Assalom, yangi Oʻzbekiston!
Assalom, yangi Oʻzbekiston!
DO`STLARGA ULASHING:
Buyuk tarixiy hodisa – Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida oʻzbek tilida soʻzlagan nutqini tinglab…
Turkiyada chiqadigan “Jumhuriyat” gazetasi oʻzining 21-sentabr sonida “Oʻzbek tili BMTda” sarlavhali maqola eʼlon qildi. Savol tugʻilishi tabiiy: Bu shunchalik ahamiyat qilinishi kerak boʻlgan hodisami? Uning ijtimoiy-siyosiy maqomi naqadar muhimmi?
Mohiyatan qaraganda, mustaqil boʻlganimizga qariyb oʻttiz yil boʻlmoqda. Oʻtgan davrda iqtisodiy-siyosiy, harbiy va joʻgʻrofiy jihatdan egamenligimizning kuchli asoslari yaratilgani ayni haqiqat. Biroq oradan shuncha vaqt oʻtsa-da, boshqaruv mexanizmi, davlat tizimidagi ish yuritish, jamiyat, ayniqsa, siyosiy elita tafakkuridagi eski qoliplarni sindirish qiyin kechdi. Yanayam aniqroq aytadigan boʻlsak, bunga istak va xohishning oʻzi ham boʻlmadi. Bu esa davlat va jamiyat hayotida sunʼiy – gibrid qadriyatni shakllantirdi. Sobiq shoʻro davrida shakllangan, taʼbir joiz boʻlsa, qoʻltigʻiga suv purkab turilgan kommunistik konservatizm va yoshlar orasida ommalashgan kosmopolitizm mustaqil Oʻzbekiston – maʼjoziy tilda aytganda, oʻzbek jamiyatini milliy oʻzlik-identitetidan xiyla nari surib keldi. Bu, eng avvalo, mamlakatda rasman davlat tili, deb eʼlon qilingan oʻzbek tilining “oyoqqa” turishini cheklab tashladi. Oʻtgan 30 yil ichida rasmiy maqomdagi oʻzbek tili aholisining 80 foizini oʻzbeklar tashkil etadigan jamiyatda siyosat va fan tiliga aylanolmadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi bu galgi chiqishi uning mazkur xalqaro tashkilot ishidagi ikkinchi ishtiroki hisoblanadi. Mamlakatimiz rahbari bundan oldin 2017-yil 12-sentyabrda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh shtab kvartirasida chiqish qilgan edi. Uch yil oldingi nutqida Yurtboshimiz dunyo minbaridan turib mintaqa va jahon hamjamiyati uchun muhim sanalgan umumsiyosiy masala va takliflarni oʻrtaga tashlagan edi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini yoʻlga qoʻyish, BMTning “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish, BMTning Yoshlar huquqlari boʻyicha konvensiyasini ishlab chiqish, Orolboʻyi muammosiga eʼtiborni oshirish va Afgʻoniston muammosini hal etish shular jumlasidandir. Eʼtiborlisi shundaki, hozirgacha ushbu takliflarning 4 tasi amalga oshdi. Xususan, mintaqa davlatlari (Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston) rahbarlarining maslahat uchrashuvlari muntazamlik maqomini oldi. 2018-yilda BMT Bosh Assambleyasi “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” maxsus rezolyutsiyasini tasdiqladi, shu yili Orolboʻyi mintaqasida insonlar xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik asosidagi Trast fondi ish boshladi.
Ayni paytda BMTning yoshlar huquqlari boʻyicha konvensiyasi loyihasini yaratish jarayoni qizgʻin pallada. Aynan shu formatda inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumlarining oʻtkazilayotgani maqsad sari jiddiy qadam tashlanganini anglatadi, albatta.
Oʻtgan gal oʻrtaga tashlangan masala va takliflar ichida alohida bir masala bor ediki, bu nafaqat mintaqa, balki dunyo hamjamiyati tinchligi va barqarorligi uchun ham oʻta muhim hisoblanadi. Bu – “Afgʻon muammosi”.
2018-yil martida Toshkentda Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya tashkil etilib uning yakunlari boʻyicha maxsus deklaratsiya qabul qilindi. Bugun hech ikkilanmay aytish mumkinki, poytaxtimizda oʻtkazilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi xalqaro konferensiya Oʻzbekistonning afgʻonlararo tinchlik jarayonini faollashtirishga qoʻshgan hal qiluvchi hissasi boʻlgan edi. Oʻzbekiston va Afgʻoniston Prezidentlari, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy aʼzolari boʻlgan mamlakatlar, mintaqaning yetakchi davlatlari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etgan yigʻinda Oʻzbekiston Prezidenti chiqish qilar ekan, Afgʻonistondagi mojaroni hal qilish yoʻllarining aniq strategik yondashuvlarini koʻrsatib, “afgʻon siyosati”ga doir ustuvor yoʻnalishlarni belgilab bergandi. Ular bugunga kelib Afgʻonistonda tinchlikni qaror toptirish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarni faollashtirish asosiga aylandi.
