AXOMANIYLAR DAVLATI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AXOMANIYLAR DAVLATI haqida malumot bilib oling.

AXOMANIYLAR DAVLATI — kad. dunyoning eng yirik davlatlaridan biri (mil. av. 558 — 330). Axomaniylar davlati hududi Eronni va Hind daryosidan Egey va Oʻrta dengizgacha boʻlgan oraliqdagi Osiyo mamlakatlarini, shuningdek Misr, Liviya va Bolqon ya. o. ning bir qismini bosib olish natijasida tashkil topgan. Axomaniylar davlatiga qad. fors podshohlari xonadoni — axomaniylar vakili Kir II asos solgan. Mil. av. 558-y. Kir II fors qabilalari ittifoqiga rahbar boʻlib, 553-y. midiyaliklar hukmronligiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtargan. Forslar 550-y. gʻalaba qozonib va Midiyani egallab keyingi uch yil mobaynida sobiq Midiya davlati tarkibiga kirgan mamlakatlarni bosib olganlar, 546-y. esa Lidiya va Kichik Osiyodagi yunon shaharlarini zabt etganlar. 545 —539-y. lar oraligʻida Kichik Osiyoning katta qismi, 538-y. da Bobil, 525-y. da Misr, 519—512-y. lar oraligʻida Egey dengizidagi o. lar, Frakiya, Makedoniya va Hindistonning shim.-gʻarbiy qismi boʻysundirilgan.

Axomaniylar davlati Doro I davrida shakllangan murakkab byurokratik tizim orqali boshqarilgan. Doroning maʼmuriy-pul islohotlari bosib olingan mamlakatlar ustidan boshqaruv va nazoratni yanada takomillashtirdi: davlat 20 ta harbiy-maʼmuriy satrapiya (okrug)larga boʻlinib, ularning tepasida maxsus amaldorlar (satraplar) turgan. Ular fors podshosiga ulkan miqdorda soliqlar (pul va natura holda) toʻlashgan. Doro I davrida yagona tanga pul birligi — 8,4 g oltin ogʻirligidagi doriq joriy qilingan. Sikl (1/20 doriq) mayda kumush tanga vazifasini oʻtagan.

Axomaniylar davlati etnik tarkibi va ijtimoiy ukladi boʻyicha turli-tuman bulgan. Uning tarkibiga Kichik Osiyo, Bobil, Finikiya va Misr kirib, ularning q. x. va hunarmandchiligida qullar mehnatidan keng foydalanilgan. Iqtisodiy jihatdan shunday rivojlangan mamlakatlar katorida forslar saltanati tarkibiga Frakiya va Makedoniya kabi viloyatlar, shuningdek urugʻchilik tuzumining yemirilishi boskichida turgan koʻchmanchi arab va skif qabilalari ham kirgan. Fors maʼmuriyati zabt etilgan mamlakatlarda eski mahalliy qonunlar, urf-odatlar, dinlar, pul tizimi, oʻlchovogʻirlik tizimi, yozuv va tillarni saqlab qolgan. Mahalliy tillar qatorida Axomaniylar davlatining rasmiy idora tili boʻlgan oromiy tili tarkalgan. Eronda kad. fors va oromiy tilidan boshqa maʼmuriy extiyojlar uchun zlam tilidan ham keng foydalanishgan. Forslar koʻpgina finikiy va yunon shaharlariga muxtoriyat berib, ayrim mamlakatlarda (mas, Kilikiya, Sugʻdiyona va b.) mahalliy shoxlar va hokimlar sulolasini saqlab qolganlar, ibodatxonalarni soliq va toʻlovlardan ozod etganlar. Persepol bilan bir qatorda axomaniylar Bobil, Suza va Ekbatanani poytaxt kilishgan. Axomaniylar davlati madaniyati va sanʼati Eron madaniy anʼanalarini Yunoniston, Ossuriya, Misr va b. mamlakatlar anʼanalari bilan chogʻishtirmasidan iborat boʻlgan. Forslarning oʻzi saltanatda mumtoz mavqega ega edilar. Ular soliqlar va majburiy ishlardan ozod etilganlar.

Fors zodagonlari eng muhim harbiy va fuqarolik lavozimlarini egallashgan. Fors shohlari, ularning qonqarindoshlari, satraplar va amaldorlar Eron, Kichik Osiyo, Bobil, Misr va b. mamlakatlarda qullar mehnatiga asoslangan katta xoʻjaliklarga ega boʻlishgan.

Axomaniylar davlati barqaror iqtisodiy asosga ega boʻlmagani tufayli beqaror harbiymaʼmuriy birlashma edi, u faqatgina qurol kuchi yordami b-ngina turli xalqlarni davlat tarkibida tutib turishga asoslangandi. Axomaniylarning harbiy qudrati zaiflashishi bilan ularning davlati parchalanib keta boshlagan. Misr, Bobil, Midiya, Kichik Osiyo va b. mamlakatlarda koʻplab qoʻzgʻolonlar koʻtarilgan (mas, 522-y. da Midiyada Gaumata qoʻzgʻoloni va Margʻiyonadagi qoʻzgʻolon, 500 — 493 ylarda kichik osiyolik yunonlar qoʻzgʻoloni, 405-y. Misrdagi qoʻzgʻolon). Mil. av. 5 – a. oxiridan boshlab satraplar muntazam suratda oʻzaro urush olib borganlar, baʼzan esa hatto podshohning oʻziga ham qarshi qurol koʻtarganlar. 500 — 449-y. lardagi yunon-fors urushlari davridayoq fors qoʻshinining jangovarlik qobiliyati anchagina yoʻqotilgan. Mil. av. 330-y. Aleksandr Makduniy qoʻshini zarbalari ostida Axomaniylar davlati qulagan.

Turon xalqlarining Axomaniylar davlatiga qarshi olib borgan kurashlari haqida: q. Toʻmaris, Shiroq, Margʻiyona qoʻzgʻoloni.

Ensiklopediya.uz
AXOMANIYLAR DAVLATI