AVSTRALIYA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AVSTRALIYA haqida malumot bilib oling.

AVSTRALIYA, Avstraliya Ittifoqi (Commonwealth of Australia) — Jan. yarim shardagi davlat, Avstraliya materigi, Tasmaniya o. va boshqa orollarda joylashgan. Mayd. 7,682 mln. km2. Axolisi 19 mln. kishi (1999). Poytaxti — Kanberra sh.

Davlat tuzumi. Avstraliya — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiruvchi federal davlat. Avstraliyaning amaldagi Konstitutsiyasi 1901-y. da qabul qilingan. Davlat tuzilishi shakli jihatidan — federatsiya. Davlat boshligʻi — Buyuk Britaniya qiroli (qirolichasi), generalgubernator uning vakili hisoblanadi. Konun chiqaruvchi hokimiyat ikki palatali (vakillar palatasi va senat) federal parlament. Vakillar palatasi (quyi palata) 3 y. muddatga, senat (yuqori palata) deputatlari har bir shtatdan 6 y. muddatga saylanadi. Senat tarkibining yarmi har 3 y. da yangilanadi. General-gubernator va bosh vazir boshchilik qiladigan hukumat ijroiya hokimiyatni amalga oshiradi. Avstraliyaning har bir shtati oʻz konstitutsiyasi, parlamenti va hukumatiga ega; shtatlarning huquqlari cheklangan.

Tabiati — q. Avstraliya (materik), Tasmaniya oroli.

Aholisi. Avstraliya hoz. aholisining asosiy qismi — Britaniya o. laridan koʻchib kelganlarning avlodlari — inglizlar, irlandlar, shotlandlar boʻlib, ular avstraliyaliklar millatini tashkil etadi (q. Avstraliyaliklar). Tub joy aholi va duragaylar Avstraliya aholisining 1,5% ni tashkil etadi; ukrainlar, italyanlar, nemislar, greklar, gollandlar va b. ham yashaydi. Bir necha yuz oʻzbek bor. Rasmiy tili — ingliz tili. Aholining oʻrtacha zichligi — 1 km2 ga salkam 2 kishi. Aholining 80% ga yaqini materikning sharqiy va jan.-sharqiy sohilida istiqomat qiladi; aholining — 2/3 qismi yirik shaharlarda yashaydi. Eng yirik shaharlari: Sidney, Melburn, Brisben, Adelaida, Pert.

Tarixi. 18-a. gacha Avstraliya aborigenlari ibtidoiy jamoa tuzumi sharoitida yashagan. Yevropaliklardan birinchi boʻlib materikka golland dengiz sayyohlari V. Yanszon (1606) va Avstraliya Tasman (1642) kelganlar. Yangi qitʼani oʻrganish uchun Angliya bir necha ekspeditsiya, jumladan J. Kuk rahbarligidagi ekspeditsiyani yubordi (1770). 1788-y. da A. Angliya hududi deb eʼlon qilindi.

19-a. ning 20-y. laridan boshlab Avstraliyada qoʻychilik rivojlandi, 30-y. larda dastlabki sanoat korxonalari paydo boʻldi. 19-a. ning 2-yarmidagi «oltin talvasasi» (1851—61) munosabati bilan koʻchib keluvchilar ancha koʻpaydi. Angliya hukumati Avstraliya dagi mustamlakalarda boshlangan keng xalq harakati (oltin izlovchilarning 1854-y. dagi Evrika qoʻzgʻoloni va b. isyonlar) tazyiqi ostida 1855-y. da ularning koʻpchiligiga oʻzini oʻzi boshqarish xuquqini berishga majbur boʻldi. 1901-y. A. dagi mustamlakalar 6 shtatdan iborat federatsiyaga — A. Ittifoqiga birlashtirildi va u dominion maqomini oddi. 1906-y. da unga Britaniyaning Papua mustamlakasi (Yangi Gvineya o. ning jan.-sharqiy qismi), 1-jahon urushidan keyin esa (bu urushda Avstraliya qoʻshinlari Britaniya armiyasi tarkibida jang qildi) Germaniyaning sobiq Yangi Gvineya mustamlakasi (Yangi Gvineya o. ning shim.sharqiy qismi) va Nauru o. (Millatlar Ittifoqi mandati ostidagi hudud sifatida) berildi. 2-jahon urushi vaqtida Avstraliya gitlerchilarga qarshi koalitsiya tarafida harakat qildi. 1945-y. dan Avstraliya — BMT aʼzosi. Urushdan keyin A. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibida qolgan holda mustaqil davlatga aylandi. Urushdan keyin deyarli doimo hokimiyat tepasida burjua partiyalari — liberal va agrar (1975-y. dan milliy agrar) partiyalari koalitsiyasi boʻldi. Faqat 1949-y. gacha, 1972-75 y. larda va 1983-y. da hukumatni leyboristlar tuzdi. Bu partiya tashki va ichki siyosatda mustaqil yoʻldan borish uchun bir qancha tadbirlarni amalga oshirdi. Avstraliya hukumati Nauru (1968) va Papua Yangi Gvineya (1975) ga mustaqillik berishga majbur boʻldi. 1991-y. da Avstraliya bilan OʻzR oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatilgan. Milliy bayrami — A. kuni (26 yanv.). Siyosiy partiya va kasaba uyushmalari. A. milliy partiyasi, 1916-y. da tashkil etilgan; A. liberal partiyasi, 1944-y. da tuzilgan; A. leyboristlar partiyasi, 1891-y. da tashkil etilgan; A. demokratlari partiyasi, 1977-y. da tashkil etilgan. Avstraliya kasaba uyushmalari kengashi 1927-y. da tuzilgan. Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi.

