asafyev) kabi Baletlar qoʻyildi. 1933 i. Toshkentda 1-Respublika balet maktabi (1935-y. dan Tamaraxonim nomida) ochildi. 1933-y. birinchi oʻzbek milliy Balet pantomimasi — «Paxta» (baletmeyster Usta Olim Komilov) sahnalashtirildi. Keyinchalik «Shohida» (F. Tal), «Gulandom» (Ye. Brusilovskiy), «Togʻlar qalbi» (A. Balanchivadze), «Laylakcha» (D. Klebanov) kabi Baletlar oʻzbek mumtoz va xalq raqslari asosida yaratildi. 1941-y. da balet maktabining birinchi bitiruvchilari G. Izmaylova, R. Urmanseva, N. Tarshilova qabilar balet truppasiga kelib qoʻshildi. Ammo truppada tayyorlangan kordebaletning yuqligi mumtoz Baletlar qoʻyish imkonini bermasdi. 1943-y. dagina «Oqbilak» (S. Vasilenko) baleti qoʻyildi. 1948-y. oʻzbek opera va balet teatri Sverdlov nomidagi rus opera va balet teatri bilan birlashtirilib, A. Navoiy nomidagi opera va balet teatriga aylantirildi va tajribali kordebalet artistlari bilan kuchaytirildi. «Bukri toychoq» (Ch. Puni), «Don Kixot» (L. Minkus), «Oqqush koʻli» (P. Chaykovskiy) kabi mumtoz, «Raqqosa» (G. Mushel) kabi milliy Baletlar qoʻyildi. 1948 — 51 y. lar Moskva xoreografiya bilim yurti qoshida ochilgan oʻzbek balet studiyasida H. Komilova, G. Mavayeva, K. Yusupova, F. Nosirova, Yo. Hojisaidova, L. Bashirova, A. Nazrullayev, R. Tanguriyev va b. taʼlim oldilar.

1947-y. Toshkentda xoreografiya bilim yurti tashkil qilindi. «Yoshlik» (M. Chulaki), «Esmeralda» (Ch. Puni), «Uyqudagi goʻzal» (P. Chaykovskiy) kabi spektakllar qoʻyildi. 50-y. larning oʻrtalarida balet truppasi B. Krriyeva, L. Komilova, S. Tanguriyeva, V. Proskurina, R. Kurmasva, V. Vasilyev, K. Soatov va b. balet artistlari bilan toʻldirildi. Truppa tarkibining yangilanishi repertuarga ijro uslubi murakkab mumtoz Baletlarni («Jizel», «Shopeniana») kiritish imkonini berdi. 60-y. larda «Bolero» (M. Ravel), «Don Juan» (K. Glyuk), «Spartak» (A. Xachaturyan), «Korsar» (A. Adan), «Kashmir afsonasi» (G. Mushel), «Layli va Majnun» (I. Akbarov), «Sevgi tumori», «Temur Malik» (M. Ashrafiy), «Qirqqiz» (L. Feygin), «Semurgʻ» (B. Brovsin), «Suhayl va Mehri» (M. Leviyev) va b. B. lar sahnalashtirildi. 70-y. larga kelib, mumtoz, zamonaviy va milliy baletlar bilan oʻzbek Baleti boyidi. «Tanavor» (A. Kozlovskiy), «Oyimqiz va bezori» (D. Shostakovich), «Antoniy va Kleopatra» (E. Lazarev), «Afsonalar vodiysida» (U. Musayev), «Dunyoning yaratilishi» (A. Petrov), «Sevgi haqida qissa» (O. Medikov), «Sevgi va qilich» (M. Ashrafiy), «Uzilgan qoʻshiq» (A. Kalninsh) va b. spektakllar shular jumlasidan.

80 — 90-y. lar kompozitor va baletmeystrlarning milliy Balet yaratish borasidagi harakatlari kuchaydi. «Navroʻz» (Ik. Akbarov), «Quyoshga taʼzim» (R. Ab-dullayev), «Toʻmaris» (U. Musayev) kabi Baletlar milliy baletimiz mavqeini yanada koʻtardi. G. Izmaylova, B. Qoriyeva, V. Vasilyev, G. Hamroyeva, N. Yoqubova, R. Tanguriyev, S. Tanguriyeva, 3. Davletmurodova, R. Karimova, F. Saʼdullayeva qabilar oʻzbek Balet ini rivojlanishiga munosib hissa qoʻshdilar. 1997-y. Toshkent xoreografiya bilim yurti negizida Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi hamda xoreografiya maktabinternati tashkil etildi.

Ensiklopediya.uz
BALET