ATMOSFERA FRONTLARI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ATMOSFERA FRONTLARI haqida malumot bilib oling.

ATMOSFERA FRONTLARI — meteorologik elementlari har xil boʻlgan ikki havo massasini ajratuvchi zonalar. Atmosfera frontlarida meteorologik elementlar gorizontal yoʻnalishda keskin oʻzgaradi. Yer yuzasiga yaqin qatlamda oʻtish zonasining eni, odatda, 100 km dan oshmaydi. Atmosfera frontlari yer sirtiga nisbatan qiya yoʻnalib, salqin havo zichroq boʻlganligi uchun iliq havo ostiga pona shaklida kiradi, Yerga nisbatan juda yotiq, deyarli gorizontal joylashgan. Ajratuvchi zonaning gorizontal yoʻnalishdagi kengligi bir necha yuz km boʻlsa, bunday zona front zonasi deb ataladi. Atmosfera frontlari qancha tez xarakat qilsa, meteorologik elementlar shuncha keskin oʻzgaradi. Shuning uchun Atmosfera frontlarida kuchli vertikal oqimlarni, turli bulutlar shaklini, yogʻinlarni, xullas, ob-havoning keskin oʻzgarishlarini kuzatish mumkin. Atmosferaning umumiy sirkulyatsiyasidagi ahamiyatiga qarab, Atmosfera frontlarini arktik, qutb havosi orasidagi arktik, qutbiy va tropik hamda ekvatorial havo orasidagi tropik xillarga ajratish mumkin. Baʼzi vaqnlarda keng gorizontal havo massalari ichida ikkinchi darajali front ham hosil boʻladi. Front salqin havo tomonga harakatlansa, salqin front deb yuritiladi. Odatda, salqin front iliq frontga qaraganda tezroq harakatlanadi. Shu sababli, baʼzan, salqin front iliq frontga yetib olib, qoʻshilib ketadi. Bunday Atmosfera frontlari okklyuziya fronti deb yuritiladi. Iliq havo salqin front boʻylab yuqoriga koʻtarilsa, anafront, pastga qarab yoʻnalsa, katafront deyiladi.

Odatda, Oʻrta Osiyoda salqin frontlarning oʻtishi ob-havoning keskin oʻzgarishlari (yomgʻir, qor, haroratning pasayishi, kuchli shamol)ga olib keladi, Jala, momaqaldiroq va b. tingach, salqin front chizigʻidan keyin ob-havo ochilib ketadi. Iliq front oʻtganda esa ob-havoda keskin oʻzgarishlar yuz bermaydi, kamdan-kam hollarda yogʻingarchilik boʻladi.

Ensiklopediya.uz
ATMOSFERA FRONTLARI