Avgusta Ada King — dasturchilarning «momosi»

Avgusta Ada King — dasturchilarning «momosi»

avgusta ada king dasturchilarning momosi 660ef48f4dd33Avgusta Ada King —
grafinya Lavleys (1815-1852)

Avgusta Ada Lavleysning asl familiyasi Bayron bo‘lgan. Ha, adashmadingiz. Bu xuddi o‘sha — sarguzashtmand oqsuyak, mashhur ingliz shoiri — Jorj Gordon Bayronning qizi bo‘ladi. Shoir Bayron — badiiy asarlar uchun o‘zi ham ideal romantik qahramon bo‘la oladigan, nazm ustasi bo‘lib, adabiyot ixlosmandlari uning «Chayld Xaroldning ziyorati» dostoni va boshqa ko‘plab asarlari orqali yaxshi biladilar. Ada Lavleys Bayronning Anna Izabel Milbenk, ya’ni, baronessa Ventvort bilan nikohidan tug‘ilgan bo‘lib, lekin qizaloq o‘zi otasi haqida deyarli hech narsa bilmagan. Chunki, Ada 1 oylik chaqaloqlik paytida onasi uni ko‘tarib, Bayrondan qochib ketgan ekan. Bu voqea Vaterloo jangidan roppa-rosa bir yil to‘lgan paytda sodir bo‘lgan bo‘lib, baronessa nima sababdan bunday ishga qo‘l urganining sababi hozirgacha noma’lum. Ehtimolki, u qizini yo‘qotishni istamagan bo‘lsa kerak. Chunki, o‘sha paytlardagi yuridik qoidalarga binoan, er-xotin ajrashsa, istisnosiz ravishda bolalarni albatta ota ixtiyorida qoldirilardi.

Oqsuyaklik hayoti

Balki onaning tarbiyasi shunday bo‘lgandir. Harholda, Ada Lavleys voyaga yetgunicha o‘ziga otasini eslatib turadigan hamma narsaga salbiy yondoshuv bilan katta bo‘lgan. U hayotda faqat onasini tan olardi. Bayron esa qizi va xotini o‘zini tark etganidan keyin ko‘p o‘tmay Angliyadan butunlay chiqib ketadi. Oradan 9 yil o‘tib esa, uning Yunoniston mustaqilligi uchun janglarda qatnashib halok bo‘lgani haqida xabar kelgan. Bayronning xorijdan turib o‘z onasiga, ya’ni, Adaning buvisiga doimiy maktub yo‘llab turgani va bu orqali qizining yutuqlaridan boxabar bo‘lib borgani ma’lum.

Adaning onasi Anna Izabel matematikaga juda qiziquvchan, uquvli ayol bo‘lgan. Hatto Bayron o‘zi ham xotinini erkalatib «parallelogrammlar malikasi« deb atagan ekan. Anna Izabelga sobiq eri Bayronning romantik xarakteri ma’qul kelmagan bo‘lsa kerak. Shu tufayli u ona sifatida, qizi Adada ham otasidagi kabi romantik, hissiyotparast-xayolparast fe’l-atvor shakllanib qolmasligini qattiq istagan. U Adani bunday me’yordan ortiqcha ta’sirchan bo‘lib ketmasligi uchun qo‘lidan kelgan barcha narsani qilgan. Anna Izabel, qizaloqni romantikadan yiroq qilishida matematika shubhasiz eng muhim ahamiyatga ega bo‘ladi deb hisoblagan va bu borada o‘zi tashabbus ko‘rsatib, Ada bilan doimiy shug‘ullangan. Aytish mumkinki, Ada Lavleys yoshligidan onasining qattiqqo‘l tarbiyasi ostida katta bo‘lgan. Ada Lavleys bolaligida tez-tez kasallangan va salomatligi unchalik ham yaxshi bo‘lmagan. Hatto u bir safar qizamiq xastaligi bilan og‘riganidan so‘ng, kasallikning og‘ir asoratlari tufayli uzoq muddat to‘shakka mixlanib qolgan. Natijada, Ada bir necha yil o‘zi yurolmasdan, nogiron bo‘lib qolgan. Unga oddiy tumov ham jiddiy asoratlar bilan ta’sir qilardi va Adaning organizmi tiklanishiga ancha ko‘p muddat talab qilinardi. Umuman aytganda, Ada Lavleys hayoti davomida salomatligi zaifligidan muttasil aziyat chekib yashagan.

