Ayollar jinsiy a’zosi qichishi va achishi — sabablari, bartaraf etish usullari, davolash
Ayol jinsiy a’zolarining shilliq qavati murakkab ekosistema bo’lib, unda ma’lum bir nisbatda ko’plab turli xil mikroorganizmlar mavjud va ularning miqdori va tarkibi ayolning yoshi va fiziologik holatiga qarab o’zgarib turadi.
Hayotning ma’lum bir davri uchun xarakterli bo’lgan mikroorganizmlar normal nisbati saqlanib turar ekan, ayol intim zonalarida diskomfort sezilmaydi. Bu muvozanat buzilganidan so’ng, ayol jinsiy a’zosi qichishi, diskomforti, qizarishi, quruqligi, achishi va hokazo shikoyatlar paydo bo’la boshlaydi. Bu quruqlik, qichish, achishish va boshqa shu kabi alomatlarning eng keng tarqalgan, ammo yagona sababi emas.
Jinsiy a’zoning qichishi diskomfort tug’diradi, normal jinsiy hayotga to’sqinlik qiladi, odatiy hayot hayot tarzini buzadi. Bundan tashqari, qichish va achishni keltirib chiqargan patologiyada ham xavf yotadi.
Shuning uchun bu muammoni e’tiborsiz qoldirib bo’lmaydi, uni baribir hal qilish kerak va imkon qadar tezroq boshlash yaxshiroqdir.
Vulvaning qichishi va achishi — bu kasallik emas, bu faqat ma’lum buzilishlarning namoyon bo’lishi, patologik o’zgarishlar sodir bo’lgani va unga e’tibor qaratish kerakligi haqidagi ayol organizmining signalidir. Ko’pgina kasalliklar bunday alomatlarga olib kelishi mumkin.
Ayollarning jinsiy a’zosi qichishi
Achish va qichishish buzilishlarning yagona alomati bo’lishi, shuningdek boshqa alomatlar bilan birgalikda kuzatilishi mumkin:
- Jinsiy yo’llardan turli xil tabiatli ajralmalar;
- Katta jinsiy lablar terisida va / yoki shilliq qavatida toshma toshishi;
- Yoqimsiz, tabiiy bo’lmagan hid;
- Qinning quruqligi;
- Yopishqoq, qon aralash ajralmalar;
- Oraliqda yoki qorin pastidagi og’riqlar;
- Qin ichida yot jism mavjudligi hissi.
Achish va qichishishning intensivligi yengil shakldan tortib chidab bo’lmas o’ta yomon diskomfortgacha bo’lishi mumkin. Alomatlar doimiy bo’lishi ham mumkin, davriy ravishda kuzatilishi va hayz yoki ovulyatsiya davri bilan bog’liq bo’lishi ham. Har qanday holda, shifokorning maslahati talab qilinadi.
Ayolning jinsiy a’zolarida qichishish va achish chaqiradigan eng ko’p uchraydigan sabablar
Qin disbakteriozi — qinda achish va qichishga olib keladigan eng keng tarqalgan sabablardan biri. Mahalliy immunitetning pasayishi, turtki bo’ladigan omillar ta’siri ostida qinda disbalans paydo bo’ladi va kandida zamburug’lari, ichak tayoqchasi va gardnerella kabi mikroorganizmlar faol ravishda ko’payishni boshlaydi. Disbakteriozda nafaqat qichish va achish bezovta qiladi, balki qindan ko’p miqdorda ajralmalar ajralishi, yoqimsiz hid ham qayd qilinadi.
Alomatlarni bartaraf etish uchun mikroorganizmlarning disbalansiga nima sabab bo’lganini aniqlash, ushbu omilni bartaraf etish va bu vaziyat kelajakda o’zini qayta namoyon qilmasligi uchun ehtiyot choralarini ko’rish kerak. Bunday holatda shifokor davolash uchun mikroblarga va zamburug’larga qarshi preparatlar bilan bir qatorda, qin normroflorasini qayta tiklaydigan vositalarni ham tayinlaydi.
Ayollar osti qichishi va achishi sabablari orasida ikkinchi o’rinda JYYI — jinsiy yo’l bilan yuqadigan infektsiyalar turadi. Ularga xlamidioz, gonoreya, trixomoniaz, gerpes, papillomavirus infektsiyasi kiradi. Bu infektsiyalar vulvaning qichishi, achishi, yallig’lanishini keltirib chiqarishi mumkin. Samarali davolash kasallikning sababchisi va shaxsiy ko’rsatmalar hisobga olingan holda belgilanishi kerak. Bunday hollarda ko’pincha antibiotiklar bilan davolash talab etiladi.
