ASTRONOMIYA INSTITUTI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ASTRONOMIYA INSTITUTI haqida malumot bilib oling.

ASTRONOMIYA INSTITUTI, Oʻzbekiston FA Ulugʻbek nomidagi Astronomiya instituti — Turkiston oʻlkasida xaritalashtirish va iqlimni oʻrganish maqsadida Turkiston Harbiy topografiya boʻlimi qoshida Toshkent astronomiya rasadxonasi sifatida 1873-y. tashkil qilindi. 1966-y. da Astronomiya institutiga aylantirildi. In-tda «Oʻzgaruvchan yulduzlar», «Quyosh fizikasi», «Galaktika astronomiyasi va kosmogoniya», «Kosmik geodinamika», «Maydanak togʻ rasadxonasi» boʻlimlari va uning faoliyatini taʼminlovchi Kitob astronomiya rasadxonalari majmui bor. In-tning 25 ga yaqin astronomik teleskoplari Maydanak togʻ rasadxonasida (Qashqadaryo viloyati), Kitob sh. da, Chimyon (Toshkent viloyati) yaqinidagi Qumbel togida va Toshkent hududida oʻrnatilgan. Bular orasida Oʻrta Osiyoda yagona, koʻzgusining diametri 1,5 m boʻlgan teleskop va oʻta noyob koʻp uyali yorugʻlik matritsasiga ega Quyosh teleskopi bor (1998).

Dastlab, asosan, astrometriya va yulduz astronomiyasi yoʻnalishlari boʻyicha ishlarrivojlangan. Ilgari meridian astrometriya boʻlimi (L. L. Matkevich, M. F. Bikov, Gʻ. Jalolov, I. M. Borodiskiy, O. S. Tursunov va b.), fotografik astrometriya boʻlimi (A. A. Latipov, S. N. Nuritdinov, Sh. Pirimqulov, A. Rahimov, A. Qodirov, H. Eshmuhamedov va b.) i. t. ishlari olib borgan. Keyinchalik ushbu ikki boʻlim birlashib, astrometriya boʻlimi deb nomlandi va i. t. ishlarini davom ettirdi (L. I. Bashtova, Yu. Boltaboyev, E. Rahmatov, G. G. Xodak, E. Mirmahmudov va b.). Ilgarigi vaqt boʻlimi — kundalik vaqt xizmatidan tashqari, passaj asboblarning izchil xatolarini topish va tuzatish, joyning geografik kenglamasini aniqlash, qitʼalarning harakatini oʻrganish va yulduzlarning maxsus katalogini tuzish b-n shugʻullangan (V. P. Shcheglov, B. V. Yasevich, T. Nuraliyev, E. Sanaqulov va b.). Yerning oʻz oʻqi atrofida notekis aylanishi muammolarini oʻrganish bilan Kitob kenglama st-yasi xodimlari A. M. Kalmikov, B. Mahamatgʻoziyev, S. Eshonqulov va b. shugʻullangan. Astronomiya institutida Oʻrta Osiyo astronomiya tarixiga doir muhim ilmiy asarlar ham yaratilgan (V. P. Shcheglov, F. Jalolov).