lord Bayron Salomatligi qanchalik nozik bo‘lmasin, lekin Adaning ilm-fanga bo‘lgan ishtiyoqi doimo kuchli bo‘lgan. U avvaliga geografiyaga qiziqib, ushbu yo‘nalishda kuchaytirilgan ta’lim ola boshlagan. Lekin, vaqt o‘tishi bilan qiziqishlari ham asta-sekin o‘zgarib borgan va bir necha muallimlar tarbiyasini olgach, Adaning tanlovi matematika fanidan to‘xtagan. Uning ushbu yo‘nalishni tanlashida eng katta ta’sir o‘tkazgan inson — Adaning oxirgi o‘qituvchisi Ogastes de Morgan (1806-1871) bo‘lib, u bir vaqtning o‘zida ham iste’dodli yozuvchi hamda yuksak salohiyatli matematik olim bo‘lgan. De Morgan London universiteti tarixidagi eng birinchi matematika professori sanaladi. U o‘z talabasi Ada Lavleysning matematik qobiliyatini juda yuksak baholagan va haqiqiy ustoz o‘laroq, shogirdiga to‘g‘ri yo‘nalishni ko‘rsata olgani tahsinga loyiqdir.

Ada Lavleys uchun ilm-fan eshiklarini ochib bergan insonlardan yana biri — Meri Somervill bo‘lib, ular 1834 yilda tanishishgan va keyinchalik doimiy ilmiy hamkorga aylanishgan. Bundan avvalroq, Ada onasi orqali mashhur matematik, hisoblash texnikasi muhandisi Charlz Bebbidj (1791-1871) bilan tanishgan bo‘lib, Bebbidj bu paytda mexanik-avtomatlashtirilgan hisoblash mashinasi loyihasi ustida ishlayotgan edi. Bebbidj ona-bolalarga o‘zi yasagan mashinani ishlatib ko‘rsatib bergan va mashinaning ishlash tamoyilini batafsil tushuntirgan. Bebbidj mashinasi Ada Lavleysda juda katta taassurot qoldirgan edi. Ushbu voqeadan keyin Ada Lavleys va Charlz Bebbidj oilaviy darajada juda yaqin bo‘lib qolishgan va doimiy ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishgan. Ba’zi tarixchilar Charlz Bebbidj va Ada Lavleys bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan oshiq-ma’shuqlar bo‘lishgan degan fikrlarni ham ilgari surishadi. Lekin bunday fikr uchun hech kimda hech qanday asosli dalilning o‘zi yo‘q. Bu paytga kelib, Ada Lavleys o‘zini «metafizik va analitik« deb atashni boshlab yuborgan edi. o‘sha paytlar ingliz tili leksikonida ushbu atama «olim« so‘zi o‘rnida qo‘llanilgan; «olim« so‘zining o‘zi esa ingliz tilida faqat 1836 yildan e’tiboran, Uilyam Uevell orqali kirib kelgan edi[1].