Allergik reaktsiyalar ham jinsiy lablar sohasida qichish va achishishning sababchisi bo’lishi mumkin. Reaktsiyani turli allergenler bilan aloqa qilish keltirib chiqarishi mumkin.
Ko’pinсha, jinsiy a’zo allergiyasi sababi gigiena vositalari, intim gellar va yog’lar, sintetik ich kiyim, ich kiyimda qolgan kir yuvish kukunining qoldiqlari va hatto jinsiy sherikning spermasi bo’ladi. Agar shifokor alomatlarning allergik tabiatini tasdiqlagan bo’lsa, antigistaminlar va sedativ preparatlar buyuriladi.
Jinsiy lablar qichishi va achishi tor, qisadigan ichki kiyim, stringlar kiyish, doimiy ravishda kundalik prokladkalar ishlatish tufayli chaqirilgan bo’lishi mumkin, chunki buning naijasida patogen organizmlarning rivojlanishi uchun qulay muhit yaratiladi.
Shu sabablar qichish va diskomfortning kuchayishiga olib kelishi ham mumkin, garchi bu alomatlar boshida boshqa omillar tufayli yuzaga kelgan bo’lsa ham.
Ginekologiyaga aloqador bo’lmagan bir qator kasalliklar ham ayol jinsiy a’zosi salomatligi va komfortiga ta’sir qilishi mumkin. Masalan, vulva sohasida qichish va achish qandli diabet, qon kasalliklari, teri sarqiligi bilan kechadigan gepatit, buyrak faoliyatining buzilishi va boshqa patologiyalardan aziyat chekayotgan ayollarda kuzatilishi mumkin.
Bunday holda, vulva qichishi, achishi va boshqa alomatlarni davolash ularga sabab bo’lgan asosiy patologiyani bartaraf etishga, shuningdek normal vaginal ekosistemani saqlab qolishga qaratiladi.
Intim joylarning noto’g’ri gigienasi ham noqulaylik, qichishish va achishish paydo bo’lishiga olib keladi, terining qizarishi, toshma toshishi kuzatilishi mumkin. Normal vaginal florani saqlab qolishda intim gigiena uchun to’g’ri tanlangan vositalar yordam beradi.
Yodingizda bo’lsin, supermarketda birinchi to’g’ri kelgan flakonni sotib olish to’g’ri emas, yuvinish uchun gel fiziologik holatingiz va yoshingizga mos kelishi kerak, u tabiiy moddalarni o’z ichiga olishi, gipoallergen bo’lishi, kimyoviy qo’shimchalar va bo’yoqlar saqlamasligi kerakligini unutmang.
Vulaning diskomforti, quruqligi, qichishi va achishi sababi ayol va qizlarda jinsiy yetilish, homiladorlik, hayz, menopauza, stresslar natijasida va organizmdagi boshqa buzilishlarda gormonal fonning o’zgarishlari tufayli yuzaga kelishi mumkin. Bunday holatda shifokor gormonal fonni normallashtirish uchun preparatlarni buyuradi. Qo’shimcha namlantirgich sifatida maxsus yog’lar va gellar tavsiya etiladi.
Ko’pincha achishish siydik-tanosil tizimning yallig’lanishlarida (sistit, servitsit, endometrit, adneksit, metrit) uchraydi. Davolash uchun kompleks tekshiruv o’tkazish, infektsiyani aniqlash va tegishli preparatlarni tanlash zarur.
Ayollar jinsiy a’zosining qichishi va achishi sababi shuningdek psixologik omillarga ham bog’liq bo’lishi mumkin — stress holati, jinsiy aloqadan oldin qo’rquv yoki o’tkazilishi kerak bo’lgan operatsiya tufayli tashvishlanish va hokazo. Bunday holatda alomatlarni bartaraf etish biroz mushkul sanaladi, psixoterapiya qo’llaniladi, sedativ preparatlar belgilanadi.
Intim joylarda achishish va qichish hissi paydo bo’lsa nima qilish kerak?
Tabiiyki, ginekologga tashrif buyurish, alomatlarning sababini aniqlash va patologiyani yanada samarali davolash uchun tekshiruvlardan o’tish kerak.
Ginekologga murojaat qilmaguningizga qadar, jinsiy aloqada bo’lishni davom ettirsangiz, albatta prezervativlardan foydalaning. Yodingizda bo’lsin, alomatlari jinsiy lablar qichishi va achishi bo’lgan ko’plab kasalliklar yuqumli sanaladi va jinsiy yo’l bilan uzatiladi.