Toshkent deklaratsiyasi asosida qariyb ikki yil davom etgan xalqaro miqyosdagi saʼy-harakatlar natijasida 2020-yilning 29-fevral sanasida Qatar poytaxti Dohada Amerika Qoʻshma Shtatlari va “Tolibon” harakati oʻrtasida tinchlik bitimi imzolandi.
Mazkur anjumandan soʻng dunyoning rivojlangan “aql markazlari”, nufuzli ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari oʻz taxminlarini bayon qilishdi. Tahlilchilar Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiyani oʻtkazish tashabbusi oʻz vaqtida boʻlgani va dolzarb ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlashdi. Buning natijasini kechagina Qatar poytaxti Doha shahrida Afgʻoniston hukumati va “Tolibon” guruhi oʻrtasida uzoq kutilgan inklyuziv muzokaralar boʻlib oʻtgani va bu uchrashuvlar mohiyatan afgʻonlararo umummilliy yarashuvga mustahkam poydevor yaratishi bilan nihoyatda ahamiyatli, deya eʼtirof etilganida ham koʻrish mumkin. Chunki bungacha ushbu oʻlkada oʻtgan 40 yil maboynida tinchlik oʻrnatish boʻyicha biror-bir samarali muzokara oʻtkazilmagan.
Davlatimiz rahbari bu safargi nutqida ham xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator masalalar yuzasidan muhim tashabbuslar bilan chiqdi. Xususan, mintaqa va global miqyosda tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambagʻallikni qisqartirish masalalarini oʻrtaga tashladiki, ular bugun butun insoniyatni oʻylantirmoqda. Darhaqiqat, davlatimiz rahbari muhim masala sifatida qayd etgan qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka barham berish bugun barcha davlatlar va jamiyatlar uchun bir xil dolzarblik kasb etayotgani bor gap. “Fuqarolar adolatsizlikdan shikoyat qilishi va ular bir mintaqada boshqasidan farq qilishi kutilmagan narsa emas. Ushbu muammolarga iqtisodiyoti boy mamlakatlar ham, rivojlangan demokratik davlatlar ham duch keladi”, deydi Markaziy Osiyoda islom dini tadqiqotchisi Noy Takker Jorj Vashington universiteti qoshidagi Yevropa, Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari institutining “Markaziy Osiyo” dasturi vebsaytida bosilgan “Xudosiz terrorizm: Markaziy Osiyodagi radikallashuv va radikallashuvga qarshi kurash modellarini qayta koʻrib chiqish” deb nomlangan tadqiqotida. Haqiqatdan ham bugun patakga tushgan qurtday insoniyat xotirjamligini kemirayotgan xalqaro terrorizm va radikalizm motivida faqat diniy yoki irqiy-etnik emas, balki iqtisodiy “boʻyoq”lar, yaʼni moʻmay pul ishlashga boʻlgan ishtiyoq koʻzga boʻrtibroq koʻrinib qolganini koʻpchilik tan olmoqda.
Prezidentimizning mazkur maʼruzasidan kelib chiqib, qayd etish kerak boʻlgan yana bir jihat bor. Maʼlumki, davlatimiz rahbari shu yil boshida Oliy Majlisga qilgan murojaatida 2021-2023-yillar mobaynida BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo boʻlish masalasini bayon etgan edi. Tan olish kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda ushbu jabhada dadil qadamlar tashlandi. Diniy va siyosiy sabablar bilan hibsda ushlab turilgan mahbuslar sonining keskin qisqarishi, matbuot va soʻz erkinligining taʼminlanayotgani, erkin saylovlar yoʻlidagi islohotlar shular jumlasidandir.
Soʻzimizni Turkiyaning “Jumhuriyat” gazetasida chiqqan maqola va turk matbuoti alohida eʼtirof etgan omil – buyuk millatimiz tomirlarida qon misol gupirib turgan, biroq uzoq yillar mustamlaka jabrini tortib, roʻzgʻor va maishiy mavzular tiliga aylanib qolgan ONA TILImiz haqidagi mulohazalardan boshlagan edik.
Darhaqiqat, Prezidentimizning oʻz maʼruzasini ona tilimizda bayon etishi yuz yillik tariximizdagi nafaqat ijtimoiy, balki chuqur siyosiy hodisa hamdir. Mohiyat-eʼtibori bilan bu harakat chin maʼnodagi milliy davlat barpo etish yoʻlidagi shahd ortga qaytmas ekanini koʻrsatadi. Bu esa davlatimiz va millatimizning toji, eng oliy nishoni boʻlgan ona tilimizning qadrini yana-da baland qiladi.
Qudratilla RAFIQOV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi,
siyosatshunos
O‘zA
Assalom, yangi Oʻzbekiston!