AXMATOVA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AXMATOVA haqida malumot bilib oling.

AXMATOVA (taxallusi; haqiqiy fam. Gorenko Anna Andreyevna) (1889.11.6, Odessa — 1966.5.3, Moskva viloyati Domodedovo sh. ; Sankt-Peterburgda dafn etilgan) — rus shoirasi. 1910-y. dan asosan Peterburgda yashagan. Birinchi sheʼrlar kitobi «Oqshom» 1910-y. da chiqqan. «Tasbeh» (1914), «Oqgala» (1917), «Bargizub» (1921) va b. kitoblaridagi sheʼrlarida lirik kechinmalar, tanholik tuygʻulari ifodalangan. Inqilobiy voqeliqdan uzoq boʻlsada, Axmatova bari bir muhojirlarni, yaʼni vatangado kishilarni qoralab sheʼrlar yozadi («Men oʻz yerini tashlaganlar bilan birga emasman…»). Bir necha yillar mobaynida Axmatova ijodining yangi qirralari shakllandi, asarlarida Vatan mavzui ustunlik qila boshladi. 30 —40 – y. lardagi sheʼrlarida Vatan, vatanparvarlik mavzulari keng aks etgan («Oltin kitobdan», 1940; «Tanlangan asarlar», 1944). 2-jahon urushi yillarida Toshkentda yashab, «Toshkent sheʼrlari» (1944) turkumini yaratgan. «Qahramonsiz poema» (1940 — 62) asari — A. ijodining choʻqqisi. «Vaqtning tez oʻtishi» (sheʼriy toʻplam, 1965) kitobida Axmatova ijodining oʻziga xos tomonlari aks etgan. Sharq, Gʻarbiy Yevropa shoirlari ijodidan tarjimalar qilgan («Koreya mumtoz sheʼriyati», 1958; «Sharq mumtoz sheʼriyati», 1969 va b.). A. nazmi umuman badiiy soddaligi, loʻndaligi va uslubining oydinligi, obrazlarining aniqligi va odmiligi, chuqur lirikligi va musiqiyligi bilan alohida ajralib turadi. Sheʼrlari oʻzbek tiliga tarjima kilingan (1966,1969). Toshkentda Axmatova yashab ijod etgan uy oʻrnida qurilgan binoga (Sodiq Azimov koʻchasi, 54) shoira xotirasini abadiylashtiruvchi lavha oʻrnatilgan (1976).

Ensiklopediya.uz
AXMATOVA