Bachadon bo‘yni saratoni O‘zbekistonda ko‘paymoqdami? to’liq malumot oling
Bachadon bo‘yni saratoni dunyoda ayollar orasida eng keng tarqalgan onkologik kasalliklardan biri. Yosh ayollarning bu xastalikdan o‘lishi bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda to‘rtinchi o‘ringa chiqib olgan.
”Har yili O‘zbekistonda 1660 nafar ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda, – degan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Elmira Bositxonova. – Mamlakatimizda yiliga o‘rtacha 600 ga yaqin ayol mazkur kasallik tufayli vafot etmoqda. Ya’ni har kuni deyarli ikki kishi. Ushbu kasallikni odam papillomasi virusi keltirib chiqaradi”.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilorom Tursunova mamlakatda nega bunday vaziyat yuz berganini va muammoni qanday hal etish mumkinligini gapirib berdi.
Foto: MedicalNewsBulletin.com
Bachadon bo‘yni saratoni xastaligiga sabab bo‘ladigan odam papillomasi virusi (OPV) nima?
95-99 foiz hollarda bachadon bo‘yni saratonini aynan OPV yuzaga keltiradi. Bu virusning bir necha serotiplari mavjud bo‘lib, asosiylari – 16- va 18-serotiplari ushbu saratonni keltirib chiqaradi.
Dunyo bo‘yicha OPV bilan kasallanganlar soni har yili 60 mingdan ziyodni tashkil qilsa, O‘zbekistonda bir yilda 1660 ta bemor ro‘yxatga olinadi. Shundan 608 ayol vafot etadi.
O‘zbekistondagi ahvol qanday?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti OPVga qarshi vaksinani ishlab chiqqan va uning oldini olish uchun emlash kerak degan xulosaga kelgan. OPVga qarshi emlash ishlari ko‘plab davlatlarning milliy emlash jadvaliga kiritilgan, hozir 92 ta mamlakatda yosh qizlar bepul emlanadi.
Bu virus bilan nafaqat ayollar, balki erkaklar ham kasallanishi mumkin. U asosan reproduktiv yoshdagi, ya’ni 24 yoshdan 45 yoshgacha ayollarda ko‘p uchraydi.
Bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallanish bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Shuning uchun ham prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu muammoga alohida e’tibor berilib, bu virusga qarshi emlash milliy emlash jadvalimizga kiritildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyasi bilan O‘zbekistonda ham 2019 yildan faqat 9 yoshli 400 mingga yaqin qizlar bepul emlanadi. Lekin 9 yoshdan kattalar ham emlanishi mumkin, unisi pulli.
ЎҚИНГ: Ochiq muhokama etilmaydigan nozik masala
2010 yilda ham Toshkent shahri, Andijon va Navoiy viloyatlarida xuddi shu vaksinani emlash o‘tkazilgan. Chunki bu hududlarda mazkur kasallik bilan og‘riganlar soni eng ko‘p kuzatilgan va 8 ming qiz emlangan. Lekin vaksina hech qanday yomon asoratlar yoki ta’sirlar keltirib chiqarmagan. Hozirgi kunda o‘sha qizlarni doimiy monitoring qilib turamiz, ularning ko‘pchiligi turmushga chiqqan, ona bo‘lishgan.
Vaksinatsiya nimaga to‘xtatib qo‘yilgan edi?
Birinchidan, bu vaksina juda qimmat turadi.
Ikkinchidan esa uni sotib olishga navbatda turgan davlatlar juda ko‘p.
Yana bir sababi – vaksinani saqlash uchun O‘zbekistonda yetarli sharoit yo‘q edi.
Vaksinaning narxi qancha?
Ushbu vaksinaning bir dozasini davlatimiz UNICEF yordami bilan 5,6 dollarga (taxminan 47 ming so‘m) sotib oladi va 9 yoshli qizlar doimiy bepul emlanadi.
9 yoshdan kattalar emlanmoqchi bo‘lsa, bir qizni emlash uchun davlatdan 12 dollar (100 ming so‘mdan ko‘proq) mablag‘ ajratiladi. Ular pulli emlash markazlarida emlanishi mumkin.
Odam papilloma virusi qanday paydo bo‘ladi?
