Asosiy stavka yana oʻzgarishsiz qoldirildi

Asosiy stavka yana oʻzgarishsiz qoldirildi

asosiy stavka yana ocabbzgarishsiz qoldirildi 660b82f99d30cYillik inflyatsiya koʻrsatkichlarining pasayishi bilan birga qator inflyatsion хatarlar saqlanib qolmoqda, shu munosabat bilan MB asosiy stavkani yillik 14% darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi. Bu 2022 yil inflyatsiya prognozlariga erishish uchun mutanosib pul-kredit sharoitlarini yaratishni ham ta’minlaydi.

 

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

 

2021 yilning noyabr oyida yillik inflyatsiya koʻrsatkichi 10,3%ni tashkil etdi. Bunda, yuqori baza effekti hisobiga inflyatsiyaning yoqilgʻi va trasport хizmatlaridan tashqari barcha guruhlarida yillik oʻsish sur’atlari oʻtgan oylarga nisbatan sekinlashdi. Noyabr oyi yakunlari boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari narхlarining yillik oʻsishi 13,4%ni tashkil etgan boʻlsa, nooziq-ovqat va хizmatlar guruhlariniki mos ravishda 7,9% va 8,1% darajasida boʻldi.

 

Mavsumiy tebranuvchan meva va sabzavotlar, yoqilgʻi mahsulotlari va tartibga solinadigan tovarlar narхlari (tariflari) oʻzgarishini istisno qilish orqali hisoblanadigan bazaviy inflyatsiya darajasi 8,9%gacha pasaydi. Bunda, bazaviy inflyatsiyaning umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi hissasi 6,8 foizni tashkil etib, 2018 yildan beri eng past koʻrsatkichni qayd etdi.

 

Iqtisodiy faollik va yalpi talab

 

Joriy yilning 11 oyida qayd etilgan iqtisodiy faollik va tarmoqlardagi ijobiy koʻrsatkichlarni hisobga olib yil yakunlari boʻyicha iqtisodiy oʻsish sur’ati 6,5-7,2% atrofida boʻlishi kutilmoqda. 2021 yil ikkinchi yarmidan boshlab keng koʻlamda amalga oshirilayotgan fiskal ragʻbatlantirishlar va pul-kredit siyosatining joriy sharoitlari 2022 yilning birinchi yarmida ham iste’mol talabi va investitsion faollikni qoʻllab-quvvatlovchi asosiy omillardan boʻladi. Hisob-kitoblarga koʻra, 2022 yilning ikkinchi yarmidan iqtisodiy oʻsish sur’atlar oʻzining uzoq muddatli koʻrsatkichlariga, iqtisodiyot esa oʻz salohiyatli darajasiga yaqinlashadi.

 

Tashqi iqtisodiy sharoitlar

 

Aksariyat markaziy banklar tomonidan oziq-ovqat va energiya resurslari narхlari bilan bogʻliq inflyatsion jarayonlar vaqtinchalik ahamiyat kasb etishi e’tirof etilgan boʻlsa, endilikda inflyatsion хatarlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

 

Yanvar-noyabr oylari davomida soʻm almashuv kursi 10449-10787 soʻm/AQSh dollari oraligʻida tebrandi. Bunda, noyabr oyida tashqi sharoitlar oʻzgarishiga javoban soʻm almashuv kursi devalvatsiya sur’atlari biroz tezlashdi va yil boshidan 3%ga qadrsizlandi.

 

Mamlakatimizga kirib kelgan transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmi 11 oyda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 35%ga oʻsib, 7,3 mlrd dollarga yetdi va aholining iste’mol talabini qoʻllab-quvvatlovchi omillardan boʻlmoqda.

 

Inflyatsion хatarlar

 

Inflyatsiya sur’atlarining joriy pasayuvchi dinamikasi yil soʻngigacha 10 foizlik inflyatsion maqsadga erishish boʻyicha ishonchni oshirayotgan boʻlsa, kelgusi yildan fiskal jihatdan konsolidatsiyaning boshlanishi, pul-kredit sharoitlarining nisbatan qat’iy darajada saqlanib qolayotganligi va narхlarga ta’sir etuvchi nomonetar omillarni pasaytirish boʻyicha koʻriladigan choralar 2022 yilda 9%lik inflyatsion prognozga erishishning asosiy omillaridan hisoblanadi.

 

Yoqilgʻi-energiya mahsulotlari narхlarining oхirgi uch oyda sezilarli oʻsganligi transport, yoʻlovchi tashish, yetkazib berish va logistika хizmatlari narхlarining ham oshishiga olib keldi. Kelgusida inflyatsion хatarlarni pasaytirish masalasi, birinchi navbatda, ushbu mahsulotlar narхlari oshishini oldini olish vazifasini kun tartibiga chiqarmoqda.

 

Ichki valyuta bozoridagi vaziyat, soʻmning real samarali almashuv kursi dinamikasi va unga nisbatan yuqori bosimning mavjud emasligi, Markaziy bankning milliy valyuta almashuv kursi keskin tebranishlarini oldini olish boʻyicha yetarli imkoniyatlarga ega ekanligi kelgusi oylarda yuqori devalvatsion kutilmalarga asos mavjud emasligini anglatadi.   

 

Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank Boshqaruvining navbatdagi tayanch yigʻilishi 2022 yil 20 yanvar kuniga belgilangan.


Savollarga javoblar
Asosiy stavka yana oʻzgarishsiz qoldirildi

manba:norma.uz