Xoʻjaligi. Avstraliya — yuksak darajada rivojlangan industrial agrar mamlakat. Iqtisodiyotda yirik monopoliyalar hukmron, xorijiy sarmoya, asosan AQSH va Buyuk Britaniya sarmoyasi katta mavqega ega. Avstraliya temir ruda, boksit, rutil, qoʻrgʻoshin, jun, shakarqamish mahsuloti eksport qilish sohasida yetakchi oʻrinda, koʻmir, rux, mis, marganes, bugʻdoy, goʻsht eksport qilishda oldingi oʻrinlardan birida turadi.

Sanoati. Avstraliya sanoati yalpi milliy mahsulotning 30% ni beradi. Uning asosiy tarmoqlari: konchilik, metallurgiya, kimyo, mashinasozlik, oziq-ovqat, yengil sanoat. Asosiy energetika resurslari — kumir va tabiiy gaz. Issiklik elektr st-yalari elektr energiyaning 80% ga yaqinini hosil qilib beradi. 1994—95 y. 155 mlrd. kVt-s elektr energiyasi hosil qilingan. Eng katta temir ruda havzasi — Gʻarbiy Avstraliya dagi Pilbara koni, rangli metall rudalari, asosan Broken-Xill (Yangi Jan. Uels) va Maunt-Ayza (Kvinslend), boksitlar Ueypa koni (Kvinslend) va Gov (Shim. hudud)dan qazib olinadi. 1994—95 y. Ill mln. tonna temir rudasi, 202 mln. tonna toshkoʻmir, 32,9 mln. tonna neft, 20,7 mlrd. kub-metr tabiiy gaz, 256 t oltin qazib olingan. Sanoatda mashinasozlik, metallurgiya, kimyo, neft kimyosi (oltin-gugurt kislotasi, mineral oʻgʻitlar) va neftni qayta ishlash tarmoqlari ustunlik qiladi. 1994—95 y. 6,2 mln. t poʻlat, 237 ming t mis, 211 ming t qalay, 1,2 mln. t alyuminiy va 360 min-gga yaqin avtomobil ishlab chiqarilgan. Oziq-ovqat sanoati koʻproq eksportga (goʻsht, un, qand-shakar, sariyogʻ-pishloq, pivo, vino) moslangan. Toʻqimachilik, tikuvchilik, poyabzal korxonalari bor. Asosiy sanoat markazlari: Sidney, Melburn, Brisben, Adelaida, Pert. Vullogong — Port-Kembla, Nyukasl, Jilong, Kuinana port-sanoat majmualari shakllangan.

Qishloq xoʻjaligi . A — yirik yer egaligi mamlakati. Foydalaniladigan yerlarning 80% dan ortigʻi yirik yer egalari qoʻlida. Fermalar sertovarligi, mexanizatsiyalashuvi va ixtisoslashuvi bilan ajralib turadi. Q. x. mahsuloti qiymatining 60% dan koʻprogʻini chorvachilik beradi. Qoʻylar 174 mln., qoramol — 24,1 mln. boshni tashkil etadi. Qoʻychilikning asosiy r-nlari — jan.-sharqiy va jan.gʻarbiy sohil; sut yetishtiruvchi r-n jan.sharqiy sohil, goʻsht yetishtiruvchi r-n mamlakat sharqi va shimoli. Salkam 15 mln. gektarga ekin ekiladi, shundan 1,5 mln. gektari sugʻoriladi. Asosiy ekinlar — bugʻdoy (hosili yiliga oʻrtacha 14,3 mln. t) va shakarqamish, shuningdek arpa, suli, supurgi, joʻxori, sholi, makkajoʻxori, kartoshka, paxta, tamaki, uzum, mevali daraxtlar. Bir yilda oʻrtacha 3,7 mln. t. shakar xom ashyosi, 3,7 mln. t. goʻsht, 720 ming t. jun yetishtiradi.