Bebbidjning ta’siri

Ada Lavleysning ilmiy yo‘nalish tanlashiga va bajargan ilmiy ishlariga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatgan narsa bu — matematik Charlz Bebbidjning g‘oyalari bo‘lgan. Bebbidjning odatiy inglizlarnikidan farq qiluvchi g‘alati tabiati uning talabalik yillaridayoq ko‘zga tashlangan bo‘lib, o‘shanda yosh Bebbidj, ko‘pchilik uchun kutilmaganda, o‘zining buyuk millatdoshi — Isaak Nyutonning matematik analiz borasidagi g‘oyalariga qarshi chiqqan edi. Ba’zilar Bebbidjning o‘sha harakatlarini «matematik salb yurishi«ham deb baholashgan. Zero, o‘zi ingliz bo‘la turib, ingliz matematiklardan ta’lim olgan odam, qanday qilib, Nyutonning g‘oyalaridan ayb topishi mumkin??? Harholda Bebbidj matematikada millatparastlik ketmasligi, aniq fanlardagi haqiqat — Britaniyada ham, Fransiyada ham, Afrika va hatto Sahroi Kabirda ham o‘sha haqiqat bo‘lib chiqishini isbotlab bergan. U buning uchun matematik analizning «qit’a talqini«, ya’ni, Leybnits nuqtai nazaridan bayon qilingan, tushunish uchun oson talqinini topib, ingliz tiliga tarjima qilib chiqqan. Haqiqatan ham, Leybnitscha matematik analiz, Nyuton talqinidan ko‘ra ancha tushunarliroq bo‘lib, ifodalash uslubining ravonligi bilan ajralib turardi. Napoleon urushlari davom etayotgan bir paytda amalga oshirilgan bunday ilmiy tarjimadan keyin, ko‘plab ingliz matematiklari tarjima muallifi — Charlz Bebbidjga xuddi muqaddas narsaga xiyonat qilgan odamdek qaray boshlashgan. Biroq, yaxshiki, ingliz ilmiy jamoatchiligi mutasaddilarda ko‘r-ko‘rona millatparastlikdan ko‘ra sog‘lom fikr ustunlik qilgan va tez orada Bebbidjning matematik iste’dodi nufuzli ilmiy doiralarda tan olingan. Bebbidjning matematik mahoratini e’tirofi sifatida 1816 yilda uni London Qirollik Jamiyatiga a’zolikka qabul qilishgan. Shuningdek uni Kembrij universitetining Lukas professori lavozimiga tayinlashgan. Eslatib o‘tamiz, Nyutonning o‘zi ham Kembrijda aynan shu lavozimda ishlagan. Bebbidj shuningdek o‘ziga xos fe’l-atvori bilan yaqqol ajralib turadigan, ko‘pincha kutilmagan, keskin qarorlar qabul qiluvchi, g‘alati tabiatli odam bo‘lgan. U ko‘cha-ko‘yda kuy chalib, qo‘shiq aytib yuruvchi sayyor mashshoqlarni ashaddiy yomon ko‘rgan. Shuningdek, Bebbidjning favqulodda keskin tanqidlaridan shoir va yozuvchilar doim cho‘chib turishgan. Bebbidj badiiy asarlardagi reallikdan yiroq qochirimlarni ham xushlamagan. Masalan, kunlarning birida Bebbidj jamiyatda katta obro‘ga ega shoir lord Tennisonning oldiga ataylab borib, uning she’rlaridagi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan satrlarni tahrirlash kerakligini uqtirishga uringan ekan.

Adaga kelsak, u ulg‘ayib, kelishgan va chiroyli qiz bo‘lib yetishdi. Saroyda qirollik oilasiga tanishtirilgan Ada Lavleys, Uilyam King bilan tanishdi va biroz vaqt o‘tib, unga turmushga chiqdi. Ada to‘ydan keyin King familiyasini olgan va bu nikohdan uch nafar farzand dunyoga kelgan. Uilyamga otasidan zodagonlik maqomi meros bo‘lib o‘tgach esa, Ada Lavleys King ham grafinya maqomini oldi.