Agar siz qichishdan bir necha kun oldin yangi intim gigiena uchun vosita, lubrikant, yangi turdagi prokladkalardan foydalanishni boshlagan bo’lsangiz va bu allergik reaktsiyaga olib kelgan bo’lsa, sabablariga aniqlik kiritilguniga qadar gumon qilinayotgan allergen bilan aloqani bekor qiling.
Intim joylarning gigienasiga alohida e’tibor bering — tabiiy matodan tayyorlangan ich kiyimlar kiying, kundalik prokladkalardan faqat kerak bo’lganida foydalaning (agar ko’p ajralmalar mavjud bo’lsa, shuningdek ularni har 3-4 soatda almashtiring), hayz davrida vaqtincha muddatga tampon o’rniga prokladkalardan foydalaning.
Stringlar, har qanday noqulay ich kiyim yoki tor va noqulay shim kiymang, ular qichishning kuchayishiga sabab bo’lishi mumkin. Kuniga 2-3 marta tashqi jinsiy a’zolarining tualetini amalga oshiring, bu maqsadda siz moychechak damlamasidan foydalanishingiz mumkin, sovun ishlatmang.
Bu choralar jinsiy a’zo qichishini davolash usuli sanalmaydi, ular faqat yoqimsiz alomatlarni biroz yengillashtirish va mavjud holatni og’irlashtirib yubormaslikka yordam beradi.
Har qanday holatda ham ginekologga tashrifni kechga qoldirmaslik kerak, bo’lmasa keyinchalik buni davolash ancha murakkabroq, uzoqroq va qimmatroq bo’lishi mumkin, siz esa noxush alomatlardan ko’proq aziyat chekkaningiz qoladi.
Qichish va achish sabablarini aniqlash uchun ginekolog nima qiladi?
Tushunganingizdek, bunday alomatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo’lgan sabablar juda ko’p va ular turli-tumandir, shu sababli davolashga yondashish ham turlicha bo’ladi.
Sizda mavjud alomatlar mohiyatini faqatgina kerakli tibbiy ko’rikdan so’ng shifokor tushinishi mumkin.
Bemorni so’roq qilib, ko’rik va kolposkopiya o’tkazganidan so’ng, shifokor ma’lum bir vaziyatda talab qilinadigan tahlillar miqdorini aniqlaydi. Asosan quyidagilar kerak bo’lishi mumkin:
- Qin florasini aniqlash uchun surtma olish;
- Bakteriologik ekish;
- IFT va PZR yordamida infektsiyalarni aniqlash tadqiqi;
- Kichik tos a’zolarining ultratovush tekshiruvi;
- Ichak disbakteriozi uchun tahlil;
- Parazit mavjudligini aniqlash uchun tahlil va boshqalar.
Yuqoridagi tadqiqot usullarining qay biri sizga kerak bo’lishini ko’rik vaqtida shifokor belgilaydi.
Jinsiy lablar qichishi va achishi: davolash
Vulvaning qichishishini, achishini davolash ginekolog shifokor tomonidan amalga oshiriladi. Agar kerak bo’lsa, davolanishga boshqa mutaxassislar jalb qilinishi mumkin (muammoning mohiyatiga qarab): terapevt, nevropatolog, allergolog, dermatolog.
Bunday holda, shifokor har safar bir qator individual omillarni hisobga oladi, shuning uchun hatto bir xil kasallikni davolash ham turli bemorlarda sezilarli darajada farq qilishi mumkin.
Demak, yuqorida aytib o’tganimizdek, davolash har doim kasallikning sabablariga bog’liq:
- Agar muammo infektsiya tomonidan chaqirilgan bo’lsa, antibiotiklar qo’llash bilan mahalliy yoki tizimli davolash talab qilinadi.
- Kasallik zamburug’ tabiatli bo’lsa (masalan, kandidoz) zamburug’larga qarshi preparatlar buyuriladi.
- Allergik qichish antigistamin va sedativ preparatlar bilan davolaniladi.
- Agar alomatlar gormonal buzilish tufayli kelib chiqsa, gormonal terapiya qo’llaniladi, ginekolog-endokrinolog, endokrinolog konsultatsiyasi belgilanadi.
- Qichishga va yallig’lanishga qarshi xususiyatlarga ega bo’lgan mahalliy preparatlar (shamchalar, malhamlar) buyurilishi mumkin.
- Agar qichishish psixologik omillar tufayli chaqirilganligi aniqlansa, psixoterapevt huzurida davolanish va sedativ preparatlarni qabul qilish talab qilinadi.
Kasalliklar
Ayollar jinsiy a’zosi qichishi va achishi — sabablari, bartaraf etish usullari, davolash