Transporti. 1996-y. da avtomobil yoʻllari 900 ming km, jumladan qattiq qoplamali yoʻllar — 420 ming km, t. y. — 40,6 ming km ni tashkil qildi. Asosiy dengiz portlari — Sidney, Melburn, ixtisoslashtirilgan portlar — PortXedlend, Dampir (temir ruda joʻnatish). Xalqaro aeroportlari: Sidney, Melburn, Pert, Darvin.

Tashqi savdosi. Eksportda q. h. mahsulotining ulushi 30%, mineral xom ashyo 27,8% va tayyor sanoat mahsulotlari 20% ni tashkil etadi. Tayyor isteʼmol mollari, asbob-uskunalar, neft chet eldan keltiriladi. Asosan Yaponiya, AQSH, Buyuk Britaniya bilan savdo-sotiq qiladi. Pul birligi — A. dollari.

Tibbiy xizmati. Davlat kasalxonalaridan tashqari tibbiy xizmat asosan xususiy shifokorlar tomonidan koʻrsatiladi. Shifokorlar soni 18 ming (721 kishiga 1 shifokor). Shifokorlarni un-tlarning 8 tibbiyot f-ti tayyorlaydi. Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari. Avstraliyada bolalarga 6 yoshdan 15 yoki 16 yoshgacha (har bir shtatda har xil) majburiy taʼlim beriladi. Tub joy aholining 40% savodsiz. Davlatga va xususiy shaxslarga karashli maktablar bor. Oliy taʼlim — pulli. Avstraliyada 26 un-t, 35 kollej bor. Eng yirik oliy oʻquv yurtlari: Sidney, Adelaida, Melburn un-tlari, Adelaida, Melburn texnika in-tlari. Bir qancha akademiyalar, shu jumladan Avstraliya FA, i. t. institutlari va ilmiy jamiyatlar bor. Eng yirik kutubxonalar: Kanberradagi Milliy kutubxona, Sidney un-ti kutubxonasi va b. Muzeylar: A. muzeyi (Sidney), Viktoriya shtatining Milliy galereyasi (Melburn) va b.

Matbuoti, radioeshittirishi, telekoʻrsatuvi. Avstraliyada 70 dan koʻproq kundalik gaz. (10 asosiy gaz. ning tiraji — 5 mln. nusxadan ziyod) va 592 boshqa davriy nashrlar chiqadi. Kundalik «Gerald-san nyus piktorial» («Xabarnoma — Quyosh», 1990-y. dan), «Sidney morning gerald» («Sidney tong xabarnomasi», 1831-y. dan) eng salmoqli gaz. lar hisoblanadi. Asosiy axborot agentligi — Ostrelian assoshieyted press (1935-y. da asos solingan). 100 radiost-ya va 85 telemarkaz ishlaydi. «Ey-bisi» va «Ey-bi-es» umummilliy teleradioeshittirish kompaniyasi mavjud. Radioeshittirishlar 1923-y., telekoʻrsatuvlar 1956-y. dan yoʻlga qoʻyilgan.

Adabiyoti. Avstraliya adabiyoti ingliz tilida (aborigenlarning oʻz yozuvi yoʻq). 19-a. ning 1-yarmida metropoliya adabiyoti taʼsirida rivojlandi. Milliy realistik adabiyot 90-y. lardagi ijtimoiy-siyosiy yuksalish muhitida yuzaga keldi. Unga T. Kollinz, X. Louson va b. asos soldi. 1-jahon urushi voqealari Avstraliya adabiyotining yanada ravnaq topishiga koʻmaklashdi. Bu davr asarlarida jabrzulm fosh qilindi, aborigenlarning fojiasi aks ettirildi (K. S. Prichard, X. X. Richardson, E. V. Palmer, K. Tennant, B. Penton va b. lar). A. Marshall, J. Morrison prozasida, B. Adamson, M. Gilmor poeziyasida jamiyat nuqsonlari tanqid qilindi, milliy mustaqillik gʻoyalari tarannum etildi. Irqiy kamsitish adiblarning muhim mavzuidir. Bunga F. B. Vikersning «Sarob» (1955), D. Kyuzekning «Quvgʻindagi quyosh» (1955) va «Qora chaqmoq» (1964), G. Keysining «Snoubol» (1958), D. Styuartning «Yendi» (1959), M. Dyurekning «Uni saqla, ona yurtim» (1955) asarlari va b. asarlar misol boʻladi. Dramaturgiyada hoz. zamon muammolariga murojaat etilgan: A. Terner, S. Lokk-Elliot, K. Dankan, D. Kyuzek, O. Grey, R. Louler, M. Brend pyesalari.

