Avvallari darsliklar murakkab, akademik tilda yozilardi. Bu o‘quvchini fandan, maktabdan bezdirdi” — Respublika ta’lim markazi tayyorlagan darsliklar chindan yangimi

Avvallari darsliklar murakkab, akademik tilda yozilardi. Bu o‘quvchini fandan, maktabdan bezdirdi” — Respublika ta’lim markazi tayyorlagan darsliklar chindan yangimi

Bizga birmuncha yangi soha bo‘lgan psixolingvistika va neyrolingvistika sohalari yordamga kelgan. Oldingi yondashuvimiz ham xato emasdi. Faqat tilga boshqacha qarardik. Ya’ni biz tilni grammatik qoidalar jamlanmasi, ma’lum bir struktura, konstruksiya, bitta bino qurish mumkin va hamma bir xil qurishi kerak, deyilgan qarash bilan o‘qitganmiz. Bu noto‘g‘ri demayman. Agar hammani filolog qilmoqchi bo‘lsak, butun jamiyatni filologiya sohasidagi chuqur bilimga ega inson qilmoqchi bo‘lsak, bu eng to‘g‘ri yo‘l. Lekin unaqa qilmoqchi emasmiz. Biz ijtimoiy faol fuqaroni yaratishimiz kerak.

2021-2022-o’quv yilida 1-2 sinf darsliklari to’liq yangilanadi

2021-2022-o’quv yilida 1-2 sinflar uchun to’liq tarkibda zamonaviy darsliklar yaratiladi. Bu haqda «O’zbekiston24» telekanalining Axborot dasturida ma’lum qilindi.

Ayni paytda Respublika ta’lim markazida 1-2 sinflar uchun 10 nomdagi darsliklarni yaratish bo’yicha ishchi guruhlar faoliyati tashkil etilib, zamonaviy darsliklarning maket loyihalarini tayyorlash ishlari boshlab yuborilgan.

Eski “ensiklopediya” formatidagi darsliklar o’zgarmoqda, mutlaqo yangi shakl va mazmundagi darsliklar, ularga qo’shimcha ravishda o’qituvchi metodika kitobi va o’quvchi mashq daftarlari yaratilmoqda.

Endilikda darsliklarni tayyorlashda o’quvchilarning yosh xususiyatlari, qobiliyati va o’zlashtirish darajalari inobatga olinishi shuningdek, amaliy ko’nikmalarni shakllantirish bosh maqsadga aylandi. Ahamiyatli jihati, endilikda 1-sinfdan 11-sinfgacha bo’lgan darsliklar yagona mualliflar jamoasi tomonidan yaratiladi.

“Avvallari darsliklar murakkab, akademik tilda yozilardi. Bu o‘quvchini fandan, maktabdan bezdirdi” — Respublika ta’lim markazi tayyorlagan darsliklar chindan yangimi?

2021–2022-o‘quv yili uchun Respublika ta’lim markazi O‘zbekistondagi 1—2-sinf o‘quvchilariga yangi avlod darsliklarini taqdim etdi. Mavzulashtirilgan, eski darsliklardan farq qiladigan, tamomila o‘zgartirilgan, turli suratlar, illyustratsiyalar bilan boyitilgan va spiralsimon tarzda o‘qitiladigan kitoblar o‘quvchilar e’tiboriga havola etilgan. Xo‘sh, yangi avlod darsliklari mutaxassislar ta’kidlaganidek, butunlay yangimi?