Oʻzgaruvchan yulduzlar boʻlimi dastlab nostatsionar turli yulduzlarni kuzatish, ular nurlanishining fotometriyasi va yulduzlararo muhitda yutilishi boʻyicha tadqiqotlar olib borgan (V. S Shevchenko, G. I. Shanin, M. M. Zokirov, A. S. Xoʻjayev, N. Kilyachkov va b.). Hozir esa bu boʻlim asosan yulduzlarning tugʻilish oʻchoqlarini va turli nostatsionar yulduzlarni kuzatish bilan shugʻullanadi (K. Grankin, M. Ibragimov, V. S. Shevchenko va b.). Maydanakda bajarilgan koʻp yillik fotometrik kuzatuvlar asosida yulduz paydo boʻlishi sohalaridagi yosh nobarqaror yulduzlar atm. laridagi fizik jarayonlar, zich qoʻshaloq sistemalarning xususiyatlari oʻrganilmoqda. Quyosh fizikasi boʻlimi Quyoshdagi chaqnashlar, dogʻlar va faollik komplekslari tabiatini oʻrganadi (Yu. M. Slonim, I. Sattorov, 3. B. Korobova, K. Kulishova, Sh. A. Egamberdiyev). Keyingi oʻn yillikda boʻlimda gelioseysmologiya deb nomlangan yangi yoʻnalish — Quyosh ichki tuzilishini oʻrganishga doir tadqiqotlar IRIS va TON xalqaro dasturlari doirasida amalga oshirilmoqda (Sh. A. Egamberdiyev, S. P. Ilyosov, Sh. S. Xoliqov, I. M. Xamitov va b.). Fransiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Tayvan, Marokash, Chili, Avstraliya va b. davlatlarning astronomik muassasalari bilan bevosita aloqalar oʻrnatilgan. Gamma-nurlar manbalarini tadqiq etish maqsadida 1986-y. yuqori energiyalar astrofizikasi boʻlimi tashkil etildi (T. S. Yoʻldoshboyev va b.). 1995-y. dan boshlab bu sohadagi tadqiqotlar Oʻzbekiston FA Fizika-texnika in-tida davom ettirilmoqda. 1996-y. da Galaktika astronomiyasi va kosmogoniya boʻlimi tuzildi (S. N. Nuritdinov). Boʻlimda Seyss Qoʻshaloq astrografi va Toshkentdagi Normal astrografda olingan yulduz sistemalari kinemati-kasiga oid maʼlumotlarni tahlil qilish (A. A. Latipov, A. A. Rahimov, E. Rahmatov) va Galaktikamizning tuzilishini nazariy asoslash maqsad qilib qoʻyilgan. Hoz. kunda galaktikalar fizikasida birinchi bor spiral galaktikalar taraqqiyotining kollaps davri uchun nazariy modellari qurilib, ularning gravitatsion beqarorligi muammolari va Galaktikamiz tekislik tashkil etuvchi qismi tuzilishi tadqiq etilmoqda (S. N. Nuritdinov, M. Moʻminov va b.). Kosmik geodinamika boʻlimi 1997-y. Kitob kenglik st-yasi va Vaqt xizmati boʻlimlari asosida ochilgan; u joy koordinatalarini aniqlash va oʻzgarishini kuzatib borish, qitʼalarning harakatini tadqiq etish, Yerning oʻz oʻqi atrofida aylanishidagi notekisliklar qonuniyatlarini aniqlash masalalari bilan shugʻullanadi. Boʻlimda GPS, PRARE (Germaniya) va DORIS (Fransiya) yoʻldosh sistemalarining yerdagi radiotexnik uskunalari oʻrnatilgan.

Oʻzbekistonda astronomiya tarixi va kelajagini Maydanak togʻ rasadxonasisiz tasavvur etib boʻlmaydi. 1996—97 y. larda Birlashgan Yevropa Jan. rasadxonasi bilan hamkorlikda oʻta zamonaviy uskuna yordamida oʻtkazilgan kuzatishlar (Sh. A. Egamberdiyev, S. I. Ilyosov) bu rasadxona jahonning mashhur rasadxonalari qatorida turishini tasdiqladi. Natijada in-t jahonning birnecha yirik astronomik markazlari bilan hamkorlikda ular keltirgan asbob-uskunalar yordamida tadqiqotlarni boshlab yubordi. Bular orasida AQSHning Van Vlek va Pittsburg un-tlari rasadxonalari, Rossiya va Litva astronomik muassasalari bor. 1997-y. da Oʻzbekiston va Ukraina oʻrtasida Maydanak togʻida optik astronomiyani rivojlantirish toʻgʻrisida shartnoma imzolandi. Oʻzbekiston astronom olimlari Rossiya FA nashr qiladigan «Astronomicheskiy jurnal»da oʻz maqolalari bilan qatnashib turishadi.

Shuhrat Egamberdiyev.

Ensiklopediya.uz
ASTRONOMIYA INSTITUTI