Biror vaksinani qo‘llashdan oldin uning natijalari, asoratlarini o‘rganamiz, tahlil qilamiz. Rivojlangan davlatlarning tajribasi va uchta viloyatdagi emlash natijasi yaxshi samara bergani uchun ushbu vaksina milliy emlash jadvalimizga kiritildi.
Papilloma virusi tashqi muhitda avvaldan bor, hammada ham bo‘lishi mumkin. 15 yoki 20-25 yoshdan ushbu virusni yuqtirsangiz, 20-25 yildan keyin asoratlari yuzaga chiqadi.
Hammada ham emas, aynan immuniteti pastlarda, kamqon yoki kuchli stressga tushgan, tibbiy so‘z bilan aytganda, shu virusga moyil bo‘lgan organizmlarda saraton kasalligiga olib keladi.
Shuning uchun emlashni 9 yoshli qizlardan boshlamoqchimiz. Chunki bu yoshda immunitet kuchli bo‘ladi va emlash yaxshi samara beradi. 2019 yilda 9 yoshlilar uchun vaksinamiz bor, 2020 yilda esa 10-14 yoshlilar uchun vaksina yetib kelishi kerak.
Virusni yuqtirmaslik uchun nima qilish kerak?
Ko‘krak bezi saratonini samarali davolash metodlari bor, lekin bachadon bo‘yni saratoni uchun hali bunday metodlar topilmagan. Shuning uchun butun dunyoda bu saraton turidan o‘lishni kamaytirishning yagona metodi – o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tish (skrining). Oxirgi paytlarda OPVga qarshi emlash ham samara berayapti.
ЎҚИНГ: Bachadondan tashqari homiladorlik
OPVning muayyan belgilari yo‘q. Agar kimdir bu virusni yuqtirgan bo‘lsa, uni davolash uchun katta mablag‘ talab etiladi. Shuning uchun ayollarimiz doimiy tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishlari kerak. Chunki faqat shu orqali virus bor-yo‘qligini bilish mumkin.
Ammo emlanadigan bo‘lsa, kasallanishning oldi olinadi, ancha mablag‘ tejaladi. Hech kim oldindan bilmaydi, bu kasallik yosh va jins tanlamaydi.
2018 yilda viloyatlardagi tuman tibbiyot birlashmalari (TTB) qoshida “Ayollar maslahatxonalari”, “Yosh qizlar konsultatsiya markazlari” ochilgan. U yerlarda ginekologlar bor, ular tekshiradi.
Agar bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallanganlik bo‘yicha shubhaga borsa, viloyat va tuman markazlaridagi onkologlar ko‘rigidan o‘tadi. Bu kasallikni aniqlash uchun bizda barcha sharoitlar bor.
OPV haqida ba’zi faktlar
Onkologik bemorlarning 90 foizida OPV aniqlangan. 12 yoshgacha qizlarni OPVga qarshi emlash ushbu kasallik avj olishini 85 foiz, 45 yoshdagi ayollarda 55 foiz kamaytiradi.
Erta jinsiy aloqa. Bachadon bo‘yni saratoniga jinsiy aloqani erta yoshda boshlash sabab bo‘lishi ehtimoli ko‘p. Chunki yoshlik davrida ayollar to‘qimalari yetarlicha rivojlanmagan va jarohatlanishga moyil bo‘ladi, bu esa xavfli o‘smalar keltirib chiqarishi mumkin. 16 yoshgacha jinsiy aloqa qilinsa, kasallanish xavfi 16 barobar, 16-19 yoshda esa 3 karra, 13-14 yoshda 26 barobargacha kuchayishi ilmiy isbotlangan.
Tartibsiz jinsiy hayot. Jinsiy sheriklar soni OPV bilan kasallanish darajasini oshiradi. Hayotida besh kishi bilan yotgan odamda OPV deyarli 100 foiz bor desa bo‘laveradi.
Uzluksiz va tartibsiz oral kontratseptiv vositalarini iste’mol qilish. Lekin bunga hali uzil-kesil ilmiy dalillar yo‘q, chunki odatda oral kontratseptivlardan foydalanish tartibsiz jinsiy hayot yoki jinsiy munosabatlarni barvaqt boshlash bilan bog‘liq bo‘ladi.
Ekspert: Dilorom Tursunova.
Manba: Minbar.uz
Ayollar uchun
Bachadon bo‘yni saratoni O‘zbekistonda ko‘paymoqdami?