Meʼmorligi. Avstraliyada meʼmorlik 18-a. oxirlarida ingliz klassitsizmi va yangi gotikasi ruhida rivojlana boshladi. 19-a. ning 2-yarmidan Sidney, Melburn, Brisben, Adelaida sh. larida toʻgʻri burchakli koʻp qavatli uylar qurildi. 20-a. ning 20-y. laridan Avstraliya meʼmorligida yangi oqimlar, asosan konstruktivizm yoyila boshladi (poytaxt Kanberra, 1913— 1927, meʼmor U. Griffin). Zamonaviy inshootlar orasida Sidneydagi opera teatri (meʼmor G. Zaydler), Melburndagi olimpiada stadioni (1956) va b. diqqatga sazovor.

Tasviriy sanʼati. Avstraliya badiiy madaniyati ikki ilk asosga ega. Ularning biri aborigenlar sanʼati (oʻymakorlik, bumeranglarga naqsh solish, gʻorlardagi qoya toshlarda inson qiyofasini tasvirlash), ikkinchisi — yevropacha madaniyat. 18-a. ning oxiri — 19-a. ning boshlarida Avstraliya tabiatining aynan aniq tasviri (K. Martene, A. L. Byuvelot), hajviy grafika (S. T. Xill) paydo boʻldi. 19-a. oxiri — 20-a. boshlarida hayotiy rangtasvir milliy maktabi rivojlandi (rassomlar J. U. Lambert, F. Mak-Kabin, N. Kunixon, haykaltarosh P. Dadsuel). 20-a. ning 40-y. larida aborigenlarning yangi sanʼati vujudga keldi (Namatjir va Parerulya oilalari).

Musiqasi. Avstraliya tub joy aholisining musiqiy xalq ijodiyoti oddiy usullar joʻrligida raqsga tushib, qoʻshiq aytishdan iborat: cholgʻu asboblari — qayroq, dovul, dijeridu va sh. k. 18-a. oxirlaridan yevropacha musiqa rasm boʻla boshladi. 1847-y. da Sidneyda A. Natanning «Avstriya Don Joni» degan birinchi Avstraliya operasi sahnalashtirildi. Adelaida, Melburn, Sidney, Brisben, Kanberra, Xobartda konservatoriyalar bor. Avstraliya musiqa arboblari — kompozitorlardan A. Xill, J. Antil, A. Benjamin, dirijyor B. Xeynse, skripkachi B. Kimber, xonandalar N. Melba, X. Bleyr va b.

Teatri. Avstraliyada dastlabki spektakllar 18-a. ning 80-y. larida koʻchib kelgan yevropaliklar tomonidan qoʻyilgan. 19-a. ning 30—40-y. larida Sidney va b. shaharlarda doimiy ishlovchi teatrlar barpo etildi. Milliy teatrning shakllanishida 20-a. ning 10—30-y. larida adabiy-teatr birlashmalari koʻmak berdi, ular asosan mamlakatda yaratilgan pyesalarni sahnalashtirdilar (K. S. Prichard, L. Esson, U. Mur, K. Uotson). A. ning «Odd tout», «Independent tietr» yetakchi milliy teatrlari tijorat teatrlariga («Tivali» va b.) qarama-qarshi turadi. Yangi teatrlar deb atalgan yarim professional teatrlar ham ishlab turibdi.

Kinosi. Mamlakatda kino ishlab chiqarish 1900-y. da boshlandi. 70-y. larda Avstraliya kinoni rivojlantirish federatsiyasi tuziddi. Hujjatli kino ommalashgan. Melburndagi Davlat ilmiy va sanoat tadqiqotlari tashkiloti ilmiy filmlar chiqaradi.

Ensiklopediya.uz
Avstraliya