
AXAL VILOYATI haqida malumot bilib oling.
AXAL VILOYATI (sobiq Ashxobod vi-loyati) — Turkmaniston tarkibidagi viloyat. 1973-y. 27 dek. da tashkil etilgan. Mayd. 95,4 ming km2. Aholisi 875 ming kishidan ziyod (1997; Ashxobod sh. aholisisiz), asosan turkmanlar, shuningdek ruslar, oʻzbeklar, ukrainlar, balujlar va b. yashaydi. Shaharliklar 62%. A. v. da 9 tuman, 3 shahar va 13 shaharcha bor. Markazi — Ashxobod sh. Viloyatning kattagina qismini Qoraqum (hududining 90%dan ziyodi) egallagan, jan. da Kopetdogʻ togʻlari joylashgan. Foydali qazilmalari: tabiiy gaz (Markaziy Qoraqum gazli r-ni) va mineral qurilish materiallari (sement xom ashyosi, ohaktosh, qumoq, dolomit, qurilish qumi va tosh). Iqdimi keskin kontinental. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi — 0,2°, iyulniki 30,9°. Yiliga 140 mm dan (Qoraqumda) 250 mm gacha (Ko-petdogʻ togʻlarida) yogʻin yogʻadi. Asosiy da-ryosi — Tajan, shuningdek sugʻorishda foydalaniladigan kichik soylar bor. Viloyat hududidan Qoraqum kanaloʻ oʻtadi. 6 suv ombori qurilgan; eng yiriklari: 1-Tajan, 2-Tajan, Xor-Xor va Kopetdogʻ. Sur tuproq, taqirsimon, oʻtloq va choʻl qumloq tuproqlar tarqalgan. Buta-efemer oʻsimliklari oʻsadi. Oʻrmonlar viloyat hududining 0,04% ni egallaydi (asosan Kopetdogʻ togʻlarida va Tajan daryosi vodiysida).
Axal viloyatida ishlov beruvchi sanoat, sabzavotchilik, polizchilik va tokchilik yetakchi oʻrinda. Energetikasi Mari GRES va Buzmayin GRESdan keladigan energiya va tabiiy gazda ishlaydi. Sanoatining asosiy tarmogʻi — yengil sanoat (paxta tozalash va ip gazlama). Poyabzal, tikuvchilik, gilam toʻqish, ipak yigiruv va trikotaj f-kalari bor. Oziq-ovqat va qurilish materiallari sanoati (gʻisht, sement, temir-beton buyumlar, shisha va b. ishlab chiqarish), mashinasozlik (shu jumladan neft va elektrotexnika) va metall-sozlik rivojlangan. Asosiy sanoat markazlari — Ashxobod, Tajan, Buzmayin.
Q. x. paxta, sabzavot, poliz ekinlari, uzum yetishtirish va bogʻdorchilikka ixtisoslashgan. Chorvachilikda sut-goʻsht yetishtiriladi. Qoramol, qoʻy, echki, tuya, yilqi boqiladi. Axal viloyati hududidan Oʻrta Osiyo t. y. oʻtgan, avtomobil yoʻllari bor. Ashxobodda aeroport mavjud.
Ensiklopediya.uz
AXAL VILOYATI