Charlz Bebbidj esa 1844-yilda Turinga ko‘chib o‘tadi. Uning maqsadi o‘zi loyihalayotgan «analitik mashina«sini yasash uchun pul ishlab topish bo‘lgan. Italyan puldorlarida ushbu mashinaga nisbatan qiziqish uyg‘otish maqsadida Bebbidj o‘zining mashinasi haqida yozgan maqolalarini fransuzcha va italyanchaga tarjima qildirish kerak deb hisoblardi. Bu maqsadda unga Italyan matematigi, muhandis qo‘shinlari zobiti Luidji Minabrea yaqindan yordam bergan. Minabrea bir necha yillardan keyin Italiya bosh vaziri darajasigacha ko‘tarilgan bo‘lib, ajoyib mantiqiy fikrlash va xulosalar yasash qobiliyatiga ega, keng fikrli shaxs bo‘lgan. Aynan Minabreaning jonbozligi evaziga Bebbidjning analitik mashinasi haqidagi «Charlz Bebbidj ixtiro qilgan analitik mashina sxemasi« deb nomlangan maqola fransuz tilida chop etilgan va katta shuhrat qozongan edi. Minabrea Bebbidj mashinasi haqida shunchaki tanishtiruv-tahliliy maqola yozish bilan cheklanmasdan, balki, ushbu mashina uchun ba’zi takomillashtirish sxemalari va uning yordamida hal qilinishi mumkin bo‘lgan matematik masalalar bo‘yicha juda ajoyib sharh va izohlar ham berib o‘tgan. Minabreaning maqolalari Bebbidjning o‘zi kutganidan ham ziyoda bo‘lib chiqqan edi. Shu sababli Bebbidj Minabreaning maqolalarini endi ingliz tiliga o‘girish kerak deb o‘ylab qoladi va buning uchun yaqin tanishi — Ada Lavleysni taklif qiladi. Ada Lavleys Minabrea maqolalarini ingliz tiliga o‘girish uchun kutilganidan biroz ko‘p vaqt sarflagan. Bebbidj Adaning tarjimalarini 1 yilga yaqin kutishiga to‘g‘ri kelgan. Lekin, ushbu tarjimalar bilan tanishgach, Bebbidj bu safar ham hayratdan yoqa ushlab qolgan edi. Zero, analitik mashina haqida Ada tayyorlagan inglizcha matnda mashina haqidagi tafsilotlar shu darajada mukammal ediki, natijada bu manba Minabrea maqolalaridan ham o‘n chandon qiziqarliroq va amaliy ahamiyati yuqoriroq bo‘lib chiqdi. Ada Lavleys Minabrea maqolalariga qo‘shimcha ravishda mukammal sharhlar bergan. Shuningdek, u Bebbidj mashinasi yordamida murakkab matematik hisob-kitoblarni bajarish mumkinligini isbotlab, buning uchun bir necha yaqqol misollar ham keltirib o‘tgan. Ada Bebbidj mashinasi uchun nazariy tavsif berishning o‘zi yetarli emas deb hisoblagan va maqolalar matniga ilova tarzida, muayyan matematik masalalarni Bebbidj mashinasida yechish usullariga oid amaliy qo‘llanma-yo‘riqnomalar ham tayyorlagan. Ular ichida shubhasiz eng asosiysi — Bebbidj mashinasi vositasida Bernulli sonlarini hisoblash usuli bo‘lgan desak yanglishmaymiz. Bebbidj mashinasining o‘z davri uchun innovatsion jihati shunda ediki, undagi hisoblashlar, muayyan yo‘riqnomada ko‘rsatilgan harakatlarni ketma-ket bajarish orqali bajarilgan. Aytish mumkinki, Bebbidj mashinasi uchun o‘ziga xos mashina algoritmi tayyorlangan va mashina shunga ko‘ra qo‘yilgan masalani hal qilgan. Zamonaviy til bilan aytadigan bo‘lsak, Bebbidj mashinasi uchun tayyorlangan yo‘riqnomalar, hozirgi kompyuterlarga yozilgan dastur — algoritmlar singari bo‘lgan. Ada Lavleys Bebbidj mashinasi uchun yozilgan shunday ajoyib yo‘riqnomalarni o‘z ism-sharifining bosh harflari bilan, ya’ni, qisqagina qilib: «A.A.L.« ko‘rinishida imzolagan. U shunchaki, agar Bebbidj mashinasiga qiziquvchilar ushbu yo‘riqnomalarni ayol kishi yozganligini bilib qolishsa, mashinaning salohiyatiga jiddiy qaramay qo‘yishadi deb o‘ylagan. Boz ustiga, o‘sha zamondagi bo‘lmag‘ur odatlardan yana biriga ko‘ra, grafinya maqomidagi ayollar uchun o‘z erining familiyasi bilan har qanday kitob yoki maqolalarni imzolash ta’qiqlangan edi.

Ada Lavleys Bebbidj mashinasi uchun faqat matematik hisob-kitoblarni bajarishga qaratilgan yo‘riqnomalar yozish bilan cheklanib qolmadi. U, agar ketma-ketlik to‘g‘ri berilsa, Bebbidj mashinasi musiqa ham ijro etishi mumkin degan fikrga kelib qoldi. Ada Bebbidj mashinasi haqida «Jakkar mashinasi yaproq va ranglarni to‘qigani singari, analitik mashina ham algebraik naqshlar chiza oladi« deb ta’kidlardi.