Shuhrat Sattorov

Respublika ta’lim markazi direktori

2020-yilda davlatimiz rahbari, Xalq ta’lim vazirligi tomonidan tubdan metodikani, mazmunni yangilash, yangi avlod darsliklarini yaratish vazifasi qo‘yilgan edi. XX asr vaqtga asoslangan yoki dalillarni yod olishga yo‘naltirilgan ta’lim bilan o‘ziga xos bo‘lgan. Lekin bugungi kunda ta’lim butun dunyoda o‘rganish natijalariga asoslangan. Ya’ni o‘quvchi darslikdagi, dasturdagi biror mavzuni o‘rganolmadimi, yana o‘sha mavzuni o‘qiydi. Bizga o‘xshab soatlarga bo‘lib berilmagan. O‘quvchi o‘rgansa-o‘rganmasa, keyingisiga o‘tib ketaveramiz. Natijada bola tushunmagani sayin darsni yomon ko‘ra boshlaydi. O‘z-o‘ziga nisbatan bahosi pasayib ketadi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Eng katta muammo ham shunda. Endi faqat yod olishga emas, balki kompetensiyalarga asoslangan deyilyapti butun dunyoda, ya’ni ko‘nikmalarga. O‘quvchi nimanidir bilsin va nimanidir qila olsin. Bu shunchaki yod olishga mo‘ljallangan kontent emas, darslik va dars ham yod olishga yo‘naltirish emas.

Sinfxonada o‘qituvchi emas, o‘quvchi hukmron bo‘lsin. O‘quvchining mustaqil faoliyati ko‘proq qo‘llab-quvvatlanadi. O‘qituvchi esa yo‘naltirib turadi. Bu nimaga olib keladi? Oxir-oqibat bu o‘quvchining ertaga hayotga ham tayyor bo‘lishiga turtki beradi. Ya’ni u sinfxonada tanqidiy fikrini bildira olsa, ijodiy fikrlasa, jamoa bo‘lib ishlashni o‘rgansa, muammoga yechim topolsa, unda to‘g‘ri qaror qabul qilish, yangi g‘oyani ilgari surish, fan nuqtai nazaridan dunyoni o‘z ko‘zi bilan anglash ko‘nikmalari shakllanadi.

O‘quvchining aynan mustaqil faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, ya’ni ko‘proq amaliyotga yo‘naltirilgan yangi milliy o‘quv dasturi loyihasini 2020-yildan boshlab ishlash boshlangan edi. Bunga jami 246 nafar mutaxassis jalb etilgan. Har bir fanni aynan tag-tubi, mohiyati bilan yangilaydigan yangi dastur sifatida buni oldindan ko‘ra oldik.

Sevara G‘iyosiddinova

Respublika ta’lim markazi Kimyo fani metodisti, “Tabiiy fanlar” darsligi muallifi

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

YUNESKO bilan hamkorlikda yaratdik barini. U yerdagi olimlar ham jalb etilgan. Oliy va maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablardan amaliyotchi o‘qituvchilardan yig‘ilgan jamoalar ish olib boryapti. Biz ulardan-da qiziqroq mashg‘ulotlar yaratsak, o‘quvchilarimiz darsliklarni sevib o‘qiydi. To‘g‘ri, albatta, bu bor fan edi. Faqat avvallari ko‘proq e’tibor nazariy bilimga qaratilgandi. Endi qoida yoki formula bilan o‘quvchiga o‘rgatolmas ekanmiz.

Harakat mavzusiga to‘xtaldim hali. Bu harakat mavzusi hayotiy jarayonda. Men uni faqatgina formula yoki qoidalar bilan bersam, o‘quvchiga qiziq bo‘lmaydi. Masalan, o‘quvchi kitobdan ko‘chirib, keyin vazifani bajarardi. Bu yerda hozir aynan birinchi, ikkinchi sinf o‘quvchilari uchun daftarlar tashkil etildi. O‘quvchi ko‘chirishi uchun vaqtini sarflamaydi.

