Bachadondan tashqari homiladorlik haqida malumot

Bachadondan tashqari homiladorlik haqida malumot

Bachadon bo‘shlig‘i uchburchak shaklda bo‘lib, yuqoridagi ikki burchagida bachadon naylari (uzunligi 10-12 sm) joylashgan. Spermatozoidlar jinsiy a’zo orqali bachadon bo‘shlig‘iga tushadi, so‘ng bachadon nayiga o‘tib tuxum hujayra bilan to‘qnashadi. Urug‘lanish bachadon nayida ro‘y beradi. Ya’ni, urug‘langan tuxum hujayra bachadon nayining qisqarishlari tufayli bachadon bo‘shlig‘i tomon surilib boradi va mayin tukchalar bilan qoplanib, ko‘p xujayrali embrionga aylanadi. So‘ngra tukchalari yordamida bachadon shilliq pardasiga payvandlanib oladi. Xuddi shu vaqtdan homila shakllana boshlaydi.
Ko‘pincha tuxum hujayraning bachadonga qarab surilib kelishiga to‘sqinlik qiladigan o‘zgarishlar ro‘y beradi, ya’ni salpingit yuzaga keladi. Aynan shu to‘g‘risida akusher-ginekolog Ra’noxon Tojiboyeva «Sihat-salomatlik» jurnaliga o‘z fikrlarini bayon etgan.

Salpingit bachadon (fallopiy) nayiga turli mikrob (so‘zak, zaxm, sil infeksiyalari va boshqa)lar tushishi natijasida yuzaga keladigan yallig‘lanishdir. Infeksiya ko‘pincha bachadondan yoki qon va limfa orqali naylarga o‘tadi.
Dastlab bachadon nayining shilliq qavatlari, keyinchalik boshqa qavatlari ham zararlanadi. Shu tufayli bachadon nayi bekilib qolishi yoki chandiqlanishi mumkin.

Salpingit aksariyat hollarda bachadondan tashqari homiladorlikka sabab bo‘ladi. Bunda bachadon nayi yopiqligi uchun tuxum hujayralar oldinga surilmay, yo‘lini yo‘qotadi, oqibatda bachadon nayiga payvandlanadi.
Kasallik o‘tkir kechib, davolanmasa, surunkali tusga o‘tadi. Bemor ayol shifoxonaga yotishi, shaxsiy gigena qoidalariga amal qilishi, qattiq sovqotishdan saqlanishi va davolanish jarayonida infeksiyalar o‘chog‘ini yo‘qotadigan muolajalar olishi zarur.

Davolanish kechiktirilsa, yallig‘lanish kuchayib, tuxumdon va bachadon ortiqlariga ham o‘tadi. Ayrim hollarda bachadondan tashqari homiladorlik salpingitdan boshqa sabablarga ko‘ra ham ro‘y beradi. Masalan, bachadon ichi va atrofidagi o‘tkir yallig‘lanishlar tufayli bachadon naylari urug‘langan tuxum hujayrani bachadon bo‘shlig‘iga o‘tkazolmaydi. Buning natijasida tuxum hujayra bachadon nayining o‘zida, ba’zida esa tuxumdon yoki qorin bo‘shlig‘ida rivojlanadi.

Bachadondan tashqari homiladorlikka jinsiy a’zoning quyidagi kasalliklari sabab bo‘lishi mumkin.

  1. Endometrit (bachadon ichki shilliq qavati yallig‘lanishi);
  2. Bachadon fibromiomasi;
  3. Adneksit (tuxumdon va bachadon naylari yallig‘lanishi);
  4. Homiladorlikdan saqlanish uchun bachadonga yod eritmasi quyish;
  5. Infantilizm (jinsiy a’zoning yetilmay qolishi);
  6. Pelvioperitonit (kichik chanoq qorin pardasi yallig‘lanishi).

Bachadondan tashqari homiladorlikning eng birinchi alomati jinsiy a’zodan qonli ajralma kelishidir. Qorin pastida simillovchi og‘riq turadi. Bemorda bo‘shashish va badanni muzday ter qoplashi kuzatiladi.
Kasallik belgilariga o‘z vaqtida ahamiyat berilmasa, bosh aylanishi va hushdan ketish hollari ro‘y beradi.
Ayol o‘z-o‘zicha davolanmasligi, qon to‘xtatuvchi dorilar ichmasligi va qorin sohasiga grelka yoki muzli xaltalar qo‘ymasligi kerak.
Bemorlar ahvolini faqat operatsiya yo‘li bilan yengillatish mumkin.  Jarrohlikdan so‘ng bachadondan tashqari homiladorlikka sabab bo‘lgan kasalliklarni bartaraf etish va davolash tavsiya etiladi.

Diqqat! Operatsiya qilingan ayol bir yilgacha homiladorlikdan saqlanishi, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etishi va turli yallig‘lanish kasalliklarini o‘z vaqtida davolab, tuzatishi zarur.

Maslahat shuki, to‘g‘ri va sifatli ovqatlaning. Shifokor tavsiyasiga ko‘ra E, A, B guruhi vitaminlarini qabul qilib turing.
Selderey, gulkaram, anor, baliq, sabzavot-mevalar, sut-qatiq mahsulotlari, tvorog iste’mol qilib turing. Organizm immun tizimi ishini mustahkamlang. Har kuni turli mashqlar bajaring, toza havoda ko‘proq sayr qiling. Har uch oyda ginekolog ko‘rigidan o‘tib turing.

Kasalliklar
Bachadondan tashqari homiladorlik