
ASKOMITSETSIMONLAR haqida malumot bilib oling.
ASKOMITSETSIMONLAR, xal tachali zamburugʻlar (Ascomycetes) — maxsus xaltachalarda rivojlanib yetiladigan sporalar orqali koʻpa-yuvchi zamburugʻlar sinfi. 42000 dan ortiq turi bor. Baʼzi turlari jinssiz yoʻl bilan turli konidial sporalar hosil qiladi. Zamburugʻ mitseliysi bir yadro (gaplofaza) hujayrali va xaltacha hosil qiluvchi qoʻsh yadro (diplofaza) hujayrali giflardan iborat. Askomitsetsimonlarning eng sodda tuzilgan vakillarida xaltacha bevosita zigotadan yetiladi; bunda giflarning ikki hujayrasi va hujayra yadrolari oʻzaro qoʻshilib, zigota hosil qiladi, zigota esa oʻz navbatida xaltachaga aylanadi. Ayni vaqtda kopulyatsiya tufayli yuzaga kelgan zigota yadrosi reduksiya yoʻli bilan ketmaket boʻlina boradi. Shu tariqa ikki yoki uch boʻlinishdan soʻng toʻrtta yoki sakkizta gaploid yadrolar, ularning yonida esa shu yadrolar soniga teng keladigan askosporalar hosil boʻladi. Bunda zigotadan bitta xaltacha yetiladi. Biroq koʻpchilik Askomitsetsimonlarda (ayniqsa tanasidagi xaltachalari toʻda-toʻda boʻlib oʻrnashgan vakillarida) zigotadan bitta emas, bir nechta xaltacha hosil boʻladi. Askomitsetsimonlar asosan tana tuzilishiga va qisman xaltacha shakliga mos holda boʻlinadi. Ular yalangʻoch xaltachalilar, yaʼni tuban A. (Gymnoasci), mevaxaltachalilar (Carpoasci) va lokuloaskomitsetlar (Loculoasci) deb ataluvchi uchta kenja sinfga hamda bir necha oilalarga boʻlinadi. Keng tarqalgan, koʻpchilik saprofitlar tuproqda, turli organik qoldiqlarda uchraydi, oziq-ovqat mahsulotlarida koʻpayib, ularni buzadi. Lishayniklar tanasida yashaydigan barcha zamburugʻlar Askomitsetsimonlarga kiradi. Konidiya davrida koʻpchilik Askomitsetsimonlar oʻsimlik, hayvonlarda parazitlik qiladi, sellyulozani va har xil sanoat mahsulotlarini yemirib zarar keltiradi. Askomitsetsimonlar mikrobiologiya sanoatida fermentlar, antibiotiklar va b. mahsulotlar olish maqsadida foydalaniladi. Bir qancha turlari (qoʻziqorin, strochok, tryufel va b.)dan oziq-ovqat sifatida foydalaniladi.
Ensiklopediya.uz
ASKOMITSETSIMONLAR