Shuhrat Sattorov: Bundan 17–20 yil avval oxirgi marta darsliklar yangilangan bo‘lsa, o‘sha vaqtlarda ular qanday yozilardi? Ochig‘i, muallifning ixtiyori asosida yozilardi. Ya’ni muallif nimani yaxshiroq, ko‘proq bilsa, o‘sha narsa kengroq yoritilgan darslikda. Butun fan o‘sha muallifning qobiliyati, dunyoqarashiga ergashgan. Butun millat ergashgan bunga. Shunaqa holatlar bo‘lganki, hattoki afsus mana shu mualliflar shogirdlarining ilmiy ishlarini darsliklarga boricha kiritgan holatlar kuzatilgan. Bu nimaga olib keldi? Darsliklarimiz murakkab tilda yoziladigan bo‘ldi. Akademik til — bu maktab uchun asosiy tilga aylanib qoldi. Natijada, biz fanni yaxshi ko‘rish, sevib o‘qish o‘rniga fanni yomon ko‘ra boshladik. Qoidalarga to‘lib ketdi hayot. Lekin bu qoida orqali biz hayotga kimni tarbiyalay oldik?

Muhriddin Avezov

Olmazor tumanidagi 278-maktabning Geografiya fani o‘qituvchisi, “Tabiiy fanlar” darsligi muallifi

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

– Xalqaro tajribalar o‘rganilganda, butun dunyoda boshlang‘ich sinflarda hattoki beshinchi, oltinchi sinflarda ham science — tabiiy fanlar darsligi o‘qitilishining guvohi bo‘ldik. Ularda e’tibor biologiya, geografiya, fizika, kimyo fanlarini bir-biriga bog‘liq holatda, ya’ni integral ravishda o‘qitishni maqsad qilgan. Bu birinchi jihati.

Ikkinchisi, bu yerdagi mavzularni o‘qitishda spiralsimon yondashuvga e’tibor qaratilgan. Ya’ni mavzular ketma-ket o‘tib-o‘tib ketiladi, bo‘ldi, u boshqa takrorlanmaydi emas. Masalan, birinchi sinfda o‘qitilgan mavzular ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va hokazo sinflarda qaytariladi.

Mavzulardagi ma’lumotlar hajmi, mazmuni, yildan-yilga takomillashib, boyib, yanada kengayib va o‘sha ilm-fanga yo‘naltirilgan bo‘limlardan iborat bo‘ladi. Bu yerda bitta mavzuning ichida ham biologiya, geografiyaga oid bilimlar, ham fizika, ham kimyoga doir bilimlar integral tarzda berib boriladi.

Bola tevarak-atrof, borliqni yaxlit tasavvur qila oladi. Ilgari biz bo‘lak-bo‘lak qilib tushuntirgan bo‘lsak, endi xuddi shu atrof-borliqni u bitta yaxlit tabiat ekanini yaxshiroq anglab yetishi uchun harakat qilamiz.

Ba’zi ma’lumotlar og‘zaki yoki matn ko‘rinishida yozilmagan kitobda. Lekin illyustratsiyalar shunaqa joylashtirilganki, undan mazmun kelib chiqadi. Kichik tadqiqotlar joriy etildi. Ya’ni o‘quvchi faqat hamma narsani o‘qib-o‘rganmaydi. Balki shu kichik tadqiqotlarni bajarish orqali undan o‘zi mustaqil xulosalar chiqaradi.

Shuhrat Sattorov:

Darsliklardagi eng katta muammo nimada edi? Nimaga biz darsliklardan shu qadar sovib qoldik? Chunki ularning aksarini o‘quvchini bilmagan, maktabga kirmagan mualliflar yozishgan.

Bugun biz tarozini teng qo‘ydik. Tadqiqotlar, xalqaro tajriba bir yoqda, o‘zimizning o‘qituvchilar tajribasi, bolalarimiz qiziqishi, manfaatini himoya qiladigan muallimlar jamoasi tarozining ikkinchi pallasida.

Biz dasturlarni chiroyli qilib yangiladik-da darsliklar yangilanmadi, o‘qituvchilar yangilanmadi. Chunki bizning sharoitda o‘qituvchilar to‘liq darsliklarga bog‘lanib qolishgan. Darslik ustoz uchun yagona qolip vazifasiga aylangan, bugun ham shu vazifani bajarmoqda. Endigi maqsadimiz — mana shu an’anani to‘xtatish. Ya’ni o‘qituvchi endi mana bu yerdagi dastur asosida harakatlanishi kerak.

