ASTROSPEKTROSKOPIYA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ASTROSPEKTROSKOPIYA haqida malumot bilib oling.

ASTROSPEKTROSKOPIYA (ostro… va spektr…, yun. skopeo — qarayman) — osmon yoritqichlari nurini spektrga yoyib tahlil qiladigan, unga asoslanib ularning fizik holati, kimyoviy tarkibi, harakati, shuningdek yulduzlararo muhitdagi moddaning xususiyatlarini tekshiradigan astrofizik usul. Osmon yoritqichlari spektri teleskopga oʻrnatilgan tirqishli yoki tirqishsiz spektrograf vositasida olinadi. Tirqishli spektrografda bir vaqtning oʻzida bitta yulduz spektrini olish mumkin. Obyektivi oldiga prizma oʻrnatilgan astrograf birdaniga bir necha oʻn va yuz yulduz spektrini olishga imkon beradi. Astrospektroskopiya asosiy masalalari osmon yoritqichi spektrini suratga tushirish yoki lentaga yozib olish va unda energiyaning taqsimlanishini, spektral chiziqlar toʻlqin uzunliklarini oʻlchash va bu chiziqlar qanday kimyoviy element atomlariga tegishli ekanini aniqlashdan iborat. Buning uchun osmon yoritqichi spektri ustiga va tagiga etalon spektral chiziqlari bor lab. manbaining spektri ham tushiriladi. Yoritqichning spektral chiziqlari manba chiziqlariga taqqoslanadi va ularga nisbatan toʻlqin uzunliklari oʻlchanadi. Shunday yoʻl bilan yoritqich atmosferasida qanday kimyoviy elementlar borligi aniqlanadi. Kuzatilgan chiziqlarning etalon chiziqlarga nisbatan siljishiga koʻra yoritqichning nur yoʻnalishidagi (nuriy) tezligi topiladi. Mas, Galakti-kalar spektrida chiziqlarning qizilga siljishi (Dopler effekti).

Aniq fizik maʼlumotlar yoritqich spektrini fotometriyalash yoʻli b-n olinadi. Spektrda energiyaning taqsimlanishi yoritqichning t-rasini ulchashga, spektral chiziqlarni fotometriyalash yoritqich atmosferasining mikdoriy, kimyoviy tarkibini, t-rasini, zichligini aniqlashga imkon beradi. Yulduzlarning kimyoviy tarkibi umuman olganda bir xil boʻlib, asosan, vodorod va geliydan iborat, ularning spektri tarkibiga va chiziqlarining intensivligiga koʻra bir-biridan farq qiladi. Spektral chiziqlarning intensivligiga koʻra yulduzlar spektral sinflarga ajratilgan. Bunday ajralish asosida t-ralarning har xilligi yotadi. Yulduzlarning spektral sinfi bilan ularning yorqinligi (toʻla energiyalari) orasida bogʻlanish mavjud. U spektr-yorqinlik yoki Gershprung-Ressel diagrammam deyiladi. Osmon yoritqichlaridagi barcha kimyoviy elementlar Yerda ham bor. Baʼzi elementlar (mas, geliy) avval Quyosh, yulduz va tumanliklarda, keyinchalik esa Yerda topilgan. Spektral tahlil osmon yoritqichlarini oʻz oʻqi atrofida, qoʻshaloqligi koʻrinmaydigan zich juft yulduzlarning umumiy massa markazi atrofida aylanishini (spektral qoʻshaloq yulduzlar) oʻlchashga va oʻrganishga, yoritqichlarning magnit maidonini oʻlchashga (q. Zeyeman effekti) imkon beradi.

Isroil Sattorov.

Ensiklopediya.uz
ASTROSPEKTROSKOPIYA