Asli qora — oqarmas! to’liq malumot oling
Yoshim o’ttizda, oliy ma’lumotliman. Uchta farzandim bor. Turmush o’rtog’im bilan sevishib turmush qurganmiz. Ammo… Rostini aytsam, bu dunyoda sevgi-muhabbat yo’q ekan. Kishi «sevdim», deya parvonaga o’xshab aldanib, qanotini kuydirib qo’yganini o’zi bilmay ham qolar ekan.
Mundarija
скрыть
Men ham ota-onam qarshilik qilsa-da, ularni norozi qilib, turmushga chiqqan edim. Avvaliga u ko’zimga juda yaxshi inson bo’lib ko’ringandi. Ammo birgalikdagi hayotim davomida shuni bildimki, dunyoda undan tubanroq odam yo’q ekan.
To’yimizdan hech qancha vaqt o’tmay, qandaydir bir qiz yig’lab uyimizga keldi. Aytishiga qaraganda, erim uning hayotini barbod qilgan ekan. Erim «O’laman sattor, bu qizni tanimayman», deb turib oldi. Uning gaplariga ishondim. «Erimda ko’ngli bo’lsa, unga uylanmagani uchun shu yo’l bilan alamini olayotgandir-da» degan xayolga bordim. Lekin, baribir, dilimda gumon qoldi. Chunki bu paytda erimning hatti-harakatlarida shubhali holatlar paydo bo’la boshladi. Uxlab yotganimizda yarim kechasi telefoni jiringlab qolsa, erim negadir boshqa xonaga o’tib gaplashar, bu suhbatlar ba’zan tongacha davom etardi. Kimligini so’rasam, «Bir o’rtog’im», deya ko’zini mendan olib qochardi. To’yimizga bir yil to’lay deganda homilador bo’ldim. Ammo homilam ikki oy o’tmay nobud bo’ldi. Oradan biroz vaqt o’tib, ikkinchi farzandimga homilador bo’ldim. Biroq u ham uzoqqa bormadi. Shifokorlarga uchrab, sababini so’rasam, qonda qanaqadir virus bo’lsa, homila tushib qolishini, shu bois to’liq tekshiruvdan o’tishim lozimligini aytishdi. Tekshiruvlar natijasida shu narsa ma’lum bo’ldiki, qonimda TORCH infeksiyasining beshala turi ham bor ekan. Bu virus, asosan, yomon yo’llarga yurish oqibatida insonga yuqarkan. «Eringiz ham tekshiruvdan o’tib, birga davolanishinglar kerak», deyishdi. Erimga aytsam, «O’zing yomon yo’llarga yurib yuqtirgansan, mendan ko’rma», deya peshgirlik qildi. Uning gapidan jonim halqumimgakelsa-da, tishimni-tishimga qo’yib chidadim. Chunki «Shu erkakni yomon yo’lga yurishdan qaytaraman», deya o’zimga o’zim so’z bergandim. Erimga goh yaxshi gapirib, goh janjallashib, ikkalamiz birgalikda davolanishga ko’ndirdim. Shukrki, tuzalib ketdik va birinchi farzandim soppa-sog’ tug’ildi. Bundan juda xursand bo’ldim. Lekin quvonchim uzoqqa cho’zilmadi. Ikkinchi farzandimga yukli bo’lishdan oldin doktor nazoratidan o’tishga borsam, qonimda yana shu infeksiya topildi. Bu orada erimning egri yo’lda yurayotganligi uydagilarga ham oshkor bo’lgandi. Yana ko’rik, yana davolanishlar bilan keyingi ikkita farzandimni ham dunyoga keltirdim. Erim farzandli bo’lib, yoshi ulg’aygani sari aqli kirar, deb o’ylagandim. Ammo xato qilgan ekanman. «Asli qora oqarmas», deganlaridek, ahloqsizlik qon-qoniga singib ketgan inson hech qachon tuzalmas ekan. Erim bora-bora yomon ayollar bilab yurayotganligini mendan yashirmay ham qo’ydi. Biror narsa deydigan bo’lsam, «Chidasang — shu, yo’qsa, katta ko’cha!» derdi. Hatto yuradigan ayollaridan birini uyimizgacha olib keldi. Mening esa uchta bolali bo’lganimizdan keyingina aqlim kirdi. Lekin nima qilayki, endi kech. Ajrashay desam, «Farzandlarimni qanday katta qilaman?» degan vahima oyog’imdan chaladi. Yashay desam, bunday oilada tarbiya topgan bolalarim ham erta bir kun dadasidan o’rnak olmaydi, deb kim kafolat bera oladi?
Aziza
Toshkent viloyati.
Rivoyat qilishlaricha, bir xasis kishining husni-malohatda tengi yo’q go’zal xotini bor ekan. Ammo eri shunchalik xasis ekanki, bechora ayol uning uyida hatto qorni to’yib non ham yeya olmas ekan. Shu bois Xudoning bergan kuni bu uyda to’s-to’polon, janjal ovozi eshitilib turarkan. Bir kuni xotini chiroqqa pilik sotib olish uchun pul so’ragan ekan, xasisning g’azabi toshib, uni taloq qilibdi va uydan haydab yuboribdi.
Bu ayolning go’zalligi podshohga ham yetgan ekan. Ayol eridan ajrashgach, podshoh unga uylanmoqchi bo’lib, sovchi jo’natibdi. Ayol kelgan sovchilarga bir sharti bor ekanligini aytibdi.
— Shartingni ayt, olampanohga yetkazamiz, — deyishibdi sovchilar.
— Shartim juda arzimas, agar podshoh shunga ko’nsa, unga zavcha bo’laman.
— Aytaver.
— Shartim shuki, podshoh meni saroyga taxtiravonida olib borsin va taxtni ko’tarib borishni mening sobiq erimga topshirsin.
Sovchilar ayolning bu shartini podshohga darhol yetkazibdilar va shoh bunga rozi bo’libdi.
Nihoyat, ayolni saroyga olib ketish uchun podshoh uning uyiga taxtiravon yuboribdi va uni ko’tarib kelishni sobiq eriga buyuribdi. Ayolning eri taxtni ko’tarib ketayotganda u ataylab bir dinor pulni yerga tashlab yuboribdi va sobiq eriga:
— Bir miri pulni tushirib yubordim, shuni olib bering, — debdi.
— Bir miri emas, bir dinor ekan-ku.
— Yo’qolgan bir miri pulim o’rniga bir dinor oltin bergan Xudoyimga ming marta shukr! — debdi ayol ikki pulga arzimaydigan erini yo’qotib, malika bo’lib qolganiga ishora qilib.
Qissadan hissa shuki, siz ham ikki pulga arzimaydigan erni deb, sog’lig’ingizni, umringizni va bolalaringizning hayotini barbod qilmang. Har bir inson hayoti takrorlanmas yo’l. Bu yo’llarda kishi o’ziga faqat yaxshi, halol, iymonli va tarbiyali insonlarni hamroh qilsagina, behuda yashamagan bo’ladi.
Gulruh Yormatova
Hikoyalar
Asli qora — oqarmas!