Jakkar mashinasi bu — o‘z davri uchun ilg‘or nou-xau sanaladigan to‘quvchilik-tikuvchilik uskunasi bo‘lgan. Jakkar mashinasida turli sxemalar bo‘yicha teshiklar tushirilganPerfokartalarda ishlovchi Jakkar mashinasi perfokartalar qo‘llangan bo‘lib, dastgohdagi ipning kartalardagi teshiklar orqali muayyan tartibda o‘tib to‘qilishi natijasida matoda turli naqshlar, gullar va tasvirlar hosil qilingan. Ada xuddi shunday usulda Bebbidj mashinasidagi matematik hisob-kitoblar uchun ham harakatlar ketma-ketligini ko‘rsatadigan yo‘riqnomalar tayyorlash mumkin degan fikrga keldi. Uning g‘oyasi beqiyos va buyuk g‘oya edi. Perfokartalarning bitta standart to‘plami orqali eng sodda matematik amallarni bajarish mumkin bo‘ladi. Kartadagi teshiklar joylashuvi to‘g‘ri tartiblab chiqilsa, murakkabroq matematik amallar uchun ham standart perfokartalar to‘plamini yasash mumkin. Yana bir turkum perfokartalar orqali esa, amallar orasidagi bog‘liqliklarni va amallar ketma-ketligini o‘zini ko‘rsatiladi. Ada Lavleys shuningdek qayta takrorlanadigan operatsiyalar uchun kerakli perfokartalar to‘plamiga yo‘llanma beradigan alohida perfokartalarni tayyorlagan. Ya’ni u ko‘p takrorlanadigan va bitta jarayon mobaynida qayta-qayta bajarishga to‘g‘ri keladigan amallar uchun har safar yangi perfokarta solib o‘tirmasdan, mashinada ushbu turdagi operatsiyani avvalroq bajargan perfokartalar to‘plamini qayta chaqirib, ulardan yangi topshiriq uchun foydalanish rejasini o‘ylab topgan. Zamonaviy dasturchilar tili bilan aytganda, Ada bunday usul bilan dasturiy sikllarni tuzib chiqqan. Shu tarzda, aytish mumkinki, u nafaqat dasturlashni balki dasturlar uchun ilovalar tayyorlashni ham boshlab bergan edi.

Ada Lavleys Bebbidjning analitik mashinasi borasida yana bir o‘ta muhim jihatni fahmladi: ushbu mashinaga shunchaki aniq sonlar bilan berilgan masalalarni yuklash bilan cheklanmasdan, balki unga muayyan ramzlar-belgilarni ham qabul qilish imkoniyatini kiritilsa, unda mashinani doimiy o‘zgaruvchi miqdorlar bilan ham ishlashga yo‘naltirish mumkin edi. Ya’ni, u mashinadan foydalanuvchi har safar muayyan masala uchun perfokartalar to‘plamini tanlab, tegishli sonlarni kiritib chiqish bilan ovora bo‘lmasdan, balki avvaldan tayyor ramziy-belgilangan kartalar to‘plami orqali, istalgan matematik masalani tez hal qilishi mumkin bo‘lardi. Ya’ni, Ada hisoblash mashinalarida dasturchi va yuzer (foydalanuvchi) uchun alohida ish rejimlarini belgilagan ilk inson hamdir.

Bebbij analitik mashinasi

Adaning tayyorlagan perfokartalari va yo‘riqnomalari asosida Bebbidjning analitik mashinasi uchun qiziq va muhim amaliy tadbiq sohalari paydo bo‘la boshladi. Mashinaning asl mohiyatidan bexabar omi odamlar esa uni sehrli mashina deb qarashardi. Biroq Ada Lavleysning o‘zi odamlarga Bebbidj mashinasi aslida hech qanday mo‘jiza emasligi, uni hech qanday mo‘jiza yarata olmasligini ko‘p ta’kidlab tushuntirardi. Mashina hech narsani o‘zi mustaqil bajara olmaydi, garchi mashina «tasavvurga sig‘mas« ishlarni qilayotgan bo‘lsa-da, lekin uning «ijodiy« imkoniyatlari ushbu mashinani loyihalagan va yasagan insonlarning aqliy salohiyatlari darajasida cheklangandir — derdi u. Bu tasdiq xuddi termodinamikaning birinchi bosh qonuniga o‘xshaydi. Ya’ni, hech narsadan biror narsa hosil bo‘lmaydi. Bizning olamimizda «Men — Robot«[2] ham, «Terminator« ham mavjud bo‘lishi mumkin emas.

