Bahovuddin Naqshband (1318-1389)

Bahovuddin Naqshband (1318-1389)

Bahovuddin Naqshband (1318-1389)

Mundarija скрыть
Bahovuddin Naqshband (1318-1389)
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Markaziy Osiyoda XIV asrda paydo boʻlgan yana bir yirik tasavvufiy tariqat – “Naqshbandiya” tariqatidir. Bu tariqat Xoja Muhammad Bahovuddin Naqshband nomi bilan bogʻliqdir. Naqshband 1318 yilda Buxoro yonidagi Qasri Hinduyon qishlogʻida tugʻiladi (soʻngra Hazrati Naqshband sharofati bilan bu qishloq “Qasri Orifon” deb atala boshlagan). 1354 yilda vafot etgan mutasavvuf olim Xoja Muhammad Boboi Samosi Bahovuddin Naqshbandning Buxoro yonidagi Qasri Hinduyon qishlogʻida paydo boʻlishini oldindan bashorat qilgan ekan. Mazkur mutasavvuf donishmand yosh Bahovuddinni oʻziga oʻgʻil qilib oladi va har tomonlama uni tarbiya qiladi. Vafotidan oldin uni oʻz shogirdi Sayyid Mir Kulolga topshiradi. Shu zaylda yosh Bahovuddin oʻsha davrdagi atoqli mutasavvuf Sayyid Mir Kulol qaramogʻida taʼlim olgan.
Tasavvufning mashhur bilimdoni, atoqli sharqshunos Ye. E. Bertelsning yozishicha, Naqshband taʼlimotining asosida ixtiyoriy ravishdagi faqirlik yotadi… Shunga binoan, Bahovudsin Naqshband umri boʻyi dehqonchilik bilan kun kechirgan, oʻz qishlogʻida unchalik katta boʻlmagan yeriga bugʻdoy va mosh ekar ekan. U uyida hech qanday mol-dunyo va boylik saqlamagan. Qishda qamishlar ustida, yozda esa boʻyra ustida yotib kun kechirgan. Uning uyida hech qachon xizmatkor ham boʻlmagan. Hazrati Naqshband butun umrini oʻz xohishi bilan faqirlik va yoʻqsilliqda oʻtkazgan. Zero, bu tariqatning asl aqidasi – “Dil – ba yor-u, dast – ba kor” – yaʼni “doimo koʻngling Allohda boʻlsin, qoʻling esa ishda” degan gʻoyani ilgari suradi. U oʻz qoʻl kuchi bilan kun koʻrishni yoqtirgan, topgan-tutganlarini – yetim-yesirlarga, beva-bechoralarga inʼom etgan, hukmdorlardan doimo oʻzini yiroq tutgan, ular oldida hech qachon taʼmagirlik qilib yashamagan.
XIV asrda Markaziy Osiyoda paydo boʻlgan “Naqshbandiya” taʼlimoti Afgʻoniston orqali Hindistonga va boshqa islom yurtlariga shiddat bilan tarqala boshlaydi. Naqshbandiya taʼlimoti Temurning moʻgʻullar isteʼlosiga qarshi kurash, mustaqil davlat barpo etib, unda madaniy-maʼnaviy rivojlanishni taʼminlashga intilishida, temuriy davri madaniy yuksalishida katta ijobiy ahamiyat kasb etadi.
XV asrning koʻp olim-fozillari, davlat arboblari, sanʼatkorlari Naqshbandiya taʼlimotidan keng foydalandilar, unga oʻta ijobiy munosabatda boʻdsilar. Zahiriddin Muhammad Bobur (1483–1530) davrida, undan keyingi XVI – XVII asrlarda bu jarayon ancha tezlashadi. Naqshbandiya tariqati XVI asrda Xoja Muhammad al-Boqiy Kobuliy (vafoti 1605) Hindistonga borgandan soʻng Hind tuprogʻida ham bu avj oladi. Bu mashhur mutasavvuf olim Afgʻon va Hind yurtlarida Xoja Boqibillo nomi bilan mashhurdir. Uning shogirdi Xoja Ahmad Foruq Sirhindiy (1563–1624) esa Naqshbandiya taʼlimotining XVII asrda Hindistonda yoyilishida katta rol oʻynagan.
Shunday qilib, bizning tabarruk yurtdoshimiz Hazrati Bahovuddin Naqshband tomonidan asoslangan Naqshbandiya taʼlimoti Markaziy Osiyo, Oʻrta va Yaqin Sharq xalqlarining ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-madaniy hayotida juda katta oʻrin egalladi. Bu taʼlimot boshqalar mehnati bilan kun kechirishni, tekinxoʻrlikni, ijtimoiy zulm-istibdodni qatʼiyan qoralaydi. Bu taʼlimot tarafdorlari asketizmga (tarkidunyochilikka) karshi, boy-zodagonlarning zulm va istibdodiga qarshi boʻlganlar, faqat oʻz qoʻl kuchi, peshona teri bilan halol mehnat qilib kun kechirishga chaqirganlar. Naqshbandiylar savdo-sotiq, dehqonchilik, hunarmandchilik, badiiy adabiyot, musiqa, ilm-maʼrifat, xattotlik, naqqoshlik, mi-niatyurasozlik, quruvchilik kabi barcha foydali va xayrli yumushlar bilan shugʻullanishga daʼvat etganlar. Shuning uchun ham oʻz davridagi ilm-maʼrifatning, adabiyotning yirik namoyandalari boʻlmish Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Xushholxon Xatak, Ahmad Shoh Durroniy, Mahdumquli Firogʻiy singari yuzlab ulkan taraqqiyparvar, insonparvar shoirlar va mutafakkirlar Naqshban-diya yoʻlini tanlaganlar, hayotni va insonni avji baland pardalarda kuylab, tinmay barakali ijod qilganlar.
Xoja Bahovuddin Naqshbandni Markaziy Osiyo xalqlari juda yuksak qadrlaydilar. Xalqimiz ul Hazratga baland eʼtiqod qoʻyib, “Bahovuddin – balogardon!” deya uni behad eʼzozlaydi. Hozirgi mustaqil jumhuriyatimiz sharoitida “Yassaviya”, “Kubraviya”, “Naqshbandiya” kabi oʻlkamizda (Turkistonda) vujudga kelgan tariqatlar endi bizda ham har tomonlama chuqur oʻrganila boshlandi. Xoja Ahmad Yassaviy, Shayx Najmiddin Kubro va Xoja Bahovuddin Naqshband singari mutasavvuf donishmandlarning poklik, toʻgʻrilik, mehr-shafqat, adlu insof, imondorlik, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi ilgʻor umumbashariy fikrlari davrimizga hamohang boʻlib, kelajak uchun xizmat qiladi. 1993 yilda Oʻzbekistonda Bahovuddin Naqshbandning 675 yilligi zoʻr tantanalar bilan oʻtkazildi, unga bagʻishlab qator asarlar nashr etildi, xalqaro ilmiy konferensiyalar boʻlib oʻtdi. Buxorodagi Naqshband nomi bilan bogʻliq boʻlgan yodgorliklar qaytadan tiklandi.

Bahovuddin Naqshband (1318-1389)