
AYYOR haqida malumot bilib oling.
AYYOR, ayyorlar (arab. — mugʻombir, daydi, yalangoyoq, maxfiy ish olib boruvchi) — 1) Iroq va Eron shaharlarida 9—11-a. larda diniy va siyosiy tusdagi gʻalayonlarda faol ishtirok etgan gʻoziylarning bir tabaqasi. Mac, safforiylar qoʻshinining tarkibiy qismini al-mutatavviʼa («koʻngillilar») tashkil qilgan, ularni kamsitib Ayyor deb («muttahamlar» maʼnosi ham bor) atashgan. Ayyor tabaqasi yersiz va qochoq dehqonlar hisobiga safini toʻlatib borgan. Ayyor mamlakat siyosiy hayotida muhim rol oʻynaganlar. Jangda alohida jasorat, shijoat koʻrsatgan Ayyor yuqoriroq tabaqaga — sarhanglar qatoriga oʻtkazilgan;
2) oʻrta asrlarda oʻzaro jang qiluvchi ikki mamlakatning biridan ikkinchisining orqa tomoniga, shuningdek dushman qoʻshini orasiga maxfiy ravishda yuborilib, unda hiyla-nayrang ishlatib qutqu solish, qoʻshinning orasini buzish, eng ke-rakli kishilarni aldab yoʻldan urish yoki qoʻlga tushirish kabi ishlar bilan shugʻullanuvchi shaxs.
Oʻtmishda xon (bek)liklar oʻrtasidagi oʻzaro nizo-janjallarda Ayyorlar katta xizmat qilgan. Mac, Mehtarbodi Yaldoyi Samarqandiy, Chor Zoʻlobiy, Dogʻuli, Xavoriq («Abomuslim» dostonida), Kamak Kayyoniy («Jamshid» dostonida), Yosuman (A. Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonida) va b. ;
3) mugʻombir, «tulki», oʻz foydasi uchun zimdan ish qiluvchi shaxs;
4) badiiy adabiyotda shoʻx, dilrabo, nozli, sehrgar, oʻziga rom etuvchi yor (maʼshuqa).
Ensiklopediya.uz
AYYOR