Hikoyamizdan Ada Lavleys haqida hayotini butunlay ilm-fanga bag‘ishlagan, fidokor mushtipar ayol timsoli ko‘z oldingizga kelgan bo‘lsa ajab emas. Taassufki, u haqidagi boshqa ma’lumotlarni ham o‘qib chiqsangiz, olimadan ixlosingiz qaytishi aniq. Albatta, u zo‘r ishtiyoq bilan matematika hamda, Bebbidj mashinasining amaliy tadbiqlari ustida ishlardi. Lekin, grafinya Ada Lavleys kundalik hayotda Viktorian davrining odatiy ingliz kiborlaridan bo‘lib, ziyofatma-ziyofat yurishni xush ko‘rgan. U zeb-ziynat va hashamatga o‘ch bo‘lib, turli qimmatbaho taqinchoqlarni yig‘ishga va zotdor itlarni boqishga qattiq qiziqqan. Ada Lavleys barcha yangi opera va spektakllardan qolmaydigan, serhasham tantana va ziyofatlarda davrani to‘ldirib raqs tushadigan qaqildoq ayol bo‘lgan. Uning o‘z farzandlari tarbiyasiga deyarli vaqt ajratmagani, umuman olganda esa, o‘z bolalariga e’tiborsiz ona bo‘lganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Zamonaviy tibbiyot mutaxassislarining fikricha, ledi Ada Lavleys qandaydir tez-tez o‘zgaruvchan ruhiy-aqliy vasvasadan aziyat chekkan bo‘lishi ehtimol (soddaroq aytganda, Ada Lavleys vaqti-vaqti bilan vos-vos bo‘lib turgan). Har safargi vasvasa tutganidan keyin o‘ziga kelgan Ada, chuqur aqliy zo‘riqish va ruhiy tushkunlik bilan kun o‘tkazar va sarosimadan chiqib ketishga qiynalardi.

Ada Lavleysning yaqin do‘stlari orasida yozuvchi Charlz Dikkens, elektr sohasi bo‘yicha mashhur mutaxassis Charlz Uitston, kaleydoskop ixtirochisi Devid Bryuster, hamda mashhur olim Maykl Faradeylar bo‘lishgan. Shuningdek uning maxfiy xushtorlari ham ko‘p bo‘lgan degan fikrlar mavjud. U eridan tap tortmay begona erkaklar bilan yozishmalar olib borgan. Keyinchalik uning eri o‘ziga ma’qul kelmagan yuzlab xatlarni yoqib yo‘q qilgani ma’lum. Shuningdek Ada Lavleys Charlz Bebbidj bilan birga oxirgi yillarda ot poygalarida pul tikish bilan o‘ynaladigan qimor o‘yinlariga qattiq berilib ketgan edi. Ular qandaydir Jon Kross boshchiligidagi qimorboz-firibgarlar bilan aralashib qolishgan va natijada firibgarlar qimor o‘yinlarda Ada Lavleysni chuv tushirib ketishgan. Oqibatda grafinya katta miqdorda qarzga botgan. U vafot etgan paytda, o‘zining ot poygalarida qarzga tikkan pullari hisobidan 2000 funt-sterling qarzi mavjud edi.

