Asqad Muxtor (1920–1997)

Asqad Muxtor (1920–1997)

Asqad Muxtor (1920–1997)

Mundarija скрыть
Asqad Muxtor (1920–1997)
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor “Opa-singillar”, “Tugʻilish”, “Davr mening taqdirimda”, “Chinor” romanlari, bir qator qissa, hikoya va dramalari, kuzatuvlarga asoslangan falsafiy lirikasi, jahon adabiyoti namunalaridan badiiy yuksak tarjimalari bilan XX asr oʻzbek adabiyotiga katta hissa qoʻshgan soʻz sanʼatkoridir.
Atoqli shoir, nosir va dramaturg, tarjimon Asqad Muxtor 1920 yilning 23 dekabrida Fargʻona shahrida temir yoʻl ishchisi oilasida tugʻildi. Oʻn bir yoshida otasidan yetim qolib, bolalar uyida tarbiyalandi. Maktabni tugatgach, Oʻrta Osiyo Davlat universitetida tahsil oldi. Soʻng Andijon pedagogika institutida oʻzbek adabiyoti kafedrasining mudiri boʻlib xizmat qildi.
Asqad Muxtorning Toshkentga kelishi shaxsiy hayotida hamda ijodiy faoliyatida yangi sahifa ochdi. U respublikamiz markaziy gazeta-jurnallari tahririyatlarida boʻlim mudiri, masʼul kotib, “Sharq yulduzi” jurnalida (1960–1965) bosh muharrir, Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi kotibi (1957) singari masʼul lavozimlarda faoliyat yuritdi. “Guliston” jurnali hamda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida bosh muharrirlik qildi.
Asqad Muxtor “Tilak”, “Tong edi”, “Totli damlar” singari ilk sheʼrlarida (1935–1938) sheʼriyatning maqsad va vazifasini, shoirning jamiyat oldidagi burchini aniklab olishga intiladi. U sheʼriyatga “qalbga qanot”, “dardga davo” beruvchi deb qaraydi.
Shoir Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan “Gʻalaba ishonchi”, “Jangchining bayram kechasi”, “Tugʻishganlar qaytdi”, “Sogʻinish”, singari qator sheʼriy asarlarini yaratib, xalqni fashist bosqinchilariga qarshi kurashga undadi. Tinchlik yillarida yurtimiz tabiiy boyliklarini, xalq hayotidagi oʻzgarishlarni tasvirlovchi “Poʻlat quyuvchi” (1947), “Hamshaharlarim” (1949), “Rahmat, mehribonim” (1954), “Chin yurakdan” (1956) sheʼriy kitoblarini yozdi.
Yozuvchining “Daryolar tutashgan joyda” (1950), “Qoraqalpoq qissasi” (1958), “Buxoroning jin koʻchalari” kabi qissalarida, “Opa-singillar” (1955), “Tugʻilish” (1963), “Davr mening taqdirimda” (1964), “Chinor” (1973) “Amu” kabi romanlarida zamonamizning muhim muammolari oʻz ifodasini topgan. “Chin yurakdan” (1956) sheʼriy kitobi, “Hayotga chaqiriq” (1956), “Dunyo bolalari” (1962) hikoyalar toʻplami oʻzbek bolalar adabiyoti xazinasini boyitdi. Asqad Muxtorning “Mardlik choʻqqisi” (1948), “Yaxshilikka yaxshilik” (1949), “Samandar” kabi pyesalari tomoshabinlar va oʻquvchilar qalbidan chuqur joy oldi.
Sofokl, A. Pushkin, M. Lermontov, R. Tagor, M. Gorkiy, T. Shevchenko, A. Blok, V. Mayakovskiy, A. Korneychuk asarlari Asqad Muxtor tarjimasida oʻzbek kitobxonlarining maʼnaviy mulkiga aylangan.
Asqad Muxtor lirik shoir, taniqli adib, mohir tarjimon sifatida oʻzbek madaniyati taraqqiyotiga katta hissa qoʻshdi. U “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” unvoni va Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

Asqad Muxtor (1920–1997)