Sa’dulla Quronov

Respublika ta’lim markazi metodisti, “Ona tili va o‘qitish savodxonligi” darsligi muallifi

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Har bitta darslik yozayotgan jamoaning ichida mana shu Kembrij darsliklarini yozgan va xalqaro trener bo‘lib kelayotgan xorijlik ekspertlar bor. Ularning ishtirokida darsliklarni yozamiz. Shunchaki o‘zimiz yozmaymiz. Avval dars olamiz. Trenerlik qilishadi bizga.

Hozirgi ona tili qanaqa? Ona tili deb bo‘lmaydi, bu fan ona tili ham emas, o‘qish ham emas. Bu fan yaxlit ona tili va o‘qish savodxonligidir. Bu to‘rtinchi sinfgacha amalda bo‘ladi. Birlashtirildi. Biz ona tilini o‘qishdan ajratib kelganmiz. Lekin ona tilini bilishi uchun bola o‘qishni bilishi kerak. Ikkovi bir-biri bilan bog‘liq. Ona tilini mukammal bilgan inson to‘rtta ko‘nikmani o‘zlashtirishi kerak: o‘qib tushunish-tinglab tushunish-yozish- nutq.

Eng katta muammolardan biri — DTM testlari bo‘lgan. Grammatikaga yopishib olishimizga yo‘l ochgan.

Oldingi ona tili darsliklarimizga e’tibor qilsak, jarangli va jarangsiz undoshlar degan yoki ot so‘z turkumi degan mavzu bo‘lardi-a? Hozir unaqa mavzular yo‘q. O‘rniga aytganimdek, “Jurnalist bo‘lib qolsam”, uy hayvonlari yoki bir “Maktabim gazetasi muharriri bo‘lib qolsam, “O‘zim savdo qilaman”, “Bozor qilishni bilasizmi?” degan mavzular bo‘ladi.

Shokir Yo‘ldosh

Respublika ta’lim markazi metodisti, “Ona tili va o‘qitish savodxonligi” darsligi muallifi

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

2017-yilda boshlab O‘zbek tili va adabiyoti universitetiga ona tili o‘qitish metodikasini yangilash topshirig‘i berilgan. O‘sha topshiriq asosida laboratoriya tashkil etilgan. O‘zim ham laborant sifatida u yerda ishlaganman. Turli davlatlarning, xususan, qardosh davlatlar yoki bizga begona uzoq mamlakatlarning ona tili o‘qitish metodikasini o‘rganib chiqqanmiz.

Bizga birmuncha yangi soha bo‘lgan psixolingvistika va neyrolingvistika sohalari yordamga kelgan. Oldingi yondashuvimiz ham xato emasdi. Faqat tilga boshqacha qarardik. Ya’ni biz tilni grammatik qoidalar jamlanmasi, ma’lum bir struktura, konstruksiya, bitta bino qurish mumkin va hamma bir xil qurishi kerak, deyilgan qarash bilan o‘qitganmiz. Bu noto‘g‘ri demayman. Agar hammani filolog qilmoqchi bo‘lsak, butun jamiyatni filologiya sohasidagi chuqur bilimga ega inson qilmoqchi bo‘lsak, bu eng to‘g‘ri yo‘l. Lekin unaqa qilmoqchi emasmiz. Biz ijtimoiy faol fuqaroni yaratishimiz kerak.

Mavzuga oid fikrlarning to‘liq variantini “Daryo”ning YouTube’dagi sahifasi orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Charos Nizomiddinova tayyorladi.

Tasvirchi va montajchi — Ilhom Xursanaliyev

Qiziqarli malumotlar
akademik tilda yozilardi. Bu o‘quvchini fandan, Avvallari darsliklar murakkab, maktabdan bezdirdi” — Respublika ta’lim markazi tayyorlagan darsliklar chindan yangimi