Bag‘dod batareykasi to’liq malumot oling

Bag‘dod batareykasi to’liq malumot oling

Siz va biz maishiy turmushda keng qoʻllaydigan oddiy batareykalar 1800-yilda italyan olimi Alessandro Volta (1745–1827) tomonidan kashf etilgan deb qaraladi. Volta bir necha dona mis va rux plastinani ustma-ust joyladi va ularning orasiga tuzli suv shimdirilgan mato qoʻyib chiqdi. Shu orqali u bizlar “batareyka” deb nomlaydigan doimiy tok manbayini ixtiro qildi. Agar batareykaning pastki va ustki qismlari elektr oʻtkazgich sim bilan ulansa, simda tok oqa boshlaydi. Biroq… baʼzi arxeologik osori atiqalarga nazar tashlaydigan boʻlsak, elektr batareykalari, aslida, Volta ixtirosidan ham ming yillar avvalroq, yaqin sharqda allaqachon mavjud boʻlgan degan xulosaga kelish mumkin.

BBC–Science ilmiy-ommapob teledasturlaridan birida jurnalist shunday xitob bilan oʻz dasturini ochadi: “Iroqning ilmiy va madaniy meʼrosi juda katta, xususan, Semiramida osma bogʻlari, Bobil minorasi aynan shu tuproqda joylashgan”. 1938-yilda Bagʻdodda ilmiy ekspeditsiya olib borayotgan olmon arxeologi Vilgelm Kyonig balandligi 13 sm keladigan sopol koʻzacha topib oldi. Koʻzachaning boshqa topilmalardan farqi shunda ediki, uning usti zich yopilgan boʻlib, ichida… olim oʻylaganidek tilla tangalar emas, balki mis silindri bor ekan. Mis silindrning atrofi temirdan yasalgan qoplama bilan oʻralgan boʻlib, undagi zanglashdan qolgan alomatlarga koʻra ilmiy xulosa qilinsa, ushbu koʻzachada oʻz vaqtida uzum sirkasi yoki vinoga oʻxshash juda kuchsiz kislota saqlangan boʻlishi mumkin edi. Kyonig ushbu ajoyib topilmaning elektr toki ishlab chiqishga moʻljallangan batareyka ekanini fahmlasa-da, koʻzlariga ishonolmasdi. Axir topilma eramizdan avvalgi 250–225-yillar orasiga mansub edi-da! U ushbu moʻjaz idishdan galvanik element sifatida foydalanilgani yoki qandaydir yanada kuchliroq batareykaning bir qismi boʻlganligi ehtimolini inkor qila olmasdi. Uning fikricha, bunday turdagi elektr manbayidan qadimgi Iroq zargarlari kumushga ishlov berishda foydalangan boʻlishlari mumkin ekan. Uzum sirkasi singari kuchsiz kislotali eritma esa “Bagʻdod batareykasi” uchun elektrolit hamda oʻtkazgich vazifasini bajarib bergan. Kyonig topilmasining asl yoshi hanuzgacha fanga nomaʼlum boʻlib qolmoqda. Aytganimizdek, olmon arxeologining oʻzi uni eramizdan avvalgi yuz yilliklarga qiyoslasa, boshqa olimlar tomonidan eramizning 224–600-yillari oraligʻi deb ham qaraladi. Nufuzli oliy dargohlardan birida oʻtkazilgan “Bagʻdod batareykasi”ning rekonstruktsiyasi shuni yaqqol koʻrsatib berdiki, agar shunday koʻzacha haqiqatan ham uzum sirkasi yoki uksus bilan toʻldirilsa, undan rostdan ham elektr toki olish mumkin ekan.

Metallurg Pol Kredok 2003-yilda ushbu topilma haqida soʻz yuritarkan, shunday degan edi: “Bagʻdod batareykasining oʻxshashi yoʻq. Bilishimcha, bunday batareykalarni boshqa hech kim, hech qayerdan topmagan. Bu gʻalati narsa biz yashayotgan hayotning jumboqlaridan biridir…”

Bag‘dod batareykasi

dzen.ru

Olimlar va ziyolilar tomonidan Bagʻdod batareykasining oʻz egasiga nima maqsadda xizmat qilgani haqida xilma-xil fikrlar bildirilgan. Ular ichida mijozga akupunktura qilishga urinadigan tabibdan tortib, odamlarni oʻz gʻayritabiiy “xislat”lariga ishontirmoqchi boʻlgan folbinlargacha boʻlgan “batareyka egalari”ni sanash mumkin. Agar ushbu batareyka bilan birgalikda yana qandaydir oʻtkazgich simlar yoki boshqa elektr jihozlarining qadimgi namunalari topilganida, ushbu artefakt osori atiqani haqiqatan ham insoniyat tarixidagi dastlabki batareyka deyish mumkin boʻlarmidi, yana kim biladi deysiz, tarix bizdan qanchadan qancha sinoatlarni yashirib qolgan ekan?!…

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Bag‘dod batareykasi
Muqova surat: freepik.com

Boshqa mavzular
Bag‘dod batareykasi