ATOM TOʻQNASHUVLARI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ATOM TOʻQNASHUVLARI haqida malumot bilib oling.

ATOM TOʻQNASHUVLARIatom zarralarining yadro tuzilishi va holati oʻzgarmagan holda oʻzaro taʼsirlashuv jarayoni. Atom toʻqnashuvlari gazlardagi elektr razryadlarida, plazma fizikasi va b. jarayonlarda muhim oʻrin tutadi. Zarralarning oʻzaro taʼsir etish vaqtida ularning umumiy kinetik energiyasi oʻzgarmay saqlanishi yoki ichki energiyasi oʻzgarishi natijasida kinetik energiya muvozanati saqlanmasligiga qarab, Atom toʻqnashuvlari elastik va elastikmas toʻqnashuvlarga; elastikmas Atom toʻqnashuvlari oʻz navbatida 1 – va 2-tur toʻqnashuvlarga boʻlinadi. 1-tur toʻqnashuvlar natijasida zarralarning kinetik energiyasi kamayadi va aksincha, 2-tur toʻqnashuvlarda ularning kinetik energiyasi oʻz ichki energiyalari hisobiga ortadi. 1-tur elastikmas toʻqnashuvlarga elektronlar, ionlar va atomlar urilishi yoki yorugʻlik yutilishi natijasida gazning ionlashish va uygʻonish jarayonlari kiradi. 2 – tur elastikmas toʻqnashuvlarga rekombinatsiya (qarama-qarshi zaryadli zarralarning neytrallashishi), uygʻotilgan atom va elektron orasidagi urilishlar kiradi. Bunday urilishlar natijasida atom normal holatga qaytadi, elektron esa qoʻshimcha kinetik energiyaga ega boʻladi. Elastik Atom toʻqnashuvlariga elektronlar va ogʻir zarralarning sochilishi xamda bir jinsli gaz atomi va ioni oʻrtasidagi elektron almashish jarayoni kiradi. Atom toʻqnashuvlari shu jarayonning effektiv koʻndalang kesimi o va uning toʻqnashuvchi zarralar nisbiy tezligiga bogʻliqligi bilan ifodalanadi. Elastik Atom toʻqnashuvlari qonuniyati bir oz murakkab. Kichik tezlikdagi elektronlar va yengil atom zarralari (N, Ne atomlari va neytron) A. t. kvant mexanika qonunlariga, ogʻir zarralar va katta tezlikdagi elektronlar klassik mexanika qonunlariga boʻysunadi.

Ensiklopediya.uz
ATOM TOʻQNASHUVLARI