
AYNIY haqida malumot bilib oling.
AYNIY (taxallusi; asl ismi Sadriddin Saidmurodzoda) (1878.15.4, Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumani — 1954.15.6, Dushanba) — yozuvchi, olim, jamoat arbobi. Oʻzbek va tojik tilida yozgan. Tojikiston FA akad. va birinchi prezidenti (1951—54), Oʻzbekiston FA faxriy aʼzosi (1943), Tojikistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1940), filol. fanlari d-ri (1948), prof. (1950). Avval eski maktabda (1884—87), keyin madrasalar: Mir Arab (1890—91), Olimxon (1892—93), Badalbek (1894—96), Hoji Zohid (1896-99), Koʻkaldosh (1899-1900) da tahsil olgan. Ahmad Donish va ozarbayjon yozuvchisi Hoja Marogʻiyning hamda jadid maʼrifatparvarlarining asarlari uning dunyoqarashiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. A. Buxoroda yangi usuldagi maktablar ochadi, ular uchun oʻquv qoʻllanmalar, ommani ilm-maʼrifatga chaqiruvchi sheʼr va hikoyalardan iborat «Yoshlar tarbiyasi» (1909) darsligini tuzadi. «Yosh buxoroliklar» harakatida faol qatnashadi. 1918—21 y. larda tojikcha, oʻzbekcha marsh, qoʻshiq va sheʼrlar yaratadi. «Buxoro jallodlari» (1922) povesti, «Buxoro mangit amirligining tarixi» (1921) asarida Buxoroning ijtimoiy-siyosiy hayoti ifodalangan. «Odina», «Qiz bola yoki Xolida» (1924), «Tojik adabiyotidan namunalar» (1926), «Qul bobo yoki ikki ozod» (1928) kabi qissa, hikoya, ocherklari muhim ahamiyatga ega. Ayniy tojik va oʻzbek adabiyotlarining ming yillik tarixiy taraqqiyotida yetishib chiqqan 200 dan ortiq shoir, tarixchi, olim, tazkiranavislar hayoti va ijodi haqida maʼlumot beradi. Ayniy 1927-29 y. larda yirik romani «Doxunda»ni tojik tilida nashr ettirdi. 1934-y. da esa oʻzbek tilida «Qullar» romanini yaratdi. Unda oʻzbek va tojik xalqining yuz yillik hayoti aks etadi. Ayniyning «Eski maktab» (1935) asarida eski maktabdagi oʻqish va oʻqitish haqida hikoya qilinadi. Yigirmanchi yillarda eʼlon qilingan qator hajviy asarlari, «Yana bu qaysi goʻrdan chiqdi», «Puling halol boʻlsa, tuy qil» (1924), «Mashrab bobo», «Ye, toʻnim» (1925), «Bilganim yoʻq», «Kengash» (1926) kabi oʻzbekcha felyetonlari, hajviy sheʼr va maqolalari, ayniqsa, «Sudxoʻrning oʻlimi» (1939) hajviy povesti yozuvchining mohir satirik ekanligini koʻrsatdi. Muqanna va Temurmalik boshchiligidagi xalq qoʻzgʻolonini aks ettiruvchi adabiy-tarixiy ocherklar yozdi. U toʻrt qismdan iborat «Esdaliklar»ida (1949—54) Buxoroning oʻtmish hayoti va oʻsha davr ijtimoiy-madaniy muhitini yoritadi. Ayniy adabiyotshunos, tilshunos, sharqshunos olim sifatida «Firdavsiy va uning «Shohnoma»si haqida» (1934), «Kamol Xoʻjandiy», «Shayxurrais Abu Ali ibn Sino» (1939), «Ustod Rudakiy» (1940), «Shayx Muslihiddin Saʼdiy Sheroziy» (1942), «Alisher Navoiy» (1948), «Zayniddin Vosifiy» (uning «Badoye ul-vaqoye» asari haqida»), «Mirza Abdulqodir Bedil», Muqimiy, Gʻafur Gʻulom va Said Nazar haqidagi asarlari oʻzbek va tojik adabiyotshunosligi va tanqidchiligida, «Fors va tojik tillari haqida», «Tojik tili» kabi ilmiy ishlari tojik tilshunosligida muhim voqea boʻldi. Ayniyning «Doxunda», «Qullar», «Sudxoʻrning oʻlimi» va «Esdaliklar» asarlari xorijiy tillarga tarjima qilingan. Oʻzbekiston va Tojikiston Respublikalaridagi bir qator shahar, tumanlar, qishloqlar, koʻchalar, maktablar, kutubxonalar, sanʼat va madaniyat muassasalari Ayniy nomiga qoʻyilgan. Samarqandda Ayniy yodgorlik uy-muzeyi ochilgan (1967).
As: 1-8-jildlar, T., 1963-1967.
Ensiklopediya.uz
AYNIY