ASSIDIYALAR haqida malumot bilib oling.
ASSIDIYALAR (Ascidia) — qobiqlilar kenja tipining sinfi. Uz. 0,1 mm dan 30 sm gacha, yakka yoki koloniya boʻlib yashaydi. Xaltasimon tanasi qalin qobiq (tunika)ga oʻralgan, ustki tomonida ogʻiz teshigi va kloaka sifoni joylashgan, ostki tomoni bilan suv tubiga yopishgan. Halqumi devorida joylashgan juda koʻp jabra yoriqlari jabra oldi boʻshligʻiga ochiladi. Bu boʻshliqqa jinsiy yoʻllar, kloakaga orqa ichak ochiladi. Ikkilamchi tana boʻshligʻi halqum devoridan hosil boʻlgan bir juft nay — perikard va epikarddan iborat. Voyaga yetgan Assidiyalarda xorda, nevrotsel kabi xordalilar uchun xos boʻlgan belgilar boʻlmaydi, lekin lichinkasida bu organlar rivojlangan. Jinsiy va jinssiz yoʻl bilan koʻpayadi. Lichinkasi erkin yashaydi. Assidiyalarga bir necha turkum, 100 urugʻ va 2000 ga yaqin tur kiradi. Deyarli hamma dengizlarga tarqalgan.
Ensiklopediya.uz
ASSIDIYALAR