Ayanchli yakun

Qarzga botgan, vaqti-vaqti bilan vos-vos bo‘lib turadigan, hashamatga o‘ch ledi Lavleys navqiron 36 yoshga to‘lgan yili unda saraton xastaligi aniqlandi. Ada tanasida juda qattiq og‘riqlar his qilib, kuchli azob chekardi. Og‘riqlardan vaqtincha bo‘lsa-da xalos bo‘lish uchun grafinya giyohvand moddalar iste’mol qilishga o‘tdi va tez orada endi u qip-qizil giyohvandga aylanib qoldi. Shuningdek u ichkilikka mukkasidan ketdi. Vasvasa tez-tez takrorlangan va og‘riq kuchaygan paytlarda uni odatda ham ichkilik, ham giyohvand moddalar ta’siri ostida, mast-alast holatda topishardi. U turli firibgar folbin va ekstraseans odamlarning ham tuzog‘iga tushib, ularning allambalo aldamchi seanslari uchun ham pul tashiydigan bo‘lib qoldi. Xullas kalom, Ada Lavleys ham ma’nan, ham ruhan, ham jismonan qattiq xastalandi. Nosog‘lom turmush tarzi uni kundan-kunga xarob qilib bordi. Vaziyatga onasining aralashuvi ham unchalik katta naf bermagan. U qizidan giyohvand moddalar va ichkiliklarni yashirib qo‘yardi. Bundan esa Adaning xasta hayoti battar jahannamga aylangan. Onasi qizining bunday azob chekishlari uning o‘tmishdagi gunohlari, xususan, qimor o‘yinlari, hamda eriga qilgan xiyonatlari evaziga to‘langan tovon bo‘ladi deb hisoblagan. U shu tarzda Ada gunohlardan poklanib, tangri huzuriga beg‘ubor boradi deb o‘ylardi. Bundan esa Ada Lavleysning jismoniy va ruhiy iztiroblari battar zo‘rayardi. Onaning o‘z qiziga bunday berahm bo‘lishiga yana bir sabab bo‘lgan: Ada ulg‘aygan paytda boshqa qarindoshlari va tanish bilishlaridan o‘z otasi lord Bayron haqida ko‘plab ma’lumotlarni bilib oladi. U onasi muttasil yomonlaydigan bu odam aslida u darajada badkirdor yomon odam bo‘lmaganini fahmlagan. Shu sababli Ada o‘zini vasvasa tutgan paytlarda, onasiga ko‘pincha otasidan nega mosuvo qilganini tushuntirib berishini talab qilib qolardi. Shu sababli ham ona-bolaning munosabatlari keyingi yillarda juda sovuq bo‘lib qolgandi. Shunday ayanchli taqdir hukmi ostida grafinya Avgusta Ada- King, ya’ni, ledi Lavleys 36 yoshida saraton xastaligi tufayli, jismoniy va ruhiy uqubatlar iskanjasida vafot etdi. Uni otasi lord Bayronning yoniga dafn etishgan.

Adaning asosiy qo‘lyozmalarini va ko‘plab ilmiy ishlarini Charlz Bebbidj saqlab qolgan. Vaqt o‘tishi bilan Ada Lavleysning hayoti haqidagi ma’lumotlar, turli uydirma va bo‘rttirmalar bilan qo‘shib-chatib, yanada vahimali tarzda hikoya qilinadigan bo‘ldi. Chunonchi, u haqida keyinchalik bir necha kitoblar yozilgan va kinofilmlar ishlangan.

Bugungi kunda esa, ledi Lavleysning nomi bilan, har yili «Ada Lavleys kuni« o‘tkazilishi an’anaga aylandi. Ushbu «Ada Lavleys kuni«da odatda yil davomida ayollar tomonidan ixtiro qilingan texnik ishlanmalar, erishilgan ilmiy yutuqlar va ochilgan yangi ilmiy kashfiyotlar namoyish qilinadi. Tarixda ilk dasturchi deb haqli ravishda e’tirof etilishi mumkin bo‘lgan qahramonimiz nomini, zamonaviy kompyuter dasturchilari ham munosib sharaflashgan. Xususan, XX asrning 80-yillarida AQSHlik dasturchilar tomonidan tayyorlangan va xalqaro kataloglarda MIL-STD-1815 shifr bilan qayd etilgan dasturlash tilini «Ada« deb nomlanadi. 1984 yilda ushbu dastur orqali grafinyaning ismi, ya’ni, «Ada« — savdo belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Ada Lavleys 21 yoshda. Rassom Margaret Karpenter chizgan mo‘yqalam asar

 


[1] Uilyam Uevell (1794-1866) — ingliz faylasufi va ruhoniysi. U o‘zining 1840-yilda chop etilgan «Induktiv fanlar falsafasi» asarida «Biz ilm-fan bilan mashg‘ul insonlarni kim deb atashini aniqlab olishimiz zarur. Men uni olim deb atash tarafdoriman« degan taklifni o‘rtaga tashlaydi va shu orqali ingliz tilida muomaladagi «analitik« va «metafizik« atamalari o‘rniga «olim« (sceintist) atamasi keng qo‘llanila boshlagan.

[2] Amerikalik ilmiy-ommabop va fantastik asarlar yozuvchisi Ayzek Azimovning shu nomli romani nazarda tutilmoqda. Romanda odam yasagan robotning vaqt o‘tishi bilan odamdek hissiyotlarga beriladigan bo‘lishi, hamda unda xulq-atvor shakllanib, qisqasi, robot ham insonlar singari fikrlay boshlashi haqida hikoya qilinadi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

O’tmishning buyuk olimlari
Avgusta Ada King — dasturchilarning «momosi»

Manba:orbita.uz