ASTATIK ROSTLAGICH haqida malumot bilib oling.
ASTATIK ROSTLAGICH — rostlash tizimiga tashki omil taʼsir qilganda ham rostlanuvchi miqdor qiymatini bir meʼyorda tutib turadigan avtomatik qurilma. Buning uchun rostlash sxemasiga integrallovchi zveno kiritiladi. Mas, suv sathini astatik rostlash qurilmasida suv qancha sarf boʻlishidan qatʼi nazar, rostlanuvchi miqdor (suv sathi) faqat maʼlum qiymatdagina barqaror holatga keladi; bu holat rele oʻrta kontaktining neytral vaziyatiga mos keladi. Astatik rostlagich quyidagicha ishlaydi: suv sarfi oshganda qalqovuch pastga tushib, yuqori kontaktni ulaydi, elektr dvigatel ishlay boshlaydi, zulfin ochiladi, suv kela boshlaydi. Suv sarfi kamayganda qalqovuch koʻtariladi va pastki kontaktni ulaydi. Elektr dvigatel ishlab, zulfinni berkitadi, suv kelishi toʻxtaydi. Bu A. r. ni boshqa suyuqliklarga ham qoʻllash mumkin.
Ensiklopediya.uz
ASTATIK ROSTLAGICH