AXLOQI JALOLIY haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AXLOQI JALOLIY haqida malumot bilib oling.

«AXLOQI JALOLIY» — Davoniyning axloqqa oid asari. Toʻla nomi «Lavomi ul-ashroq fi makorim il-axloq» («Yaxshi xulqlarda nurlar ziyosi»). Asar Oq qoʻyunli sulolasining asoschisi Hasanbekning iltimosiga koʻra uning oʻgʻli Sulton Xalilga atab yozilgan. Unda axloqiy muammolar ijtimoiy-falsafiy nuqtayi nazardan tahlil qilinadi. Asarni yozishda muallif Arastu, Aflotun, Ibn Miskaveyx, Abu Nasr Forobiy, Ibn Sino va Nasriddin Tusiylarning axloqiy taʼlimotlaridan foydalangan. Risola uch qismdan iborat. Muallif birinchi qismda xulqiy tarbiya va axloqiy xislatlarni egallash haqida soʻz yuritib, axloqning asosiy tushunchalari: donolik, adolat, shijoat va iffatga mufassal toʻxtaladi, axloq ilmining maqsad va vazifalarini belgilab beradi. Ikkinchi qism oila va oilaviy hayot masalalariga bagʻishlangan. Unda bolalarni tarbiyalash va kamolga yetkazish, kasbhunarni egallash, xulq-odob qoidalari, nutq madaniyati va b. yoritiladi. Uchinchi kiyem ijtimoiy-siyosiy masalalarga bagʻishlangan. Unda shahar, yaʼni davlatda yashovchi xalqlar, davlat boshligʻi va fuqarolarning oʻzaro munosabati, jamiyat haqida fikr-mulohazalar oʻrin egallagan. Risola keyingi davrlarda Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida keng tarqaldi. U Eron, Hindiston, Arab mamlakatlari, Movarounnahr va Xurosonda maktab va madrasalarda asosiy qoʻllanma vazifasini oʻtagan.

Haydar Aliqulov.

Ensiklopediya.uz
AXLOQI JALOLIY